O‘zbekiston Kubogida nimchorak finallar qanday o‘tdi?

  • 26 avgust, 2022, 15:24
  • Bekzod Isayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

21-25 avgust kunlari O‘zbekiston Kubogida nimchorak final o‘yinlari o‘tkazildi. Bellashuvlar ancha qiziqarli va kurashlarga boy tarzda kechdi. Uchrashuvlarda kutilmagan natijalar qayd etilmadi. Ammo etakchilarga yaxshigina qarshiliklar kuzatildi.

Tecno

“Lokomotiv” amalladi

Olmaliqda “Bunyodkor” - “Lokomotiv” bahsi o‘tkazildi. “Qaldirg‘ochlar” stadioni maysasining almashtirilayotgani bois o‘yin OKMK arenasida bo‘lib o‘tdi.

Yaqindagina Superligada to‘qnash kelgan jamoalar kubokda ham o‘zaro kuch sinashdi. Chempionatda kuchlar teng kelgan o‘yinda hisob-kitok kubok bahslariga olib qo‘yilgandi.

Nimchorak finalni boshlab bergan uchrashuvda o‘yin teng kurashlar ostida kechdi. Hisob 2:2 bilan yakunlangach, penaltilar seriyasida “temiryo‘lchilar” g‘alaba qozondi. Oxirgi to‘pni “qaldirg‘ochlar” sobiq a’zosi Jasur Jaloliddinov kiritgani e’tiborga molik. U Superliga bahsida penaltidan foydalana olmagandi.

“Andijon” bir taymda hal qildi

Bu jamoalar ham oxirgi paytlarda ko‘p to‘qnash kelmoqda. Ularning o‘zaro o‘yinlarida intriga oxirigacha saqlanib qoladi. Faqat bu gal “burgutlar” birinchi bo‘limning o‘zida 3 ta gol urib, uchrashuv masalasini hal etgandek bo‘ldi.

Ikkinchi bo‘limda yaypanliklar hujumchisi Humoyun Murtozaev dublga erishib, jamoasini o‘yinga qaytardi. Biroq “Turon”ga hisobni tenglashtirish nasib etmadi. Shu kuni yaypanliklarga yana bitta Murtozaev etishmadi.

“Paxtakor” ritmga tushib oldi

“Sherlar” oxirgi paytlarda hakamlar bilan bog‘liq muammolarga o‘ralashib qoldi. Jamoaning yangi murabbiyi Maksim Shatskix har turdan so‘ng referilarga e’tiroz bildirmoqda. Natijada jamoa har xil gap-so‘zlar atrofida qolib ketdi.

Ammo “Paxtakor” o‘ziga kelib olishi uchun Kubokda qulay jamoa bilan bellashdi. Bu uchrashuvda Shatskix shogirdlari kutilganidek ko‘plab gollar urishdi va ular bu orqali o‘yin ritmiga tushib oldi. Endi poytaxtliklar Namangandagi “yil o‘yini”ga hotirjamroq borishi mumkin.

photo_2022-08-25_17-21-16

“Nasaf”ning kutilgan ustunligi

“Surxon”ning ishlari ko‘ngildagidek emas. Jamoada legionerlar va xorijlik murabbiy ishlasa-da, natija o‘xshamayapti. Boz ustiga jamoa uy o‘yinlarini qaysi stadion bo‘sh bo‘lsa shunda o‘tkazadi. Bu ham termizliklarning o‘z maydonidagi kichik ustunligidan maxrum qildi.

“Nasaf” mehmonda “Surxon” bilan kuch sinashdi. Osonroq g‘alabani kutgan qarshiliklar qarshilikka uchragani ham bor gap. Ro‘ziqul Berdiev shogirdlari tezkor gol kiritishdi. Birinchi taym oxirlariga yaqin termizliklar muvozanatni tikladi. Tanaffusdan so‘ng “Nasaf” vakili yana darvozani ishg‘ol qilib, “Surxon”ning umidini puchga chiqarib, keyingi bosqichga yo‘l oldi.

photo_2022-08-25_17-21-15

“Navbahor” birgina samarali yurishi

“Olimpik” – “Navbahor” qarama-qarshiligi bu bosqichdagi markaziy o‘yin sifatida qaraldi. Chunki Timur Kapadze jamoasi etakchilarga yutkazmayapti. Faqatgina “Qizilqum” dan tashqari. Chempion bilan Superligadagi ikki bellashuvda ham durang qayd etdi. Shu bois bu o‘yinning ahamiyati baland edi.

Samvel Babayan shogirdlari dastlabki bo‘limda raqibga o‘yin bermadi. “Olimpik” futbolchilari to‘pni qabul qilyotaganda qayrilib olishda muammolarga duch keldi. “Lochinlar” esa bu orada gol urdi.

Tanaffusdan keyin umuman boshqa “Olimpik”ni ko‘rdik. Kapadze shogirdlariga yaxshigina ko‘rsatma bergani sezildi. Ustunlik mezbonlar tomonga o‘tdi. Xavfli vaziyatlar ko‘paydi. Xatto o‘yin oxirlariga yaqin Davron Hoshimov jamoasini muqarrar goldan saqlab qoldi. Aks holda “Olimpik” mag‘lubiyatdan qutilib qolgan bo‘lardi kamida qo‘shimcha taymlargacha.

photo_2022-08-25_17-21-15 (2)

Jizzaxda gollar shousi

“So‘g‘diyona” 3 ta frontda kurashmoqda. Superliga, O‘zbekiston Kubogi va OFK Kubogida. Jizzaxliklar xalqaro uchrashuvdan so‘ng kubokda engil o‘yin o‘tkazishi taxmin qilingandi. Biroq “Mash’al” mezbonlar syurpriz taqdim qildi.

Baqoev shogirdlari 2 ta gol urib, biroz engil tin olayotganda mehmonlar ikki bor mezbonlar darvozasiga to‘p yo‘lladi. Bu orada jizzaxliklardagi hotirjamlikdan asar qolmadi. Faqatgina qo‘shimcha taymlarda “So‘g‘diyona” futbolchilaridagi tajriba o‘z so‘zini aytib, 3 ta gol urdi va keyingi bosqichga yo‘l oldi. “Mash’al”ning ertagi 90 daqiqa davom etdi xolos.

photo_2022-08-25_17-21-15 (3)

“Qizilqum” o‘zini o‘nglab oldi

“Qizilqum” Kubokda yaxshi odimlamoqda. Bu gal navoiyliklar “Qo‘qon-1912” to‘sig‘idan o‘tdi. Hujumkor ruhda kechgan uchrashuvda mezbonlar zafar quchdi.

Temurxo‘ja Abduxoliqovning ham avvalgi goleadorlik salohiyati qayta paydo bo‘lmoqda. Bejizga hujumchi Superliga to‘purarlar poygasida birinchi o‘ringa ko‘tarilib olmadi.

Uchrashuvda dastlab qo‘qonliklar darvozani ishg‘ol qilgandi. Biroq navoiyliklar iroda namoyish etib, 2 ta gol urdi va chorak final chiptasiga ega bo‘ldi.

AGMKning derbidagi uzoq kutgan g‘alabasi

Superligada “Metallurg” va AGMK ikki bor o‘zaro kuch sinashdi. Ikkisida ham bekobodliklar 1:0 hisobida zafar quchdi. Ikkisida ham Sardor Rahmonov qizil kartochka oldi. Ikkisida ham olmaliqliklar alamli mag‘lubiyatga uchradi.

Kubokda ham to‘qnash kelgan Toshkent viloyatining ikki jamoasi o‘rtasidagi bu bahs Mirjalol Qosimov uchun revansh edi. Buni qarang-ki, “Metallurg” 75-daqiqada yana gol urib, hisobni ochdi. Ammo o‘yin oxirlariga yaqin Sanjar Tursunov jamoasini Kubokda yurishi davom etishini ta’minlab, muvozanatni takladi.

Qo‘shimcha taymlarda esa olmaliqliklar 2 bor gol urib, nihoyat “Metallurg”ni taslim etishdi.

O‘zbekiston kubogining nimchorak final o‘yinlari mana shu tarzda kechdi. Endi navbat chorak finallarga!

 

Bekzod ISAEV

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!