
Gattuzoning O‘runov jamoasiga kelishi rostmi?
"Napoli" klubi bosh murabbiyi Jennaro Gattuzoning agenti Andrea D’Amiko italiyalik mutaxassisga “Spartak”dan takliflar bo‘layotgani haqidagi mish-mishlarga munosabat bildirdi.
"Oxirgi paytlarda “Spartak”dan hech kim men bilan aloqaga chiqmadi. Ammo bundan bir necha yil oldin qiziqish bo‘lgan. Biz bu jamoada o‘zgarishlar bo‘layotganidan xabardormiz. Lekin hozircha moskvaliklar rahbariyati biz bilan bog‘lanmadi.
“Spartak”ni boshqarish haqida bir narsa deya olmayman. Biz mavsum yakunlanishini kutishimiz kerak", – dedi agent.
Bundan avvalroq “Spartak” vakillari ispaniyalik mashhur murabbiy Rafael Benitesga ham qiziqish bildirayotgani haqida xabarlarni tasdiqlagan edi.
"Spartak" amaldagi bosh murabbiy Domeniko Tedeskoga o‘rinbosar izlamoqda. Boisi, uning moskvaliklar bilan amaldagi shartnomasi yozda tugaydi va ushbu kelishuvni uzaytirishdan bosh tortmoqda.
O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Oston O‘runov "Spartak" a’zosi hisoblanadi. U mavsumning ikkinchi yarmini "Ufa" safida ijarada o‘tkazmoqda.
Fikrlar