
"Olimpik"da katta tozalash! Jamoa ikkinchi davrani kimlar bilan yakunlaydi?
Hammaning diqqat-e’tibori Parij olimpiadasiga qaratilgan bir vaqtda, biz yana Superligaga oid ma’lumotlar bilan bo‘lishishda davom etamiz.
Ayni damda klublarimiz chempionatning ikkinchi davrasiga qizg‘in xozirlik ko‘rmoqda. Ayrim jamoalar tayyorgarlik jarayonini xorij mamlakatlarida olib borayotgan bo‘lsa, qolgan aksar klublar mashg‘ulotlarni o‘z qarorgoxlarida davom ettirishmoqda.
Temur Kapadze bosh murabbiyligidagi “Olimpik” jamoasi xam ilk davrani ancha yaxshi xolatda o‘tkazdi. Temur Tohirovich bilan bir qatorda jamoaning bir qator etakchilari futbolchilari aynan U23 terma jamoasi bilan birgalar. Shu sababli, olimpiya terma jamoasining asosi xisoblangan klub ayni paytda yordamchi murabbiy Server Jeparov boshchiligida mavsumning ikkinchi qismiga xozirlik doirasida o‘quv-mashg‘ulotlar yig‘inini olib bormoqda.
4 iyul kuni O‘zbekiston Kubogi nimchorak finalidan o‘rin olgan “Andijon”ga qarshi bahsdan so‘ng bir necha kunlik qisqa muddatli ta’tilga chiqqan jamoa 14 iyul sanasidan boshlab, yana mashg‘ulotlarga qaytdi. Ikkinchi davra bellashuvlari avgust oyidan davom etadi. Shu muddat ichida bir qancha o‘rtoqlik uchrashuvlarida qatnashishi ko‘zda tutilgan.
Davralar oralig‘idagi ilk sinov-nazorat o‘yini 18 iyul kuni Bekobodning “Metallurg” jamoasiga qarshi o‘tkazildi. Bunyodkor akademiyasi maydonida kechgan o‘yin 2:1 xisobida olimpiyachilarning g‘alabasi bilan yakunlandi. Farrux Muxtorov va Asadbek Samariddinovning kiritgan gollariga bekobodliklardan Daler Sharipov bir bor javob qaytara oldi xolos. “Olimpik” kecha "Surxon" jamoasi bilan navbatdagi nazorat bellashuvida qatnashdi va 2:4 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Undan keyin xam mashg‘ulotlar odatdagidek rejimda davom ettirilishi reja qilingan.
Deyarli barcha jamoalarda bo‘lgani kabi, “Olimpik”da xam transferlarga oid xabarlarni eshitmoqdamiz. Allaqachon, Ibroxim Ibragimov, Otabek Jo‘raqo‘ziev va Abdurauf Bo‘riev “Paxtakor” a’zolariga aylanib ulgurdi. Temur Mamasiddiqov ham “Lokomotiv” safiga ko‘chib o‘tdi. Darvozabon Xamidullo Abdunabiev va markaziy ximoyachi Asadbek Raximjonov xam katta extimol keyingi davrani “Bunyodkor” safida boshlashga yaqin. Abdunabiev “qaldirg‘ochlar”ga transfer bo‘lmoqda. Raximjonov esa bu mavsumning ilk davrasini olimpiyachilar safida ijara asosida o‘tkazdi.
U xuquqiy jixatdan OKMK klubiga tegishdi edi. Shunday qilib “Bunyodkor” Raximjonovni olmaliqliklardan sotib olmoqda. Yana bir iqtidorli himoyachi Aleksandr Zevadinov xam sobiq klubi "Bunyodkor"ga qaytish arafasida. U mavsumning ilk qismida jaroxatlar tufayli juda ko‘p bellashuvlarni o‘tkazib yuborishga majbur bo‘ldi. Yana bir etakchi o‘yinchilar xisoblangan Saidazamat Mirsaidov va Alisher Odilov xam jamoadan ketishga arafasida. Ular mavsumning keyingi qismini vodiyning “Navbaxor”ida boshlashga xar qachongidan xam yaqinroqlar. Shuningdek xuquqiy jixatdan aynan "Navbaxor"ga tegishli bo‘lgan Davron Olimjonov va Asadbek Jo‘raboev ham namanganliklar safiga qaytishdi.
Mavsum boshida himoyadagi raqobat va rotattsiya uchun "Odil Axmedov" futbol akademiyasidan taklif etilgan Bexruz Jumatov xam olingan ma’lumotlarga ko‘ra jamoa mashg‘ulotlarida ishtirok etmayabdi. Kutilishicha, u faoliyatini xorijda legioner sifatida davom ettirishi ham mumkin. Xozirda futbolchiga taklif bilan chiqqan klublar bilan muzokaralar olib borilmoqda. Xuddi Jumatov singari mavsum boshida jamoaga taklif etilgan Akbar Abrurasulov ham xozirda jamoa bilan birga emas. Uning keyingi taqdiri yaqin kunlarda e’lon qilinadi.
Xullas, Olimpiada chiqish vazifasi uddalaganidan keyin aksar etakchi futbolchilar keyingi faoliyatini kuchliroq jamoada davom ettirish niyatida birin-ketin klubni tark etishmoqda. Endi shu joyda xaqli bir savol tug‘iladi. Jamoadan shuncha o‘yinchi ketdi. "Olimpik" ikkinchi davrani kimlar bilan davom ettiradi.
Bizga etib kelgan ma’lumotlarga ko‘ra, bir qancha yosh va umidli futbolchilar bilan muzokaralar olib borilmoqda. Ayni damda davom etayotgan yig‘inda ham bir qancha futbolchilar ko‘rikdan o‘tmoqda. Yakuniy qaror esa, Olimpiadadan keyin qabul qilinishi kutilmoqda. Temur Kapadze tarkibni shakllantirishni xozir pala-partish xolatda emas, balki yaxshilab o‘ylab ko‘rib keyin yakdil bir qaror qabul qilgan xolda, amalga oshirishni reja qilmoqda
Biz bu jamoaga tashkil etilganidan buyon yuqori natijalarga erishishiga va azaliy orzu - Olimpiada yo‘llanmasi qo‘lga kiritilishiga umil qilganmiz. Eng katta maqsad, amalga oshdi. Endi esa bu jamoa deyarli yoshlar bilan qolgan paytda natijalari orqaga ketmasligiga va Superligada qolib, xali ancha vaqt ko‘pgina etakchi klublarga yaxshigina boshog‘riq bo‘la olishiga ishonamiz. Zero, bu klub ko‘pgina neytral muxlislarda ham iliq taassurot qoldira oldi va mexrini qozondi. Bundan keyin ham shunday bo‘lishda davom etadi degan yaxshi gumondamiz.
Humoyunmirzo Ergashev.
Fikrlar