
Qoch, Fayzullaev kelyapti!
O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumkor futbolchisi Abbosbek Fayzullaev yangi jamoasi – “Istanbul Bashakshehir”dagi debyutini UEFA tasnifidagi xalqaro musobaqa – Konferentsiyalar ligasida nishonlashi kutilmoqda.
Istanbul klubiga shu yoz qo‘shilgan yana bir legionerimiz Eldor Shomurodov ham Turkiya jamoasi uchun ilk uchrashuvini aynan qit’a miqyosidagi turnirda o‘tkazgan edi. Boshlang‘ich tarkib o‘yinchisi darajasiga ko‘tarilishi uchun uchta o‘yin kifoya qilgan tajribali hujumchimiz turk Superligasidagi faoliyatini ham boshlab yubordi.
Kuni kecha Abbosbek Fayzullaev transferi bo‘yicha yuzaga kelgan barcha muammolaral etildi. “Istanbul Bashakshehir” rahbariyatini transfer uchun to‘lovni to‘liq amalga oshirdi. TsSKA o‘yinchini transfer sertifikatini jo‘natdi. Endi Fayzullaev rasmiy uchrashuvlarda maydonga tushish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
“Bashakshehir” Bolgariyaning “Cherno More” va Norvegiyaning “Viking” klublarini ortda qoldirib, Konferentsiyalar ligasining pley-off bosqichi chiqdi. Endi guruh bahslariga qo‘shilish uchun istanbulliklar ikkita uchrashuvda Ruminiyaning “Universitetya Krayova” qarshiligini sindirishi kerak.
Birinchi uchrashuv 21 avgust kuni Istanbulda bo‘ladi. Sports.uz portali “Bashakshehir” bosh murabbiy Chag‘dash Atan bildirgan fikr-mulohazalarni o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola etadi.
O‘yin haqida
Biz mavsumdagi eng muhim o‘yinlardan birini o‘tkazamiz. Avvalroq ikkita juda yaxshi jamoa bilan kuch sinashib, ijobiy natija qayd etdik va yuqori bosqichlarga ko‘tarildik. Biz jamoamiz va mamlakatimiz sharafini Evropa maydonlarida munosib himoya qilish maqsadida bo‘lajak o‘yinga puxta tayyorgarlik ko‘ryapmiz.
Raqibimiz kuchli jamoa. Biz tribunalarni to‘ldirgan muxlislarimiz qo‘llab-quvvatlashi ostida o‘zimiz uchun ijobiy natijani qo‘lga kiritmoqchimiz. Raqibimiz Ruminiya ligasining etakchilaridan biri hisoblanadi.
Bu yil hozirgi natijaga erishish uchun juda murakkab yo‘lni bosim o‘tishimizga to‘g‘ri keldi. Biz, eng avvalo, futbolchilarimiz bilan birga puxta tahlil o‘tkazdik. O‘yinga to‘g‘ri taktika tanladik, deb o‘ylayman. Raqib jamoani ham, ularning bosh murabbiyini ham hurmat qilamiz. Bo‘lajak uchrashuvda yaxshi o‘yin namoyish qilishdan umidvormiz.
Superliga o‘yinlari muddati o‘zgargani haqida
Turkiya Superligasi tashkilotchilarining milliy chempionatdagi o‘yinlar sanasini o‘zgartirib berganini ijobiy baholaymiz. Xususan, o‘tgan gali raqibimiz “Viking” olti kun ichida uchta o‘yin o‘tkazishga majbur bo‘ldi. Ichki chempionatda taqvimning o‘zgarishi bizga manfaatli bo‘ldi va biz pley-offning hal qiluvchi uchrashuviga etib keldik.
Turkiyaning to‘rtta klubi pley-offning finalida o‘ynayapti. Bu mamlakat ligasi mavqei uchun katta natija. Xalqaro maydonda o‘ynayotgan “Fenerbahche”, “Samsun” va “Beshiktosh”ga muvaffaqiyat tilayman.
Fayzullaev haqida
Abbosbek Fayzullaev endi biz bilan birga. Transferning zaruriy jarayonlari to‘liq yakunlandi. Endi Abbos maydonda o‘z o‘rnini egallashi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, “Istanbul Bashakshehir” va “Universitetya Krayova” o‘rtasidagi uchrashuv 21 avgust kuni Toshkent vaqti bilan soat 22:45 da boshlanadi.
Fikrlar