
"Navbahor" yig‘inida yangi futbolchi ishtirok etmoqda
"Navbahor" klubi kechadan yangi mavsumga tayyorgarlikni boshladi. Mashg‘ulot tushdan so‘ng, “Markaziy” o‘yingoh zaxira maydonida “lochinlar”ning yangi bosh murabbiyi Samvel Babayan boshchiligidagi murabbiylar shtabi qo‘l ostida bo‘lib o‘tdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Mashg‘ulotlarda asosan mahalliy, shuningdek, o‘tgan mavsumning 2-davrasini “Andijon”da ijarada o‘tkazgan Sherzod G‘ulomjonov, “Navbahor”ning U-21 yoshlar, farm, U-18 jamoalaridagi bir qator mahoratli futbolchilar ishtirok etishdi.
O‘zbekiston fuqaroligini qabul qilgan himoyachi Igor Golban va jamoa legionerlari o‘z yurtlariga jo‘nab ketishgani bois, mashg‘ulotda ishtirok etishmadi. Mazkur hamda tarkibga yangi jalb etilganlar yanvardan qo‘shilishlari kutilmoqda.
SPORTS.uz saytiga ma’lum bo‘lishicha, namanganliklar yig‘inida "Metallurg"ni tark etgan Stanislav Andreev ko‘rinish berdi. Tajribali hisoblangan Andreev "Paxtakor"da va O‘zbekiston milliy terma jamoasida Samvel Babayan bilan birga ishlagan. Shu boisdan ham murabbiy uni "Navbahor"ga jalb qilgan.
Futbolchilar mashg‘ulotlarda asosan engil mashqlarni bajarishdi. “Lochinlar”ning joriy yildagi so‘nggi yig‘ini 29 dekabrda yakunlanadi.
Fikrlar