Yevropaning bir necha yirik klublaridan taklif olgan iqtidorli futbolchi Mark Bernal faoliyatini “Barselona”da davom ettiradigan bo‘ldi.
Bu haqida Mundo Deportivo xabar bermoqda.
Avvalroq, Madriddning “Atletiko” klubi mutasaddilari 18 yoshli futbolchining agenti bilan muzokara o‘tkazgani haqida ma’lumot chiqqan edi.
Biroq Bernal o‘z kelajagini “Barselona” bilan bog‘lagani va bu jamoada o‘zini baxtiyor his qilayotgani aytilmoqda. Jamoa bosh murabbiyi Hans-Diter Flik ham bu o‘yinchini qadrlaydi va unga ishonadi.
Ta’kidlanishicha, Kataloniya klubi Bernalning ketishini hech qanday holatda ko‘rib chiqmayapti, hatto ijaraga berish varianti ham istisno qilingan.
Joriy mavsumda Bernal barcha musobaqalarda 28 ta o‘yinda maydonga tushib, beshta gol urgan va bitta golli uzatma bergan.
Bernalning “Barselona” bilan amaldagi shartnomasi 2029 yil o‘rtasigacha mo‘ljallangan.