
"Inter" PSJ etakchisini nishonga oldi
Italiya A Seriyasining "Inter" klubi PSJ darvozaboni hisoblangan Donnarummani sotib olishi haqida o‘ylamoqda.
Indzagi boshchiligidagi klub Yann Zommerning yoshi bilan bog‘liq muammo va so‘nggi o‘yinlardagi qoniqarsiz natijalar sabab qishki transferlar oynasida yangi posbon jalb qilmoqchi.
Insayder Janluka di Martsioning xabar berishicha, "nerazzurilar" uchun parijliklar darvozaboni Donnarumma asosiy da’vogar sifatida ko‘rilmoqda. Italiyalik futbolchi ham Luis Enrike bilan bo‘layotgan kichik mojaro sabab so‘nggi muhim uchrashuvlarda ishtirok etmadi. Shu bois, yanvar oyida jamoasini o‘zgartirish haqida o‘lamoqda.
Ma’lumot o‘rnida, Janluiji 2015 yildan 2021 yilgacha "Milan" klubi sharafini himoya qilgan. Ushbu vaqt davomida 251 ta to‘qnashuvda ishtirok etib, 265 ta gol o‘tkazib yuborgan bo‘lsa, 88 ta bellashuvda o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan. "Pari Sen-Jermen" safida esa 131 ta to‘qnashuvda maydonga tushib, 128 ta golni o‘z darvozasidan olib chiqqan holda, 45 ta bahsda quruq o‘yin o‘tkazgan.
25 yoshli o‘yinchining Frantsiya jamoasi bilan shartnomasi 2026 yilgacha mo‘ljallangan bo‘lib, Transfermarkt portalidagi narxi 35 million evro deb baholanmoqda.
Fikrlar