Madridda yilning eng yaxshi sportchilari taqdirlandi
- 21-апрел, 11:14
- Ali Ahmadxo’jayev
- 0
- Boshqalar
2026 yil 20 aprel kuni Ispaniyaning Madrid shahrida sport olamining eng nufuzli tadbirlaridan biri — “Laureus” mukofotlari topshirildi. Marosimda yil davomida eng yuqori natijalarni qayd etgan sportchilar va jamoalar taqdirlandi.
Kechaning asosiy mukofotlari tennis vakillariga nasib etdi. Karlos Alkaras yilning eng yaxshi erkak sportchisi deb topilgan bo‘lsa, Arina Sabalenka ayollar o‘rtasida ushbu sovringa loyiq ko‘rildi. Har ikki sportchi ham o‘tgan mavsumdagi barqaror o‘yinlari va yirik turnirlardagi muvaffaqiyatlari bilan ajralib turdi.
Yilning eng yaxshi jamoasi sovrini PSJ klubiga topshirildi. Parijliklar o‘tgan mavsumdagi natijalari bilan xalqaro maydonda katta e’tirofga sazovor bo‘ldi.
“Yil kashfiyoti” mukofoti Lando Norrishga berildi. U Formula-1'ning 2025 yilgi mavsumida jahon chempioniga aylandi. “Yil kambeki” sovrini esa golfchi Rori Maklroyga nasib etdi.
Yosh sportchilar orasida Lamin Yamal eng yaxshi deb topildi. Nogiron sportchilar yo‘nalishida braziliyalik Gabriyel Arauho g‘olib bo‘ldi. Ekstremal sportlar bo‘yicha mukofot esa amerikalik snoubordchi Xloyi Kimga topshirildi.
Shuningdek, maxsus “Sporting Inspiration” mukofoti germaniyalik sobiq futbolchi Toni Kroos ga berildi.