
Messi bir o‘yinda ikkita “dahshatli” rekord o‘rnatdi
MLSning navbatdagi turida Lionel Messi etakchiligidagi “Inter Mayami” futbolchilari “Nyu-Inglend Revolyushn” jamoasi mehmoni bo‘ldi.
Autsayderga qarshi uchrashuv mayamiliklarning 4:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. 36 yoshli argentinalik yulduz barcha gollarda ishtirok etdi. Leo dubl qayd etishdan tashqari, hamyurti Benjamin Kremaski va qadrdon do‘sti Luis Suaresga golli pas uzatdi.
Bu gollar va assistlar Messining nomini yangi rekord sifatida tarixga muhrladi. Sakkiz karra “Oltin to‘p” sohibi o‘zi o‘ynagan mavsumdagi dastlabki ettita uchrashuvda jami 16 ta samarali harakatni amalga oshirdi. Ya’ni, u to‘qqizta gol urib, etti marta assistentlik qildi. Hali liga tarixida hech bir futbolchi o‘zining mavsumdagi dastlabki ettita o‘yinida gol+pas tizimi bo‘yicha 16 ochko jamg‘ara olmagan.
Ikkinchi rekord natija ham Messining mahorati qay darajada yuksakligini ko‘rsatib turibdi. Messi MLS tarixida ketma-ket beshta o‘yinda ikkita yoki undan ko‘p gol urishda ishtirok etgan futbolchiga aylandi.
Fikrlar