Ekitike uchun mavsum yakunlandi: hujumchi JCh-2026ni ham o‘tkazib yuboradi
- 15-апрел, 14:38
- Bilolbek Imomov
- 0
- Futbol
"Liverpool" hujumchisi Yugo Ekitike jarohati sabab mavsumning qolgan qismini o‘tkazib yuboradi va JCh-2026da ham maydonga tushmaydi.
"RMC Sport" ma’lumotiga ko‘ra, futbolchi Chempionlar ligasi chorak finali javob o‘yinida PSJga qarshi bahsda (0:2) jarohat olgan. U maydonni nosilkada tark etgan.
Fransiya terma jamoasi a’zosi chorshanba kuni tibbiy tekshiruvdan o‘tadi. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, unda axill payining uzilishi aniqlanishi kutilmoqda.
Ortoped-jarroh Nikolya Bodrie L’Équipe’ga bergan intervyusida bu holatni izohlab, kadrlarga qaraganda boshqa tashxis bo‘lishi ehtimoli juda pastligini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, futbolchi ikki marta o‘rnidan turishga urinib, ammo yura olmagan. Bunday jarohatlar odatda raqib bilan to‘qnashuv tufayli emas, balki tayanch oyoqni keskin almashtirish yoki sakrash paytida yuzaga keladi.
Mutaxassis, shuningdek, avvaldan mavjud bo‘lgan surunkali tendinit, mikrochatnashlar, kistalar yoki boldir mushaklaridagi cho‘zilish muammolari bunday og‘ir oqibatga olib kelishi mumkinligini ta’kidladi.
Manbaga ko‘ra, agar axill payi to‘liq uzilgani tasdiqlanib, operatsiya qilinsa, hatto eng yaxshi holatda ham uning maydonga qaytishi uchun taxminan to‘qqiz oy vaqt talab etiladi.