"Katanetsga nimalarga qodirligimni ko‘rsatish yoshidan o‘tganman" yoxud Lutfulla To‘raev nima uchun o‘ziga-o‘zi so‘z berdi?

  • 21 avgust, 2021, 20:36
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Bunyodkor” O‘zbekiston kubogi 1\8 finalida “Navbahor”ni engib, chorak finalga chiqqanidan xabardorsiz. O‘sha uchrashuvdan keyin “Bunyodkor” sardori Lutfulla To‘raev Sports.uz uchun intervyu berdi.

Tecno

- O‘zbekiston kubogining 1\8 finalida “Bunyodkor” o‘z uyida “Navbahor”ga qarshi og‘ir uchrashuvda g‘alaba qozondi. O‘yin chindan ham qiziqarli kechdi. Ayting-chi, nimaning evaziga muvaffaqiyatga erishdinglar?

- Qiyin o‘yin bo‘ldi. Maydonning holati ham yaxshi emasdi. Shuning uchun ikkala jamoa ham maydonda qiynaldi. Ayrim o‘yinchilar jarohatlandi. “Navbahor” ham yaxshi jamoa. Tarkibga yaxshi legionerlarni qo‘shib olgani evaziga kuchaygan. Kubok bahsi bitta o‘yindan iboratligi uchun ham ehtiyotkorlik bilan o‘ynadik. Ikkinchi bo‘limda maydonning holati yaxshi bo‘lmagani sababli, biroz orqaroqda harakat qildik. G‘olib bitta o‘yinda aniqlanishi uchun ham biz natija uchun kurashdik. “Navbahor”ga qarshi uchrashuvda haqli g‘alabaga erishdik.

turaev

- “Bunyodkor” chorak finalga chiqdi. Jamoaning O‘zbekiston kubogidagi maqsadi nima? Qaergacha bora oladi, deb o‘ylaysiz?

- Chempionat bahsida “Paxtakor”dan ancha orqada qolganmiz. Osiyo Chempionlar ligasiga chiqish uchun bizga eng yaqin yo‘l – bu kubokni qo‘lga kiritish. Rahbarlar ham kubokni yutish vazifasini qo‘yganlar. Bu borada bizda ham imkoniyat bor. Kimnidir yaqqol favorit sifatida ko‘rsatib bera olmaymiz. Hozirgi holatda hamma bir xil.

- “Bunyodkor” – “Navbahor” jamoalari ishtirokidagi o‘yinni Srechko Katanets bevosita stadionda kuzatib bordi. Uning kelishidan xabardormidingiz?

- Yaqinda Toshkentga keldi. Bir kun oldin “Paxtakor” – “Turon” o‘yiniga ham borgandi. Bizning o‘yinga ham kelishi kutilayotgandi. Chunki uchrashuv Toshkentda o‘tayotgandi. Shu sababli, Katanetsning kelishini bilgandim.

turaev6

- Milliy terma jamoamizning yangi bosh murabbiyi bo‘lishi kutilyapti. Shu bois, u chempionat bahslarini ham kuzatyapti, futbolchilarning imkoniyatlarini o‘rganib chiqyapti. “Navbahor”ga qarshi bahsga Katanetsning kelishi evaziga sizda yangi murabbiyga o‘zingizni ko‘rsatish bo‘yicha ishtiyoqingiz yanada kuchaydimi?

- Yo‘q, men o‘zimni ko‘rsatish yoshidan o‘tganman. Har doim qo‘limizdan kelganicha jamoamizning g‘alabasi uchun harakat qilamiz. “Navbahor”ga qarshi bellashuvda yarim soatcha o‘ynagach, jarohat olib maydonni tark etdim. Har qanday holatda ham, masalan, milliy terma jamoa murabbiyi o‘yinga keladimi yo kelmaydimi farqi yo‘q, jamoamizning yutug‘i uchun borimizni beramiz.

- Umuman olganda, Katanets haqida qanday fikrdasiz?

- Biror fikr bildira olmayman. Futbolimiz rahbarlari shu insonni bosh murabbiylikka loyiq ko‘rishdi. Shu bois ularning qarorini hammamiz hurmat qilamiz. Murabbiyga ham, milliy terma jamoaga chaqiriladigan futbolchilarga ham omad tilayman. Bizni asosiy maqsadimiz jahon chempionatiga chiqish. Hamma birlashishi kerak: muxlislar, futbolchilar, rahbarlar barcha-barcha hamjihat bo‘lishi lozim.

turaev7

- Katanets O‘zbekistonni mundialga olib chiqishiga ishonasizmi?

- Yaxshi niyat qilamiz. Hammasi murabbiyga bog‘liq emas. Agar murabbiyga bog‘liq bo‘lganida Iroqni jahon chempionatiga olib chiqqan bo‘lardi.

- “Bunyodkor”da moliyaviy muammolar borligi haqida eshitib turibmiz. Bu holat futbolchilarga qanchalik ta’sir ko‘rsatyapti?

- 9 kundan keyin oylik maosh olmayotganimizga uch oy bo‘ladi. G‘alaba uchun mukofot pullaridan ham qarzdorlik bor. Uch yildan beri “Bunyodkor”da o‘ynayotgan bo‘lsam, har yili mavsumning o‘rtasiga kelib shunaqa muammo bo‘ladi. Shuhrat aka Maqsudov ham matbuot anjumanida muammo haqida aytib o‘tdi. Jamoani hokimyatga o‘tadi deyishdi, lekin bunday bo‘lmadi. “Bunyodkor” o‘rtada qolib ketdi. Lekin maosh olmayapmiz deb o‘ynamay qo‘ysak bu ham noto‘g‘ri. Kimga yomon? O‘zimizga jabr bo‘ladi. Baribir pullarimizni olamiz, qolib ketmaydi. Futbolchilar o‘zaro gaplashamiz, albatta qarzlarni to‘lashadi, maydonda bor kuch bilan o‘ynaylik, yutaylik, deb o‘zimizga dalda beryapmiz.

turaev1

- Jamoa sardori sifatida bunday paytda futbolchilarni ruhlantirishda qiynalmayapsizlarmi?

- Bizdan ko‘ra, yoshlarga osonroq, hali uylanishmagan. To‘g‘ri, hammaga pul kerak. Uyiga, ota-onasiga pul olib borishi lozim. Yana qaytaraman: mablag‘larimiz qolib ketmaydi. Rahbarlardan umid qilib qolamiz. Jamoamiz uchun e’tiborliroq bo‘lishlarini so‘rab qolardim.

- Sizni ko‘pincha o‘yin paytida hakamlar bilan tortishayotganingizni ko‘ramiz. Bu asabiylikdanmi yoki...

- 15 ta tur ortdi qoldi. Bu yil hisobidan adashmasam uchta sariq kartochka oldim. Ushbu mavsumda hakamlar bilan tortishish kamaydi. Bu borada o‘zimga-o‘zim so‘z berganman. Shuhrat aka Maqsudov ham menga hakamlar bilan kamroq gaplashishimni aytgan. Endi VAR tizimi bor. Hakamlarga gapirgan bilan foydasi yo‘q. To‘g‘ri, o‘yin paytida baribir qizishib ketish holatlari bo‘lib turadi.

turaev5

- VAR haqida og‘iz ochdingiz. Uning futbolimizga qanchalik foydasi tegyapti? VARni qo‘llashga tayyormizmi?

- Baribir bir kun kelib tayyor bo‘lishimiz kerak-ku. Hozirdan boshlab futbolimizda VARni qo‘llayapmiz. Hamma joyda xatolik bo‘ladi. Ammo VARdan foydalanishni boshlaganimiz keyinchalik to‘g‘ri bo‘lib chiqadi. Agar bu narsa bo‘lmaganda ham yurardik, VAR bo‘lganda yaxshi bo‘lardi, deb.

turaev4

- “Bunyodkor” mavsumni barqaror o‘tkaza olmayapti. Mavsum yakuniga qadar jamoadan nima kutish mumkin?

- Yil boshida rahbariyat tomonidan bizga kuchli uchlikka kirish va Kubok finaliga chiqish vazifasi qo‘yilgan. Hali hammasi oldinda deb o‘ylayman. Oxirigacha kurashamiz.    

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!