
PSJ qoqildi, "Atletiko" "sindi" "Yuventus"ga nima bo‘ldi? "Kuchli beshlik"da kimlar chempionlikka yaqin turibdi?
Bundan 2 oy avval, SPORTS.uzda «Atletiko»ning chempionlikni deyarli cho‘ntagiga solib qo‘yganiga sha’ma qiluvchi maqola e’lon qilingan edi. Biroq aprel oyida barchasi o‘zgarib ketdi. «Matraschilar» o‘z imkoniyatlarini ketma-ket yo‘qqa chiqargani sababli, La Liga eng intrigaga boy birinchilikka aylanib ulgurdi. Xo‘sh, qolgan chempionatlarda ahvol qanday? Qaysi klublar ichki musobaqada tengsiz bo‘lishga yaqin turibdi?
APL. Zerikib ketgan muxlislar va «Manchester Siti»ning chempionligi!
Ko‘plab fanatlar Angliya birinchiligidan boshqa chempionatlarni kuzatmaydi. Ular uchun Frantsiya, Italiya va Germaniyadagi chempionatlar deyarli ahamiyatsiz. Qaysidir ma’noda, bu fikrga qo‘shilish mumkin. Ayniqsa, Italiya qariya futbolchilar uchun makonga aylangan bir paytda, APLning ishqibozlari ortib ketdi. La Ligada esa Ronaldu-Messi qarama-qarshiligi endi yo‘q. Shu bois, intriga ham avvalgi darajasida emas.
Angliyada 2018/19 yilgi mavsumni «Manchester Siti» ikkinchi pog‘onadagi «Manchester Yunayted»dan 18 ochko farq bilan yakunlagandi. «Shaharliklar» Pep Gvardiola qo‘l ostida 100 ochko jamg‘argani yodingizdan ko‘tarilmagan bo‘lsa, ajab emas. 2019/20 yilgi mavsumda esa, «Liverpul» «Manchester Siti»dan 18 ochko ko‘proq ishlab chempionlikni tantana qildi. Joriy mavsumda ham chempion nomi hal etib bo‘lindi. «Lids»ga kutilmaganda mag‘lub bo‘lgan «Siti» 11 ochko (zaxirada o‘yin mavjud) farqni yo‘qqa chiqarib qo‘ymasligi turgan gap. Afsuski, APLga arab shayxlarning pullari kirib kelgach, chempionlik poygasi avvalgi darajasini yo‘qotib qo‘ydi. Endi kuchli to‘rtlikka kirish uchun bo‘layotgan «jang» sababli muxlislar chempionatni kuzatib bormoqda.
«Bavariya» hamma bilan mushuk-sichqon o‘ynamoqda, biroq...
O‘tgan yili «Bavariya»ni to‘xtatib qoladigan kuch topilmagan edi. Flik qo‘l ostida yo‘lidan chiqqan barchani uloqtirib yuborgan «Bavariya»ning hozirgi ahvoli chakki emas. Shunday bo‘lsa-da, butun mavsum davomida klub o‘zi uchun muammolar yaratishdan to‘xtab qolgani yo‘q. E’tiborlisi shundaki, bu muammolarni o‘zlari bartaraf qilishda davom etishmoqda.
Hozirda Myunxen klubi «RB Leyptsig» bilan 5 ochkolik farqni ushlab turibdi. Nazariy jihatdan «buqalar»da Myunxen jamoasini quvib o‘tish imkoni bor, ammo bunga ularning o‘zi ham ishonmasligi aniq. «Bavariya» biroz qulayroq joylashib olish uchun ortga chekindi xolos. Boz ustiga, EChLdagi yurish o‘z yakuniga etgani ularni bor e’tiborini chempionlik poygasiga qaratishini ta’minlab beradi.
«Inter» bahorni kutdi va tezlikni oshirdi
O‘tgan yili murabbiylar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan so‘rovnomada, A Seriyaning 16 mutaxassisi Antonio Konteni «Skudetto»ni qo‘lga kiritishini bashorat qilgan edi. «Yuventus» va «Milan» esa, atigi 1 tadan ovoz yig‘gan. Qolganlar esa, betaraf bo‘lishni afzal ko‘rgan. Qaysidir ma’noda, «Inter» bunga haqli. Klub Konte qo‘l ostida o‘z o‘yin falsafasiga ega bo‘ldi. Barqarorlik paydo bo‘ldi. Eng muhimi esa, o‘yin sifati oshdi.
Katta ehtimol bilan, milanliklar yaratib berilgan imkoniyatni qo‘ldan boy bermaydi. Fevral oyining o‘rtalariga qadar «Milan» peshqadamlik qilganiga qaramay, aprel oyida «Inter» bor tezligini ishga soldi. Oqibatda, Ibragimovichning klubi 11 ochkoga hamshaharlaridan ortda qolib ketdi. Qolgan turlar davomida «ko‘k-qoralar»ni quvib o‘tish imkonsiz. «Yuventus» va «Milan»da muammolar etarlicha. «Napoli» va «Atalanta» esa, keragidan ortiqcha ochko yo‘qotib bo‘ldi.
Frantsiyada PSJni taxtdan qulatilmoqchi! «Lill» bunga juda yaqin!
Liga 1 da g‘oliblik uchun kurash avj pallasiga ko‘tarildi. «Lill» PSJni 3 ochko farq bilan ortda qoldirmoqda. Amaldagi chempionni «Lion» va «Monako» ko‘z uzmay kuzatmoqda. 4 jamoa qandaydir 5 ochko sababli, juda ham zich joylashgan. Frantsiya chempionatiga bo‘lgan e’tibor kamligi bois, muxlislar intrigadan bebahra qolib ketishmoqda. Barcha PSJ o‘ziniki qilib bo‘lgan Frantsiya chempionatidan voz kechgan bir paytda, Liga 1 yangi darajaga ko‘tarilganini ko‘rsatib qo‘ydi. Hozir hammani "PSJ chempionlikni qo‘ldan chiqarib yuboradimi?" qabilidagi savol qiynamoqda. Buning javobini tez orada bilib olishimiz mumkin.
«Atletiko», «Real» va «Barselona» uchun kurash endi boshlandi
Diego Simeone shogirdlari uchun «Levante»ga qarshi ikki o‘yinda jamg‘arilgan 1 ball muvaffaqiyatsizlikning debochasiga aylandi. Keyin Karim Benzema 88-daqiqada «Atletiko»ni Madrid derbisidagi 3 ochkodan mahrum qildi. So‘ngra «Xetafe» va «Betis» bilan ochko bo‘lib olishga to‘g‘ri keldi. «Sevilya»dan qabul qilib olingan mag‘lubiyat esa, klub imkoniyatlarini keskin kamaytirib tashladi.
Luis Suaresning jarohat olishi «matraschilar»ning barcha rejalarini barbod qilib yuborgani rost. Qaysidir ma’noda, «Real» va «Barselona»ning g‘alabali seriyasi ham vaziyatga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Hozir turnir jadvali ajoyib ko‘rinishda: «Atletiko» - 67, «Real» - 66, «Barselona» 65 ochko! hech kim so‘nggi turlarda omad qaysi klubga boqishini bilmaydi. Balki, «Atletiko» xatolaridan to‘g‘ri xulosa chiqarib marra yaqinida tezlikni oshirar?! Balki, «Barselona» g‘alabali seriyasini davom ettirgan xolda «Atletiko» bilan o‘yinda chempionlik poygasi masalasini hal etar?! Boz ustiga, bu o‘yin «Kamp Nou»da bo‘lib o‘tadi. Balki, «Real» kadrlar bilan muammolarga qaramay, muhim o‘yinlarda xarakter namoyish etar? ana shunda, «Atletiko»ning birgina qoqilishi «Qirollik klubi» uchun kifoya bo‘ladi. Zidan shogirdlari «Atletiko» va «Barselona»ga qarshi 4 o‘yinda 10 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi. Shuning o‘zi ularni chempionlik uchun haqli ekanligidan dalolat. Xo‘sh, sizningcha yakunda oltin medallar kimga nasib etadi? Fikringizni albatta izohlarda yozib qoldiring!
Fikrlar