
"Kenjaboevni "Nasaf"ga taklif qildik, nega kelmaganini o‘zidan so‘rang, hujum chizig‘iga yangi legioner olyapmiz" - Ro‘ziqul Berdiev ishtirokida matbuot anjumani
“Nasaf” klubi Superliganing 12-turida o‘z maydonida “So‘g‘diyona”ni 1:0 hisobida mag‘lub etdi. Uchrashuvdan keyin “Nasaf” bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiev jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.
- Bugun keskin kurashga va xissiyotlarga boy o‘yin bo‘ldi. Aytishim kerak, hech qachon futbolchilarimizga maydonga chiqib, hissiyotga berilinglar yoki raqib bilan urishinglar, deb aytmaymiz. Agar maydonda futbolchilarimiz o‘zlarini noodatiy tutgan bo‘lsa, biz murabbiylar buning uchun uzr so‘raymiz. Albatta, o‘yinchimiz jazosini oldi, qizil kartochka bilan. Endi keyingi o‘yinlarda bizga ta’sir qilishi mumkin. Bugun maydonda ikki etakchi jamoa o‘ynadi. G‘alaba uchun ikkala jamoa ham bor kuchi bilan harakat qildi. “So‘g‘diyona” jamoasi bejizga yuqori o‘rinlarda yurgani yo‘q. Bu tajribali jamoa. Yaxshi shakllandi. Shu bois bizga ancha qiyinchilik tug‘dirdi. Bugungi o‘yinda tarkibimizda bir qancha o‘zgarishlarni qildik. Bunga keskin sabablar bor. Bir qator futbolchilarimizda shamollash bo‘lgani uchun mashg‘ulotlarda qatnashishmagan. Natijada o‘yin sxemamiz va tarkibimizda o‘zgarishlar qildik. Asosiysi, bugun kuchli raqib ustidan g‘alabaga erishib, uch ochkoni qo‘lga kiritdik. O‘ylaymanki, yo‘qotilgan ochkolarni mana shunday qiyin o‘yinlardagi g‘alabalarimiz bilan to‘ldiryapmiz.
- Norchaevning jarohati jiddiy emasmi?
- Jiddiy emas, hozir shifokorimizdan so‘radim. Faqat mushkullariga qattiq zarba bo‘lgan. O‘ylaymanki, keyingi o‘yingacha tiklanadi.
- Umar Eshmurodovni qo‘lida jarohat bordek ko‘rindi. Aslida vaziyat qanday?
- Qo‘li bilan bog‘liq emas. Umarda ham biroz shamollash alomati bor edi. Shunga qaramasdan, u jasorat ko‘rsatib, o‘yinga tayyorman, jamoaga yordam beraman deb maydonga tushdi.
- Islom Kenjaboev Koreyadan qaytib “Qizilqum”ga o‘tdi. Uni nimaga “Nasaf”ga qaytarish imkoni bo‘lmadi?
- Buni Kenjaboevdan so‘rash kerak. Bu haqida sizlarga va muxlislarga shuni aytmoqchimanki, biz Kenjaboevni “Nasaf”ga taklif qildik. O‘zim ham agentiga aytdim. Agar kelsa, jon deb olardik. U jamoamiz o‘yiniga ham tezroq kirishib ketardi, chunki o‘zimizni o‘yinchi edi. Biroq u “Qizilqum”ni tanladi.
- Oybek Bozorovni ikkinchi taymga olib qo‘yish orqali “Nasaf” o‘yinini yanada kuchaytirishni maqsad qilganmidingiz?
- Boya aytdim, tarkib o‘zgarishida keskin sabablar bo‘ldi. Oybekda “Qo‘qon-1912”ga qarshi uchrashuvdan keyin shamollash bor edi. Mashg‘ulotlarda qatnashmadi, faqat kecha ishtirok etdi. Agar o‘yinni boshidan uni asosiy tarkibga kiritganimda 30 daqiqada u charchardi. Baribir tarkibda yana o‘zgarishlar qilishimizga to‘g‘ri kelardi. O‘ylaymanki, bu qarorimiz to‘g‘ri bo‘ldi. Oybek zaxiradan maydonga tushib, 30 daqiqada jamoaga yordam berdi va gol urilgan vaziyatda qatnashdi. Menimcha, hammasi to‘g‘ri bo‘ldi.
- “So‘g‘diyona” futbolchilari va murabbiyni asabiylashishi to‘g‘ri bo‘ldi deb o‘ylaysizmi?
- Futbol – bu hissiyotga beriladigan o‘yin. Ulug‘bek Baqoevni murabbiy va inson sifatida ham yaxshi bilaman. Jamoasi ham o‘zini xarakteriga o‘xshaydi. Shu bois uni ayblamagan bo‘lardim. Bu ularni birinchi mag‘lubiyati bo‘ldi. Shuning uchun balki hissiyotga berilgandir. Har bir xarakterli jamoaga yutqazish yoqmaydi.
- Darvozaboningiz Abduvohid Ne’matov bugun asabiy holatda o‘ynadi. Bu o‘yin sur’ati bilan bog‘liqmi?
- Birinchidan, o‘yin sur’ati. Ikkinchidan, shogirdlarim futbol o‘ynashni ham, maydonda kurashni ham bilishlari kerak. Shuni men talab qilaman. Sport qonunlari bor. Qonundan chiqmagan holatda kurashish, xarakterini ko‘rsatishi, jon-jahdi bilan o‘ynashi kerak bo‘ladi. Men ular uchun xursandman. Futbol o‘ynashni ham, maydonda har bir vaziyatda munosib bo‘lishni ham bilishlari kerak.
- Transfer oynasi ochilyapti. Ko‘zlagan o‘yinchilaringiz bormi?
- Kenjaboevni juda xohlagandik. O‘ziga ham rahbarlarimiz murojaat qildi. Bundan tashqari, hujum chizig‘ini kuchaytirish uchun legioner olyapmiz, aniq bo‘lsa tez orada eshitasizlar. U Marko bilan bir jamoada o‘ynagan. Uni tavsiyasi bilan taklif qilyapmiz. Muzokaralar oxiriga yaqinlashib qoldi.
- 9 iyul kuni “Mash’al” bilan uchrashuvda uni ko‘rishimiz mumkinmi?
- Yo‘q. Birinchi davra o‘yini, shunga “zayavka” bo‘lmaydi. Hal bo‘lsa, sizlar orqali muxlislarga etkazamiz.
Fikrlar