“Barsa” baribir qiyin transferga qo‘l urdi
- 27-апрел, 22:58
- Zohir Toshxo’jayev
- 0
- Futbol
“Barselona” klubi mutasaddilari “Atletiko Madrid” rahbariyati bilan Xulian Alvaresni yozgi transfer oynasida sotib olish bo‘yicha muzokaralarni boshlagani haqida xabarlar tarqatildi.
Kataloniyaliklar argentinalik jahon chempionini “Barselona” bilan shartnomasi tugayotgan Robert Levandovskining o‘rnini bosish uchun asosiy nomzod sifatida ko‘rmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 26 yoshli argentinalik hujumchi ancha vaqtdan beri “Kamp Nou” egalari nazaridan tushmagan, skautlar uni hali “River Pleyt”da o‘ynagan paytlaridanoq kuzatib keladi.
Keyinchalik u “Manchester Siti”ga o‘tgan edi. Biroq Erling Holand soyasida qolib ketganidan keyin Madrid klubiga o‘tishni ma’qul topgan. Endi esa “Barselona” yozgi transfer uchun imkoniyatni o‘rganish maqsadida “Atletiko” bilan aloqani ushlab turibdi.
Biroq bu transferni amalga oshirish juda qiyin ekani aytilmoqda. Alvares 2024 yilda “Atletiko Madrid”ga 95 million yevrogacha yetishi mumkin bo‘lgan summaga o‘tgan va uning shartnomasida 500 million yevro miqdorida badal puli ko‘rsatilgan.
“Barselona” rahbariyati bu transferni amalga oshishida o‘yinchining shaxsiy istagi va tashabbusi muhim rol o‘ynashiga umid qilyapti. Ilgari madridliklar yetakchisi Antuan Grizmann ham xuddi shu tarzda “Atletiko”dan “Barselona”ga o‘tgan edi.
“Atletiko Madrid” xo‘jayinlari ayni paytda o‘z hujumchisini 120 million yevro atrofida baholamoqda. Bu esa “Barsa” prezident Joan Laporta uchun katta moliyaviy to‘siq hisoblanadi.
Robert Levandovskining kelajagi bu transfer bilan bevosita bog‘liq. Tajribali forvard kelasi mavsum boshlanishigacha 38 yoshga to‘ladi. U hali ham samarali o‘yin ko‘rsatmoqda, ammo klub tarkibda avlod almashishini rejalashtirmoqda.
Xabarlarga ko‘ra, “Yuventus” va “Milan” klublari uni erkin agent sifatida qo‘lga kiritish uchun asosiy da’vogarlar hisoblanadi va unga asosiy tarkibdagi rolni taklif qilmoqda.
“Barselona” Levandovskiga yangi shartnoma taklif qilishga tayyor edi, ammo bu katta maosh qisqarishi va jamoadagi roli kamayishini o‘z ichiga oladi. Futbolchi esa yuqori darajadagi maqomini saqlab qolishni istayotganligi uchun ketishi ehtimoli yuqori. Uning ketishi maosh jamg‘armasida muhim joy bo‘shatib, klubga yosh hujumchi uchun mablag‘ ajratish imkonini beradi.
Alvaresning agenti Fernando Idalgo yaqin orada ko‘chish haqidagi gaplarni rad etdi. Avvalroq, Alvareslar oilasi Kataloniyada uy qidirayotgani haqida xabarlar chiqqan edi, ammo agent bu ma’lumotlarni to‘liq yolg‘on deb atadi.
- 1000 foiz yolg‘on. Oiladan hech kim Barselonada bo‘lgan emas. Oxirgi marta ular bu shaharga “Atletiko” o‘yini uchun borishgan va ertasi kuni Madridga qaytishgan, - dedi Fernando Idalgo.
Barselona» hujum chizig‘ini kuchaytirish uchun boshqa variantlarni ham ko‘rib chiqmoqda. Markus Reşford masalasi ham dolzarb bo‘lib qolmoqda. “Manchester Yunayted” futbolchisi hozir Ispaniyada ijarada o‘ynamoqda va u Xansi Flikda yaxshi taassurot qoldirgan.
Klubda uni 30 million yevroga sotib olish imkoniyati bor, ammo bu summani to‘lashga shoshilmayapti va boshqa variantlarni ham ko‘rib chiqmoqda.