
O‘runov yangi ustoz qo‘l ostiga o‘tadi!
Rossiya premer-ligasidagi joyini saqlab qolishga intilayotgan “Ufa” yangi bosh murabbiyni kutmoqda.
Ma’lumki, o‘tgan mavsumda jamoa bilan yaxshi natijalarni qayd etib, o‘ziga xos o‘yin uslubini shakllantirgan Vadim Evseev bu galgi chempionatda jamoani g‘alabalarga ilhomlantira olmadi. Tajribali mutaxassis “Ufa”ning o‘yin sifati tushib ketganini yozgi transferlar vaqtida Oston O‘runov boshchiligidagi etakchi futbolchilar boshqa klublarga transfer qilingani va ularning o‘rni mahoratli ijrochilar bilan to‘ldirilmagani bilan izohladi.
“Ufa” rahbariyati o‘tgan yilning oktyabr oyida jamoa boshqaruvida o‘zgarishga qo‘l urdi Natija ko‘rsata olmagan Vadim Evseev o‘rniga boy tajriba egasi Rashid Rahimov taklif etildi.
Avvaliga hammasi jamoa uchun muvaffaqiyatli boshlandi. Ufaliklar yangi yilgacha “Tambov” va “Rostov” ustidan ishonchli g‘alabaga erishdi. Qishki transferlar vaqtida jamoa tarkibi kuchaytirildi va “Ufa”ga Angliyada o‘ynagan Morits Bauer, Norvegiyada o‘zini ko‘rsatgan Parfe Bizoza va “Spartak”dan Oston O‘runov olib kelindi. Muxlislarda jamoa quyi ligaga tushib ketish xavfidan qutilgandek ko‘ringan edi.
Jamoa kuchaytirilganiga qaramay, ketma-ket mag‘lubiyatlar Rashid Rahimovning hafsalasini pir qildi. Jamoani yuqori ligada olib qolishga ko‘zi etmagan mutaxassis kuni kecha yakunlangan 24-turda “Dinamo”dan qaqshatqich mag‘lubiyatga uchraganidan keyin kutilmaganda iste’fo berdi.
Bu orada jamoaga Vadim Evseev qaytarilishi haqida xabarlar tarqatildi.
So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, “Ufa” rahbariyati jamoani Milliy futbol ligasida “Veles”ni muvaffaqiyatli boshqarayotgan Aleksey Stukalovga topshirishga qaror qilgan. Buni bir necha manbalar tasdiqladi va ularning ma’lum qilishicha, tomonlar ikki yillik shartnoma shartlarini kelishib bo‘lgan. Yaqin orada shartnoma imzolanishi kutilmoqda.
Aslida ufaliklar bu mutaxassisni Vadim Evseev ketishi bilan olib kelmoqchi edi. Biroq, o‘shanda hamkorlik shartlari bo‘yicha bir to‘xtamga kelinmagandi. Endi vaziyat o‘zgardi. “Ufa”ni murakkab vaziyatdaligini inobatga olib, har qanday murabbiy ham jamoani qabul qilib olishga botina olmaydi.
Aleksey Stukalov Milliy futbol ligasi debyutanti “Veles”ni muvaffaqiyatli boshqarmoqda. Bu jamoa yuqori o‘rinlar uchun kurashyapti. Hozirda Moskva sharafini himoya qilayotgan yosh klub musobaqa jadvalida “Nefteximik” bilan ettinchi o‘rinni bo‘lishib turibdi. Stukalov shogirdlari 34 ta uchrashuvdan 15 tasida g‘alaba qozongan va o‘n marta durang qayd etgan. Ochkolar hisobi 55 tani tashkil qilmoqda.
Oston O‘runov to‘p surayotgan “Ufa” esa 24 ta o‘yindan uchtasida g‘olib chiqqan xolos va beshta durang qayd etib, 16 ta bahsni boy bergan. Ufaliklar 14 ochko bilan 15-pog‘onada bormoqda. O‘zidan yuqoridagi “Arsenal”dan uch ochko ortda qolyapti.
O‘zbekistonlik legioner “Ufa”da mavsum oxirigacha o‘ynaydi. Klubga bosh direktor bo‘lgan Shamil Gazizov O‘runov masalasini chempionatdan so‘ng hal qilishini bildirdi. Transfer huquqi “Spartak”ga tegishli futbolchini ufaliklar 3 million evroga xarid qilish imkoniga ega. Biroq buning uchun jamoa yuqori ligadagi joyini chaqlab qolishi kerak.
“Ufa” premer-liganing 25-turida o‘z maydonida “Axmat” jamoasi bilan kuch sinashadi.
Fikrlar