“Manchester Yunayted” bu darvozabonni ketkazib katta xato qilgan
- 10-март, 16:18
- Zohir Toshxo’jayev
- 0
- Futbol
“Manchester Yunayted”ning sobiq hujumchisi Juzeppe Rossining aytishicha, klub 2023 yilda darvozabon David de Xeani jamoadan ketkazib katta xato qilgan. U de Xeani “fenomenal darvozabon”, deb ta’rifladi.
Rossi 2019 yilda ikki oy davomida “Manchester Yunayted”da mashg‘ulotlarda qatnashgan va shu vaqtda David de Xeaning darajasini yaqinidan ko‘rganini aytdi.
David de Xea 2011 yilda Aleks Ferguson tomonidan “Manchester Yunayted”ga olib kelingan. U klub safida 12 yil o‘ynadi va jami 545 ta o‘yinda qatnashdi.
Shu davrda u 4 marta “Yilning eng yaxshi o‘yinchisi” sovrinini olgan va klubning eng ishonchli futbolchilaridan biri bo‘lgan.
2023 yilda uning shartnomasi tugagach, klub uni erkin agent sifatida qo‘yib yubordi.
De Xea ketganidan keyin “Yunayted” uning o‘rniga Andre Onanani sotib oldi. Lekin bu qaror kutilgan natijani bermadi.
Onana hozirda Turkiya klubi “Trabzonspor”da ijara asosida o‘ynamoqda va yozda u butunlay sotilishi mumkin.
Hozir esa 23 yoshli belgilaylik darvozabon Senne Lammens jamoa darvozasida ishonchli o‘yin ko‘rsatmoqda. Klub uni David de Xeaning uzoq muddatli o‘rinbosari sifatida ko‘rmoqda.
Rossi shunday dedi:
“Men 33–34 yoshimda “Manchester Yunayted”ga mashg‘ulotlarga qaytganimda De Xea hali juda kuchli edi. U deyarli barcha zarbalarni qaytardi. U klub afsonasi va jamoada yetakchi edi. Shuning uchun menimcha uni ketkazish xato bo‘lgan. Agar shunday qaror qabul qilsangiz, albatta yaxshi o‘rinbosar topishingiz kerak. Bu esa o‘sha paytda to‘g‘ri ish emasdi.”