
Fayzullaev: Skautlar argentinalik himoyachini ko‘rgani kelib, Husanovni olib ketishdi
O‘zbek futboli tarixida bir necha muhim transferlar bo‘lgan. Biroq milliy futbolimizdagi eng muhim transfer, shubhasiz, Abduqodir Husanovning “Lans”dan “Manchester Siti”ga ko‘chib o‘tgani bo‘ldi.
Yanvar oyida “shaharliklar” o‘zbek himoyachisi uchun Frantsiya klubiga 40 million evro badal puli to‘lashiga to‘g‘ri keldi. Bu o‘zbek futbolida ham, “Lans” tarixida ham eng katta transfer sifatida qayd etildi.
Biroq Abduqodir Husanov “Manchester Siti”ga qo‘shilguniga qadar katta yo‘lni bosib o‘tishiga to‘g‘ri keldi. Abduqodirning do‘sti Abbosbek Fayzullaev “Nobel” YouTube-kanaliga bergan intervyusida futbolchining qanday qilib “top-5” ligalaridagi jamoalar e’tiboriga tushganini gapirib berdi.
- Husanov voqeasidan xabardorman: Argentina bilan o‘yinda skautlar argentinalik himoyachining o‘yinini o‘rgangani kelgan. Biroq ularning e’tiborini Husanov tortgan. Shundan keyin Abduqodir “Lans”ga o‘tdi va uning Evropadagi faoliyati boshlandi. Shundaymi?...
- Ha, men o‘sha uchrashuvni yaxshi eslayman. Bu yigirma yoshgacha bo‘lgan futbolchilar ishtirokidagi jahon chempionatida yuz bergan. O‘sha bahs Argentinadagi jahon chempionatining ochilish o‘yini, ya’ni birinchi uchrashuvi edi.
Stadionga 30 mingdan ortiq muxlis kelgan, biz juda yaxshi o‘ynaganimizga qaramay, 1:2 hisobida mezbonlarga yutqazganmiz. O‘sha o‘yinda Abduqodir Husanov zo‘r o‘ynadi. Jahon chempionatida Husanov salohiyatini juda yaxshi namoyish qildi va o‘ziga yo‘l ochdi, - dedi Abbosbek Fayzkllaev.
Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Husanov futbolning dastlabki sir-asrorlarini “Bunyodkor” akademiyasida o‘rgangan. Keyin Belarusga yo‘l olgan futbolchi professional faoliyatini 2022 yili “Energetik-BGU”da boshladi.
Bir yildan keyin Frantsiyaning o‘sha paytdagi vitse-chempioni “Lans” o‘zbek himoyachisini 100 ming evroga xarid qildi. Liga 1 jamoasida bir yarim yil o‘ynagan futbolchi oxir-oqibat “Manchester Siti”dan qo‘nim topdi.
Abbosbek Fayzullaevning o‘zi esa, 2023 yil avgust oyida “Paxtakor”dan Moskvaning TsSKA klubiga ko‘chib o‘tdi. Hujumkor futbolchi Rossiyadagi debyut mavsumining o‘zidayoq yangi jamoasi etakchisiga aylandi va Premer-liganing asosiy kashfiyoti sifatida e’tirof etildi.
Yakunlangan mavsumda Abbosbek Fayzullaev ilk sovrinlarini qo‘lga kiritdi. 21 yoshli legionerimiz “armiyachilar” safida Rossiya chempionati bronza medali sovrindori va mamlakat kubogi sohibi bo‘ldi.
Ayni paytda o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari Abbosbek Fayzullaevning ham Evropadagi kuchli ligalarga yo‘l olishini kutmoqda. Oxirgi yillarda “Bavariya”, “Parma”, “Jenoa”, “Monako”, “Real Sosedad” kabi klublari Fayzullaevga qiziqish bildirayotgani haqida ma’lumotlar tarqatilgan edi.
Abbosning o‘zi ayni paytda bor e’tiborini TsSKAdagi faoliyatiga qaratganini, biroq asosiy maqsadi Evropaning top-klublarida o‘ynash ekanini aytib keladi.
Fikrlar
Yevropaning chempion jamoalarida o‘ynasin.