Chempion legioner nega "Alaniya"ni emas, "Andijon"ni tanladi? Futbolchi shu va boshqa savollarga qanday javob berdi?

  • 27 fevral, 2023, 00:17
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 3
  • Futbol
CHERY AUTO

“Andijon” klubi albaniyalik hujumchi Rubin Xebayning transferini hal qilganidan xabaringiz bor.

Tecno

Futbolchi kuni kecha Andijonga keldi va jamoa ixtiyoriga qo‘shildi. Xebay “Andijon”ning “Turon”ga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida zaxiradan maydonga tushdi. Xebay Andijonga kelgach, bir qator savollarga javob qaytardi.   

- Rubin, “Andijon”ga xush kelibsiz! Mana, o‘rtoqlik uchrashuvida birinchi o‘yiningizni o‘tkazdingiz. Taassurotlar qanday?

- Birinchi taassurotlarim juda ham ajoyib. Klubda yangi futbolchilar bor. Ishonamanki, biz ushbu mavsumda yaxshi natijaga erisha olamiz.

rubin1

- Klubga kelganingizdan asosiy maqsadingiz qanday?

- Mening vazifam hujumchi sifatida kelish edi va imkon qadar gollar urish orqali jamoamning g‘alabalariga yordam berishni istayman.

- Ma’lumotlarga qaraganda, Rossiyaning “Alaniya” klubi sizga shartnoma yuborgan. Nega taklifni qabul qilmadingiz?

- Mening agentim ular bilan gaplashgandi. Lekin yakunda biz kelishuvga erisha olmadik. Shuning uchun men hozir “Andijon”daman. Oldingi chiziqda pozitiv natijalar uchun harakat qilaman.

- Qolaversa, sizga yana boshqa joylardan ham takliflar bo‘ldi. Ammo ularning orasida “Andijon”ning taklifi sizni nimasi bilan qiziqtirdi?

- Bu men uchun yangi chempionat bo‘ldi. Yangi chaqiriq va albatta bu mening faoliyatimda yangi oyna.

rubin4

- Bilishimcha, hozirgacha faoliyatingizda bir qator yutuqlarni qo‘lga kiritgansiz-a?

- Men ikki karra Albaniya chempioni bo‘lganman. Bitta Kubok musobaqasida g‘olib chiqqanman. Shuningdek, Superkubokda ham muvaffaqiyatga erishganmiz. Shimoliy Makedoniya chempionatida ham chempionlikka erishganman.

- Muxlislarning sizdan umidi katta. Qancha gol urishni maqsad qilgansiz?

- Xudo nasib qilganicha ko‘proq bo‘lishiga harakat qilaman. Muxlislarni xursand qilish uchun bor kuchimni ishga solaman.

- “Andijon”da qaysi raqamni tanladingiz va nima uchun?

- 99-raqam mening libosimda aks etadi. Yo 9 yoki 99. Hujumchi sifatida shunday raqamlarni tanlayman. Umuman, bundan oldin ham 99-raqamda o‘ynaganman. Shuning uchun bu raqam menga begona emas.

rubin2

- Albaniya bilan O‘zbekiston chempionatlari o‘rtasida qanday farqlar bor?

- Albaniya yildan-yilga yaxshilanib bormoqda. O‘zbekiston jamoalari haqida hozirdan bir narsa deya olmayman. Chunki klublaringiz xususida to‘liq ma’lumotga ega emasman. Albaniya klublari bilan katta farq qiladi, deb o‘ylamayman. Bu xususida men o‘ylab ko‘rishim kerak. Bir nechta o‘yinlardan so‘ng sizga yakuniy javobni aytishim mumkin bo‘ladi.

Shuhratbek Jo‘raev.  

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Ботир
27/02/2023 19:26
Хаммага омад
&
Bek 56
27/02/2023 06:23
Ишларинг илгари бу'лсин Рубин
&
Socceruzb
27/02/2023 04:05
Саволлар савиясиз