
Bilasizmi, "Neftchi" futbolchisi klubdan ketish taraddudida
Xabaringiz bor, Farg‘onaning “Neftchi” klubi yangi mavsum uchun tarkibini sezilarli darajada kuchaytirmoqda va yaqinda bir nechta top transferlarni amalga oshirdi. Bu esa klubning maqsadi yanada jiddiyligini ko‘rsatmoqda.
Yangi futbolchilar bilan shartnomalar imzolanishi fonida klubning joriy mavsumdagi bir qator futbolchilari jamoani tark etishayotgani ma’lum va bu hol davom etmoqda.
Yodingizda bo‘lsa, “Neftchi” tajribali hujumchilarni va hujumkor o‘yinchilarni o‘z safiga qo‘shib olganini e’lon qildi. Jumladan, Zoran Marushich, Toma Tabatadze, Vladimir Yovovich, Muhammadali G‘iyosov singari ajoyib o‘yinchilar yangi mavsumda farg‘onaliklar sharafini himoya qilishga rozilik bildirishgan va tabiiyki, bu holat “Neftchi” tarkibini ancha kuchaytirmasdan qolmaydi. Mahalliy muxlislar ham mazkur transferdan benihoya mamnun bo‘lib yurishibdi. Ammo hozircha nom jihatidan “Neftchi” kuchayib boryapti, qolganini esa maydonda, jamoa qanday o‘yin ko‘rsatishiga qarab baho beriladi.
Yuqorida to‘xtalib o‘tganimizdek, ayrim futbolchilar “Neftchi” bilan xayrlashishmoqda. Hujumchilar soni ko‘paygani evaziga Shoxruz Norxonov farg‘onaliklarni tark etdi. Legioner hujumchi Effiong Nsungusi ham yangi mavsumni boshqa klubda boshlashi kutilmoqda. Bu hali hammasi emas. Sports.uz ma’lumotiga qaraganda, farg‘onaliklarning yana bir hujumchilaridan biri Azizbek Amonov ham yangi mavsumni “Neftchi” tarkibida boshlamoqchi emas.
Garchi 27 yoshli hujumchining “Neftchi” bilan amalda yana bir yillik shartnomasi bo‘lishiga qaramasdan jamoasini o‘zgartirish niyatida va o‘zini boshqa klubda sinab ko‘rmoqchi. Bu borada klub rahbariyati bilan muzokaralar davom etyapti. Barcha masala tez orada hal bo‘lishi kutilmoqda.
Amonov “Neftchi” tarkibiga joriy mavsum yarmida qo‘shilgan bo‘lib, undan avval BAAning “Xorfakkan” klubida o‘ynadi. Azizbek farg‘onaliklar tarkibida 12 ta o‘yinda maydonga tushdi va 2 ta gol urib, 1 ta assistni bajardi. “Olimpik”ga qarshi o‘yinda “Neftchi” 3:0 hisobida g‘alaba qozondi va Amonov dublga erishgan.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi uchun kiritgan gollari albatta kam. Darvoqe, hujumchi milliy termada hozirgacha 11 ta uchrashuvda qatnashib, 2 ta gol muallifi bo‘lgan. U “Neftchi”da o‘zi istaganidek etarlicha o‘yin amaliyotiga ega bo‘ldi, deyish qiyin. Boisi, futbolchi asosan o‘yinning ikkinchi qismida zaxiradan maydonga tushirildi. U ko‘proq vaqtini maydonda o‘tkazishni istagan. Qiziq ma’lumot shundaki, Amonov faoliyatida to‘p surgan klublari orasida eng oz o‘yin o‘tkazgan jamoasi “Neftchi” bo‘lib turibdi. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, 12 ta uchrashuvda maydonga tushdi va 2 ta gol urdi. “Lokomotiv”da 81 ta o‘yin o‘tkazgan va bu uning o‘ynagan jamoalari orasida eng ko‘p maydonga tushgan klubidir.
Amonov bunga qadar “Lokomotiv”, “Buxoro”, “Istiqlol” (Eron), “Nasaf” va “Xorfakkan” (BAA) klublarida to‘p surgan. “Neftchi” uning faoliyatidagi 6-klub hisoblanadi. Katta ehtimol yangi mavsumda Azizbek 7-jamoasiga ko‘chib o‘tmoqchi. Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar
номардларга колиб кетди