
"Andijon" OChLga tayyorlanmoqda yoxud OFK vakili "Bobur arena"ni ko‘zdan kechirdi
“Andijon” klubi uchun 2025 yilgi mavsum har qachongidan ko‘ra muhim. Boisi, “Burgutlar” o‘z tarixida ilk bor Osiyo Chempionlar ligasi 2 da ishtirok etadi. Aytish joizki, hozirdanoq Andijonda OChL nafasi sezilmoqda. Jamoa nafaqat o‘z viloyati, balki O‘zbekiston sha’nini xalqaro maydonda himoya qiladi. Buning uchun klubni yangi mavsumga har tomonlama puxta tayyorlash bilan birgalikda Andijonda OChL o‘yinlarini o‘tkazish hamda bundan muxlislar bahramand bo‘lishlari uchun “Bobur arena” stadionini har tomonlama OFK talablariga to‘la-to‘kis mos keltirish muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
OChL bahslarini “Bobur arena”da o‘tkazish va Andijon ahli buni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishga haqlilar. Buni yaxshi his qilib turgan viloyat hokimligi va klub bosh homiysi jamoani yangi mavsumga har jihatdan puxta tayyorlashga, sharoitlarni yanada yaxshiroq yaratib berishga kirishgan. Bunda esa albatta stadionda kerakli rekonstruktsiya ishlarini olib borish ham o‘z ichiga kiradi. Buning uchun allaqachon rekonstruktsiya loyihasi ishlab chiqilgan.
Shu maqsadda Andijonga OFK rasmiysi qatarlik mutaxassis Rashid Al Dossari tashrif buyurdi. Unga O‘FAning xalqaro musobaqalar va tadbirlar o‘tkazish bo‘limi boshlig‘i Muhammad Sodiq – Sodiq Oxunov hamroxlik qildi. OFK vakili “Bobur arena” stadioni bilan yaqindan tanishar ekan, Andijon viloyati futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Bekzod Karimov va “Andijon” klubi vakillari to‘liq ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdilar. Shuningdek, rekonstruktsiya loyihasi ham atroflicha tushuntirildi. Barcha ish OFKning talablari asosida olib boriladi. Unda mayda detallargacha e’tiborga olingan bo‘lib, amalga oshiriladigan rekonstruktsiya loyihasi Rashid Al Dossarida iliq taassurot qoldirdi.
Bundan tashqari, OFK vakili shahardagi eng nufuzli mehmonxonalarni ham diqqat bilan ko‘zdan kechirdi. Chunki OChLda Andijonga keladigan xorij klublariga yaratiladigan sharoitlar ham OFKning talablari asosida bo‘lishi lozim. Bu borada Al Dossariga mehmonxonalardagi shart-sharoitlar manzur keldi. Bilasiz, yaqinda Andijonda futzal bo‘yicha jahon chempionatining bir qismi muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Tabiiyki, mehmonxonalar va undagi sharoitlar bo‘yicha mutlaqo muammo yo‘q.
Shuningdek, Rashid Al Dossari “Andijon” klubining hozirgi bazasida ham bo‘ldi. Mashg‘ulot uchun maydonlarni ko‘zdan kechirdi. Hozirda jamoa uchun mutlaqo yangi, zamonaviy baza barpo etilmoqda va bu xususida ham OFK vakiliga ma’lumot berildi. Bir so‘z bilan aytganda, Al Dossari “Andijon” futbol klubining OChL o‘yinlarini o‘zida qabul qilishi uchun amalga oshiriladigan barcha ishlar bilan yaqindan tanishib chiqdi va shaharga qilgan safari unda ijobiy taassurot qoldirdi.
Tez orada “Bobur arena”da OFK talablari asosida loyihada ko‘rsatilgan ishlar boshlanadi. Mutasaddi rahbarlar barchasini qat’iy nazorat olishgan. Shunday ekan, stadionda rekonstruktsiya ishlari o‘z vaqtida va muvaffaqiyatli bajarilishiga aslo shubha yo‘q. Siz bilan biz 2025 yilda “Andijon”ning o‘z tarixida ilk bor OChL bellashuvlarini “Bobur arena”da qabul qilishiga guvoh bo‘lamiz.
Fikrlar