"Muxlislarga bergan va’damizni ustidan chiqdik, selektsiyani 90 foizga bajardik" yoxud Ulug‘bek Baqoev "Buxoro"ni qanday jamoaga aylantirayotganini bilasizmi?

  • 16 yanvar, 00:28
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
BEPUL PROPAN

O‘tgan yili pro ligada qatnashishiga to‘g‘ri kelgan “Buxoro” bir yildan keyin yana Superligaga qayta oldi. Bunda bosh murabbiy Ulug‘bek Baqoevning alohida hissasi bor. To‘g‘ri, ikki yil avval jamoa uning boshqaruvida ligani tark etgandi. Biroq bunga turli sabablar bor edi. Rahbariyat esa Ulug‘bek Istamovichga yana ishonch bildirishda davom etdilar va murabbiy so‘zining ustidan chiqib, “Buxoro”ni bir yilda Superligaga qaytardi.

Ayni paytda Baqoev jamoasi bilan Tojikistonda yangi mavsum uchun tayyorgarligini olib bormoqda. Sports.uz jurnalisti bosh murabbiy bilan keng qamrovli masalalarda suhbatlashdi.

- Ulug‘bek Istamovich, 2023 yilda “Buxoro” omadsizlik tufayli pro ligaga ravona bo‘lgandi. O‘tgan yili quyi ligada ishtirok etib jamoani yana Superligaga qaytardingiz. Hammasi qanday o‘tdi?

- Agar 2023 yilni esga oladigan bo‘lsak, adashmasam o‘shanda aprel oyida “Buxoro” jamoasini qabul qilib olgandik. Klubning holati, ya’ni, ichki muhit yaxshi emasdi. Ketma-ket mag‘lubiyatlarga uchradik. Ustiga-ustak o‘shanda selektsiyani amalga oshirishning iloji yo‘q edi. Shu sabab asosiy urg‘uni yoshlarga berganmiz. Futbolchilarning yoshi ham 18-19-20 dan sal o‘tgandi, xolos. Faqat Norxonov ularga nisbatan kattaroq edi. Shunday bo‘lsa ham ishlarimiz yaxshi bo‘lib ketishidan umid qilganmiz. Lekin qilgan umidlarimiz amalga oshmadi, puchga chiqdi. Nazarimda, o‘shanda biz bir-birimizni yaxshi tushunmagan ko‘rinamiz. Xullas, oxir-oqibat shu bo‘ldiki, biz 2023 yili ligadan tushib ketdik. Bu mening murabbiylik faoliyatimda ilk bor shunday holat sodir bo‘lishi edi. Garchi Superligadan tushib ketgan bo‘lsak ham rahbariyat va viloyat mutasaddilari bilan suhbatlashdik. Odatda, bunday mahalda murabbiy ishdan olinardi. Biroq yuqoridagilar bizga ishonishdi va klubni Superligaga qaytara olishimiz mumkinligini vazifa qilib qo‘ydilar. Keyin esa hamma o‘z iziga tushib ketdi. Eng avvalo, selektsiyani o‘zimiz bilgan holda amalga oshirdik va tarkibga kerakli bo‘lgan ijrochilarni jalb etishga muvaffaq bo‘ldik. Shuning evaziga bo‘lsa kerak oldinga qo‘yilgan vazifani bajarish ancha engil ko‘chdi. Yodingizda bo‘lsa, o‘sha mavsumda biz “Buxoro” stadioni ta’mirlashda bo‘lgani bois hamma o‘yinlarni boshqa maydonda o‘tkazishga majbur bo‘ldik. Shunday bo‘lsa-da, klub rahbariyati, viloyat mutasaddilari hamda “Buxoro” ishqibozlariga bergan va’damizning ustidan chiqdik.

Bilasizmi, klub uy o‘yinlarini ham chetda o‘tkazishga majbur bo‘lar ekan, muayyan darajada qiyinchiliklarga ro‘baro keladi. Bizga asosan shunday muhit biroz bo‘lsa ham qiyinchilik tug‘dirdi. O‘shanda biz murabbiylar asosan o‘yinchilarning saviyasi, darajasiga suyangan holda to‘p surdik va qiyinchiliklarni ortda qoldirishga erisha oldik. O‘zingizga ma’lum, pro ligada chempionat to‘rt bosqichdan iborat o‘tkaziladi. Biz shu bosqichlarda juda yaxshi harakat qildik va oldimizga qo‘yilgan vazifani bajarishga muvaffaq bo‘ldik. Ta’kidlashim joizki, ayniqsa birinchi davra o‘yinlari juda ham og‘ir kechgan. Biz kutilmagan holda ketma-ket duranglar o‘ynashga tushdik. Faqat ikkinchi davra bahslariga kelibgina natijalarimiz yaxshi ko‘rinish oldi va oxir-oqibat musobaqa jadvalida ikkinchi o‘rinni band etgan holda Superliga yo‘llanmasiga ega chiqdik. Yashirib nima qildim, uchinchi davra uchrashuvlarini o‘ta ko‘tarinki ruhda o‘tkazib, birin-ketin olti uchrashuvda g‘alaba qozondik va shuning hisobiga yaqin ta’qibchilardan ochkolar farqi bilan sezilarli darajada uzoqlashib oldik. Aksiga olib to‘rtinchi davraga kelib, natijalarimiz ko‘ngildagidek ko‘rinish olmadi va o‘rtadagi ancha salmoqli bo‘lgan farq minimal darajaga tushib qoldi. Eng asosiysi, yigitlar kerakli bo‘lgan paytda hal qiluvchi o‘yinni – “Mash’al”ga qarshi bahsni yutishga erishdilar. O‘sha uchrashuvda qozonilgan g‘alaba bizga Superliga yo‘llanmasini taqdim etdi.

Boya aytganimdek, murabbiylik faoliyatimni boshlaganimdan beri menda bunday tajriba bo‘lmagandi. Pro ligada ham o‘yinlarni o‘tkazish orqali mana shunday tajribaga ham ega bo‘ldim. Mazkur ligada ham o‘yinlar ritmi ancha yuqori bo‘ldi. Chempionat bahslari ba’zida kishini holdan toydirib qo‘ysa ham men bundan oxir-oqibat qoniqish hosil qildim. Yigitlarning hammasidan minnatdorman. Ularning ism-shariflarini birma-bir aytib chiqishni xohlamagan bo‘lardim. Yakuniy natija yaxshi bo‘lishi uchun hamma o‘zidagi borini berib maydonga tushdi. Pro liganing o‘ziga xos qiyinchiliklari sifatida to‘rt davrada o‘tgan o‘yinlarni aytishim mumkin. Bir jamoa bilan to‘rt marta uchrashishinga to‘g‘ri keladi. Bu esa oson emas. Taqvimning zichligi ham ko‘pincha bizni shoshirib qo‘yardi. Tuzuk-quruq dam olmasdan orada qisqa tanaffusdan so‘ng o‘yinlarni o‘tkazish uchun yana maydonga tushardik. Shaxsan o‘zim uchun xulosa chiqarib aytadigan bo‘lsam, bu mavsumdan ham qoniqish hosil qildim. Kerakli bo‘lgan tajribani oshirdim. Muhimi, natija qoniqarli. 

- “Buxoro” jamoasi ayni paytda Tojikistonda yig‘in o‘tkazyapti. Umuman, klubning yangi mavsumga tayyorgarlik rejalari qanday?

- Rejalar qanday, deysizmi? Biz 10 yanvar kuni Xo‘jand shahriga etib keldik. Joriy 2025 yilgi mavsum uchun tuzgan rejamizning bir qismini bajarishga kirishdik. Ta’kidlashim kerakki, selektsiya ishlarini 90 foizga deyarli bajarib bo‘ldik. Tarkibdagi aksar o‘yinchilarning qolgani ham selektsiya masalasidagi ishimizni ancha engillashtirdi, deyishim kerak. Biz faqat kerakli nuqtalar uchun zarur bo‘lgan futbolchilarni jalb etdik. Hozirgi reja 10 yanvardan 25 yanvarga qadar shu erda, Xo‘jandda qolib yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rishdan iborat. Asosiy maqsad bu bosqichda futbolchilarni funktsional, jismonan va ruhan yangi mavsumga tayyorlab olishdan iborat. Yig‘in o‘tkazish uchun Xo‘jandni tanlaganimizning o‘ziga yarasha sababi bor. Chunki bu erda kerakli bo‘lgan hamma shart-sharoitlar mavjud va shuning hisobiga ishlarni samarali bajarish mumkin bo‘ladi. Ehtimol, servis ishlari xuddi chet elniki kabi ideal bo‘lmasligi ham mumkin. Lekin bu erdagi barcha shart-sharoitlar, emoq-ichmoq, mashg‘ulot o‘tkaziladigan maydonlar, o‘ziga yarasha qulay iqlim – hamma-hammasi bizni to‘la qanoatlantirmoqda. Eng asosiysi, o‘yinchilar o‘zlarini bu erda qulay his qilishmoqda. Yig‘inni Toshkentda ham o‘tkazsak bo‘lardi. Ammo, bilasizmi, Toshkentda keldi-ketdi ko‘p. Shuning hisobiga mavsumga xotirjam tayyorgarlik ko‘rish unchalik zo‘r bo‘lmaydi. Ustiga-ustak Toshkentda keldi-ketdi juda ko‘p bo‘lgani bois, lokatsiya, mashg‘ulot maydonini topish, u erga etib borish kishidan ancha vaqt, kerak bo‘lsa kuch talab qiladigan jarayondir. Xo‘jandda esa bunday muammolar deyarli yo‘q. Bizni hamma sharoitlar to‘la qanoatlantiryapti, deya bemalol ayta olaman.

- Tojikistondan keyingi yig‘in qaerda olib boriladi?

- Bundan keyingi marshrutimiz qanday bo‘ladi? 29 yanvar kuni Turkiyaga yo‘l olishni mo‘ljallab turibmiz. Turkiyada fevral oyining oxiriga qadar bo‘lsak kerak. Bilasizmi, Turkiyada 8 ta nazorat o‘yini o‘tkazishni rejalashtirib qo‘yganmiz. O‘sha o‘yinlarni o‘tkazib borar ekanmiz, mavsumga to‘la-to‘kis tayyor holda ortga qaytamiz.

- Tarkibda yana qanday o‘zgarishlar ko‘rishimiz mumkin?

- Yuqorida aytganimdek, tarkib deyarli shakllanib ulgurdi. Chunki biz jamoa o‘zagini tashkil etadigan futbolchilarni olib qolishga erishdik. Ko‘pchiligi shartnomalarni uzaytirdi ham. Endi faqat nuqtali selektsiyani amalga oshirsak kerak. Tarkibimizga nazar tashlar ekansiz, unda tajribali, yosh va endi katta futbol sir-asrorlarini tushuna boshlagan umidli o‘yinchilar borligini ko‘rasiz. Muhimi, futbolchilarimizni aksari mahalliy va bugungi darajasi chempionat saviyasiga javob bera oladi. Shunisi kishini quvontirmasdan qo‘ymaydi. Tarkibda olimpiya terma jamoasida ham to‘p suradigan futbolchilar borligi yaxshi. Biz o‘tgan mavsumda ikkita o‘yinchini “Buxoro”ga chaqirgandik. Ular hozir ham safimizda.”Mash’al”dan chap qanot himoyachisini jalb etdik. Hozirda legioner futbolchini olib kelish muzokarasini olib bordik va hal qildik. Bizda tarkibning asosini 19-21 yoshdagi futbolchilardan iborat yigitlar tashkil etishmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, “Buxoro”ning bugungi tarkibi har tomonlama shakllanib ulgurgan. Chempionatni bemalol o‘tkaza olamiz, deb o‘ylayman.

- 42 yoshdagi Jasur Hasanov bu yil ham faoliyatini davom ettiradimi?

- Jasur Hasanovga kelsak, bizda har bir futbolchining o‘tgan mavsumdagi ishtiroki yuzasidan statistik ko‘rsatkichlari bor. Buni yig‘ib boramiz. Jasurning statistik ko‘rsatkichlari chakki emas. Shundan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, yangi boshlanadigan mavsumda ham u “Buxoro” safida qoladi. O‘zingizga ma’lum, Jasur faxriy yoshdagi futbolchidir. Eng muhimi, unda katta tajriba bor. Hasanov o‘z vaqtida O‘zbekiston milliy terma jamoasi safidagi o‘yinlari orqali ham etarli darajada tajriba oshirgan. Uni “Buxoro”da o‘ynovchi murabbiy sifatida olib qolmoqchimiz. Jasurning ko‘magi maydonda ham, uning tashqarisida ham bizga juda qo‘l kelishiga shak-shubham yo‘q.

- “Buxoro”ni Filiposyan va yana bir nechta futbolchilar tark etdi. Shular haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz.

- Yuqorida bizda har bir o‘yinchining statistik ko‘rsatkichlari yig‘ib boriladi, deb bejiz to‘xtalib o‘tmadim. Biz mana shu statistik natijalardan kelib chiqqan holda u yoki bu – muayyan futbolchilar borasida bir to‘xtamga kelamiz. Futbolchilarning statistik ko‘rsatkichlaridan qoniqish hosil qilsakgina ular klubda qolib faoliyatlarini davom ettirishlari mumkin bo‘ladi. Bizning talablarimizga futbolchining o‘yinchilik salohiyati mos kelmaydigan bo‘lsa, u holda o‘sha o‘yinchi bilan xayrlashishimizdan boshqa choramiz qolmaydi. Fursatdan foydalangan holda klubdan ketgan futbolchilarga ham o‘z minnatdorchiligimni bildirib qolaman. Ularning statistik ko‘rsatkichlari biz kutgan darajada bo‘lmasa ham “Buxoro” uchun qo‘lidan kelgan yordamni berishdi. Ularga keyingi faoliyatida faqat omad tilab qolaman. Bu masalada futbolchining murabbiyga yoqish-yoqmasligi umuman ahamiyat kasb etmaydi. Asosiysi, o‘yinchi o‘zidagi borini klubga berishi va o‘z navbatida muxlislar ishonchini qozonishga qilgan intilishi muhim rol o‘ynamasdan qolmaydi. Men ketgan futbolchilarning haqiqiy professional ekanligini aytishim mumkin.

- Superliganing bugungi darajasi haqida nima deya olasiz?

- Agar chempionatimizni taqqoslaydigan bo‘lsak, keling uni qozoq birinchiligi bilan solishtirib ko‘raylik. Ilgari Qozog‘istonda 10 yil faoliyat olib borganman. Shundan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, yaqin o‘tmishda bir qancha masalalar borasida Qozog‘iston chempionati biznikidan biroz ustunroq bo‘lgan. Endi esa shuni ishonch bilan ayta olamanki, bugungi kunga kelib o‘zbek chempionati infratuzilma, qo‘yingki, barcha jabhalarda qo‘shni chempionatdan raqobatlasha oladi. Ma’lumki, bugungi kun futbolida talablar o‘ta yuqori darajada qo‘yilgan. Shuning evaziga bizda ham endi zamon talablariga hamoxang ravishda shart-sharoitlar yuzaga kelgan. Buni futbolga aloqador bo‘lgan barcha jabhalarda bemalol ko‘rish va misollar keltirish mumkin. Bu gapim bilan birovni xafa qilish niyatim yo‘q. Hozirgi o‘zbek chempionati qo‘shni chempionatlarnikidan ancha o‘zib ketgan desam mubolag‘a qilmagan bo‘laman. O‘z o‘rnida o‘zbek Superligasi doirasidagi o‘yinlar translyatsiyasi hissasi ham ancha o‘sib boryapti. To‘g‘ri, bunday o‘sish bir necha foizga oshdi, deyish qiyindir. Lekin avvalgi yillarga taqqoslaganda teleauditoriyada ham ancha salmoqli o‘sish ko‘zga tashlanyapti.

Yana shuni alohida aytgan bo‘lardimki, endilikda jamoalarning saviyasi o‘rtasidagi farq ham unchalik katta emas. Hozir safardami, uydami har qanday raqib senga qiyinchiliklar tug‘dira oladigan darajaga etgan. Bu esa o‘z o‘rnida chempionatimiz mavqei ancha o‘sganligidan dalolat beradigan jihat. Shaxsan o‘z misolimdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, bo‘sh qolgan paytimda televizorda qaysi jamoalarning o‘yinlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib beriladigan bo‘lsa, uchrashuvlarni qoldirmasdan ko‘rishga harakat qilaman. Quvonarlisi, bizda yosh, umidli futbolchilar kun sayin etishib chiqmoqda. Oxirgi bir-ikki yilni olsak, e’tiborga molik transferlar yuz berganini misol tariqasida aytish mumkin. Endi bizning o‘yinchilarga xorijdan xaridorlar ko‘payib ketgan. TsSKA, “Lans”, “Roma, “Rubin kabi klublar futbolchilarimizni o‘z tarkiblariga jalb etishgan. Xorijiy klublarning yosh futbolchilarimiz bilan jiddiy tarzda qiziqib qolishlari – bu katta muvaffaqiyat. Bunday yutuqlar o‘z o‘rnida O‘zbekiston milliy terma jamoasiga ham birdek taalluqlidir. Butun xalqimiz azaliy orzu – jahon chempionatida terma jamoamiz ishtirokini ko‘rishni istaydi. Nazarimda, bu orzu ham mana shunday umidli futbolchilarimizning ter to‘kishlari evaziga amalga oshishi turgan gap. Umuman olganda, o‘zbek futboli so‘nggi yillarda jadallik bilan rivojlanyapti. O‘zingiz ko‘rdingiz, olimpiya tema jamoamiz tarixda ilk bor Olimpiadada ishtirok etdi. Endi esa milliy terma jamoamiz jahon chempionatiga chiqishdek orzuning ro‘yobini qo‘lga kiritishga yaqinlashib bormoqda. Infratuzilma, moliyaviy va o‘yin jihatidan ham biz qo‘shnilarimizdan oldindamiz. Rahbariyat, ishqibozlar, futbolchilarning o‘zlari ham jahon chempionatiga chiqish vazifasini bajarish qanchalik muhim ekanligini his qilib turishibdi. Shu vazifa bajarilsa, keyingi avlodga ham biz juda yaxshi merosni qoldira olamiz. Oldingi paytdan ko‘ra ham bugungi futbol ancha ilgarilab ketgan. Men buni hech ikkilanmasdan ayta olaman. Men futbolimiz rahbariyati, murabbiylari va futbolchilarga mundialga chiqish yo‘lida omad tilab qolaman va ishonamanki, ular bu vazifani albatta uddalaydilar.

- “Buxoro” klubining yangi mavsumdagi asosiy maqsadi nimadan iborat?

- Hech kim ertaga nima bo‘lishini bilmaydi. Maqsad shuki, biz har bir uchrashuvga munosib tayyorgarlik ko‘rib, g‘alaba qozonishga harakat qidamiz. Biz barcha raqiblarni hurmat qilamiz. Jamoamiz uchun har bir bellashuv juda muhim ahamiyat kasb etadi. Chempionatimizda o‘tkinchi o‘yinlar yo‘q. Etakchi yoki autsayderga qarshi uchrashuvlar bo‘lmasin, har birida biz bor kuchimiz bilan kurashamiz va munosib tayyorlanamiz. Qolganini mavsum oxirida ko‘ramiz.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Baxil Alihuja
16/01/2025 08:04
жуда тугри! хужандда йигин утказиш анча кулай-арзон, осон ва марокли.
бошка клублар хам урнак олса арзийди