
Boshkovich va uning jamoasida motivatsiya kuchli, "Paxtakor"dachi?
Xabaringiz bor, Superligada 19-tur uchrashuvlariga start berildi. 24 sentyabr kuni Jizzaxda “So‘g‘diyona” o‘z uyida “Paxtakor”ni qabul qiladi. Oldindan bemalol ayta olamizki, ushbu bahs g‘oyat shiddatkorona va hujumkor ruhda o‘tishi katta ehtimol.
Maksim Shatskix jamoasi yaqinda Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichining ilk turida BAAning “Al-Ayn” jamoasini qabul qildi. O‘sha bellashuvda “paxtakorchilar” 0:3 hisobida mag‘lubiyatga uchrab, muxlislarini ranjitib qo‘ydilar. Bu esa “So‘g‘diyona” bilan o‘yinda “Paxtakor” futbolchilariga ruhiy zarba beradimi, degan savol hozirda ko‘ndalang turibdi. Bu yoqda esa “So‘g‘diyona” ham amaldagi chempionga qarshi astoydil tayyorlanyapti. “Sherlar” yaralangan bo‘lishi tabiiy. Ular “So‘g‘diyona”ni yutish orqali yarasini biroz bitkazishi mumkin.
“Paxtakor” turnir jadvalida hamon peshqadam. Chunki ularning hisobida 41 ochko bor va 2-o‘rindagi “Neftchi”dan 7 ochkoga ilgarilab ketgan. “So‘g‘diyona”da esa hozircha 22 ochko bor va 9-pog‘onani band etib turibdi. Bu to‘qnashuvda jamoalarning egallab turgan o‘rni mutlaqo ahamiyatsiz. Zero, jizzaxliklarni ko‘rsatayotgan o‘yini oxirgi paytlarda ancha jonlangan. Shuning uchun “Paxtakor”ga jiddiy qarshilik ko‘rsatishi kutilyapti. Buning ustiga bosh murabbiy Ivan Boshkovich tarkibga iqtidorli yoshlarni qo‘shib, ularni tajribali o‘yinchilar bilan uyg‘unlashtira olyapti. Shunisi ma’lumki, “So‘g‘diyona” futbolchilarida “Paxtakor”ga qarshi uchrashuvda motivatsiya juda yuqori.
Albatta, ushbu klublarning o‘zaro uchrashuvlardagi natijalari ham qiziqarli. Shu kungacha chempionatda ular 55 bor ro‘baro kelishgan. Katta ustunlik “Paxtakor” tarafida, bu tabiiy. “So‘g‘diyona” shuncha bellashuvning faqat 6 tasida g‘alaba qozongan. “Paxtakor” esa 43 marta jizzaxliklar ustidan g‘alaba qozongan. Qolaversa, 6 ta o‘yinda kuchlar teng kelgan. To‘plar nisbatidagi tafovut ham shunga yarasha katta. 43\131 “Sherlar” foydasiga.
Birinchi davrada Toshkentdagi bellashuvda mezbonlar 2:1 hisobida raqibidan ustun kelgandi. Qizig‘i, bu jamoalarning Jizzaxda o‘tayotgan o‘yinlarining oxirgi uchtasida “Paxtakor” g‘alaba qozona olmayapti. 2 tasida engildi va 1 tasida durang qayd etdi. Jumladan, o‘tgan yili 2:2, 2021 va 2020 yillari 1:0 hisoblari kuzatilgan. Ko‘rib turganingizdek, “Paxtakor” uchun Jizzaxdagi o‘ynash ancha noqulay bo‘lib qolmoqda.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar