"Navbahor" vitse-prezidenti bosh murabbiy, klubning yangi yo‘nalishi, maqsadi va Aziz Turg‘unboev haqida nimalar dedi?

  • 18 yanvar, 2021, 20:30
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Navbahor” klubi doimgidek yangi mavsumga puxta va jiddiy tayyorgarlik ko‘ryapti. Viloyat hokimi shaxsan jamoaga katta e’tibor qaratib, etarli sharoitlarni yaratib beryapti. Bu esa o‘z navbatida mahalliy muxlislardagi ishonchni yanada oshiryapti.

Tecno

Qolaversa, rahbariyatning jiddiy e’tibori tufayli murabbiylar hamda futbolchilar ham ayni paytda ko‘tarinki kayfiyatda tayyorgarlikni olib bormoqdalar.

Bilasiz, bosh murabbiy masalasi borasida ham vaziyat qanday ko‘rinish olishi juda qiziq tuyuldi. Yakunda esa amaldagi bosh murabbiy No‘’mon Hasanovga ishonch bildirildi. Kuzatayotgan bo‘lsangiz, tarkibda ham yaxshigina o‘zgarishlar yuz beryapti va tajribali o‘yinchilar taklif qilinyapti.

Shu bois klubdagi o‘zgarishlar, hozirgi holat va yangi maqsadlar xususida “Navbahor” klubi vitse-prezidenti Otabek Samatov sports.uz uchun o‘zining munosabatini bildirdi. 

-  Avvalo shuni aytmoqchimanki, sports.uz sayti ijodkorlari - sizlarni saytingizga va ijodingizga muvaffaqiyatlar tilayman, - deya gap boshladi, Otabek Arifovich. - Endi bevosita jamoamiz haqida to‘xtalsam, 2020 yilgi Superliga bahslari yakunlanganidan keyin yangi 2021 yilda qaysi murabbiy jamoamizni boshqarishi to‘g‘risida chuqur mulohaza va maslahatlar qilindi. Viloyatimiz hokimi - Shavkat Shakirjanovich Abdurazzoqov shaxsan o‘zlari murabbiy masalasiga jiddiy etibor qaratdilar, chunki o‘zingiz bilasiz, murabbiy barcha jamoalarda bo‘lgani kabi natija uchun va qo‘yilgan maqsad uchun mos bo‘lishi kerak. Murabbiy masalasida nomzodlar ko‘rib chiqildi. O‘tgan mavsumning so‘ngi o‘yinlarida No‘’mon Hasanov jamoamizga bosh murabbiylik qildi. Jamoaning o‘yin uslubi o‘zgardi, Kubok bahsida “Nasaf” jamoasiga qarshi o‘yin juda ham qiziqarli bo‘ldi, albatta omad etishmadi. Ammo yigitlar No‘’mon Hasanovning uslubiga moslashishdi. Shu jihatlarni  inobatga olib, Hasanovni bosh murabbiy lavozimida qolishi va o‘z uslubida davom ettirish kerak, degan qaror qabul qilindi. Albatta, bu qarorni Shavkat Shakirjanovich o‘zlari qabul qildilar va No‘’mon Hasanovni rasman bosh murabbiy etib tayinladilar hamda Viktor Jalilov maslahatchi qilib olib kelindi. No‘’mon Hasanovnig oldiga qo‘yilgan vazifa - yuqori o‘rin uchun kurashish va mahalliy yoshlarimizdan asosiy tarkibga jalb qilish.

Tarkibimmizdagi o‘zgarishlarga kelsak, albatta yangi mavsumda jamoani tark etgan futbolchilar bor, ularga kelgusi faoliyatlarida omad tilaymiz. Yangi mavsumda Shavkat Shakirjanovich ta’kidlab o‘tganlaridek, mahalliy yoshlarga katta e’tibor qaratilgan. Hozirda asosiy jamoamizda 7-8 nafargacha iqtidorli yoshlarimmiz yig‘inlarda ishtirok etishmoqda. Maqsadimmiz 2-3 yilda asosiy tarkibimizda ko‘plab mahalliy yigitlar to‘p surishini ta’minlash. Bu borada murabbiylarimizga aniq vazifa qo‘yilgan.  Yangi kelgan futbolchilarni viloyatimiz hokimi va murabbiylarimiz bilan birgalikda maslahat qilingan holda taklif qilingan.

Muxlislarga kelsak, albatta o‘zimiz ham Namangandanmiz, yoshligimizdan shu jamoamiz o‘yinlariga otam olib chiqar edilar. Doim muxlislar jamoamizni stadionni to‘ldirib qo‘llab-quvatlashardi va hozir ham shunday. Biz uchun muxlislar nafaqat O‘zbekistonda, balki dunyoda tengsiz  deb o‘ylayman. Albatta, bunday muxlisi bor jamoaga yuqori o‘rin uchun kurashish yarashadi. Yaxshi o‘rinlarni olib muxlislarni xursand qilishni Alloh nasib qilsin.

Azizbek Turg‘unboev masalasiga to‘xtalsam, u ajoyib inson va mahoratli futbolchi. Albatta, o‘z jamoasida bu kabi futbolchini ko‘rish muxlislar uchun ham, murabbiy uchun xam katta yutuq. Azizga chetdan ham, o‘zimizning klublardan ham aniq takliflar bor. Hozir bu masala rahbarlar, murabbiylar va Azizbekni o‘zi bilan o‘rganib chiqilmoqda, - deya so‘zini yakunladi Samatov.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!