Madridning “Real” klubi hujumchisi Kilian Mbappe jarohat sabab 2025-2026 yilgi mavsumning oxirigacha jamoasining qolgan o‘yinlarida ishtirok etmaydi.
Bu haqida El Chiringuito TV kanali X ijtimoiy tarmog‘ida xabar bermoqda.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, Mbappening jarohati avval o‘ylangandan ko‘ra jiddiyroq bo‘lib chiqqan. Klub tomonidan Kilian bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha rasmiy ma’lumot tez orada beriladi.
Avvalroq Mbappeda chap oyoq orqa son paylarida ortiqcha yuklama bo‘lgani xabar qilingan edi. Fransiyalik hujumchi Ispaniya chempionatining 32-turida “Betis”ga qarshi o‘yinda (1:1) 81-daqiqada almashtirilgan.
Joriy La Liga mavsumida Mbappe 28 ta o‘yinda ishtirok etib, 24 ta gol va 4 ta golli uzatma bilan ajralib turdi.
Ta’kidlash joizki, Kilian fevral–mart oylarida tizza muammolari sabab “Real” o‘yinlarida ishtirok etmagan edi. Shu vaqt mobaynida 27 yoshli hujumchi beshta o‘yinni o‘tkazib yuborgan.
Fransiyalik ishqibozlar Kilian Mbappe 2026 yildagi jahon chempionatiga qadar jarohatlaridan qutilib, salomatligi va sport formasini to‘liq tiklab olishidan umid qilmoqda.