
"Ahal" bosh murabbiyi: "Nasaf" doim kuchli jamoa bo‘lib qolaveradi va biz jangga tayyormiz!
OFK kubogi hududiy final bosqichi doirasidagi "Nasaf" - "Ahal" uchrashuvi oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida mehmonlar murabbiyi Begench Garaev o‘yin haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
"Birinchi navbatda, bizni iliq kutib olganingiz uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman. Barchangizni kelayotgan Mustaqillik bayrami bilan tabriklayman. Har ikkala jamoani juda yuqori darajadagi uchrashuv kutib turibdi.
"Nasaf" katta tarixga ega kuchli klub va biz ularni etarlicha o‘rganib chiqdik. Ular OFK kubogida avval ham chempionlikni qo‘lga kiritgan. Biroq biz osonlikcha taslim bo‘lmaymiz. Barchasi maydonda hal bo‘ladi. Kim kuchliligini ertaga bilib olamiz.
Ro‘ziqul Berdiev jamoada anchadan beri faoliyat yuritib kelayotgan tajribali mutaxassis. Unga butun davlat ishonch bildiradi va bu murabbiy uchun kerakli narsa. U qurgan jamoa paslar bilan yaxshi o‘ynaydi. Boya aytganimdek, biz ularni yaxshi o‘rganib chiqdik va faqat g‘alaba uchun o‘ynaymiz.
"Nasaf"ning so‘nggi o‘yinlardagi kichik muvaffaqiyatsizliklari haqida
To‘g‘risini aytsam, bu bizni hayron qoldirdi. Lekin bu holat jamoaning maqsadlari bilan bog‘liq, deb o‘ylayman. Raqibning kichik muvaffaqiyatsizligi xotirjamlikka berilishimizga sabab bo‘lmasligi lozim. "Nasaf" doim kuchli jamoa bo‘lib qolaveradi va biz jangga tayyormiz.
O‘zbekiston chempionatida ishtirok etadigan klublar muntazam ravishda Osiyo Chempionlar ligasida yaxshi o‘yin namoyish etib keladi. Chempionat tempi ham ancha yuqori. Biz u erda harakat qilgan futbolchimiz Arslanmirat Amanov bilan "Nasaf" haqida fikr almashdik. O‘ylaymanki, bu ertangi uchrashuvda bizga asqatadi.
Raqib tarkibida harakat qilayotgan futbolchilarni ham o‘rganib chiqdik. Stanoevich, Bozorov kabi futbolchilar o‘zining texnik harakatlari bilan alohida ajralib turadi. Yana boshqa hislatlarni ham keltirib o‘tishim mumkin. Biroq yana bir bor takrorlayman, biz faqat g‘alaba uchun maydonga tushamiz. Tayyorgarlikka ham ko‘p narsa bog‘liq".
Jamoa sardori Elman Tagaev:
"Yana bir bor mehmondo‘stlik uchun rahmat aytaman. Bu o‘yinga yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik va ertaga faqat g‘alaba uchun maydonga tushamiz".
Fikrlar