Mundial sari. Tanishing - Xorvatiya terma jamoasi

  • 26 may, 2018, 23:57
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Barchamizga ma’lumki sanoqli kunlardan so‘ng Rossiya yashil maydonlarida futbol bo‘yicha XXI jahon chempionati start oladi. Sayyoramizning eng yirik musobaqasi oldidan SPORTS.uz sayti siz aziz muxlislarni mundialda ishtirok etuvchi terma jamoalar bilan tanishtirishda davom etadi. Bu safar o‘tgan asrning 90-yillaridan so‘ng mustaqillikka erishgan va shundan buyon dunyo futboliga ko‘plab yulduzlarni tarbiyalab chiqarayotgan Xorvatiya  terma jamoasi haqida fikr yuritamiz.

Tecno

Xorvatiya terma jamoasiga 1990 yil asos solindi. Ular 1992 yil yil FIFA va UEFA a’zoligiga qabul qilinishdi. Ushbu terma jamoa o‘zining ilk uchrashuvini 1990 yil 17 oktyabr kuni Zagrebda AQSh terma jamoasiga qarshi o‘tkazgan va 2:1 hisobida g‘alaba qozongan.

Jahon chempionatlaridagi ishtiroki

Xorvatiya terma jamoasi 1990 yilga qadar jahon chempionatlarida sobiq Yugoslaviyaning bir qismi sifatida ushbu yurt nomidan ishtirok etib keldi. 1994 yil esa saralashda o‘ta olishmadi.
Ushbu mamlakatning mundiallardagi ilk ishtiroki 1998 yil Frantsiyada o‘tkazilgan musobaqaga to‘g‘ri keladi. E’tiborlisi, Xorvatiya o‘zining debyut ishtirokidayoq bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Ular musobaqaning “H” guruhida Argentina, Yamayka va Yaponiya terma jamoalariga qarshi to‘p surishdi. Dastlabki ikki turda Yaponiya (1:0) va Yamayka (3:1) taslim etildi. Ammo, so‘nggi turda Argentinaga 1:0 hisobida imkoniyat boy berildi. Lekin shunga qaramay xorvatiyaliklar 6 ochko bilan guruhda ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritishdi va nimchorak finalga yo‘l olishdi. Bu bosqichda ularga Ruminiya raqiblik qildi. Xorvatiya esa Shukerning 45-daqiqada penaltidan kiritgan yagona goli evaziga chorak finalda ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Chorak finalda esa ular Germaniya terma jamoasini 3:0 hisobida engib, o‘ziga hos sensatsiya bilan yarim finalga yo‘l olishdi. Biroq, ular bu bosqichda bo‘lajak chempion Frantsiya terma jamoasiga to‘qnash kelishdi va 2:1 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘yishdi. Ammo, shunga qaramay xorvatiyalik futbolchilar musobaqaning bronza medallari uchun kechgan o‘yinda Gollandiyani huddi shu hisobda engishdi va jahon chempionatining uchinchi o‘rnini egallashdi.

Oradan to‘rt yil o‘tib mundialga Yaponiya va Janubiy Koreya terma jamoalari mezbonlik qildi. Xorvatiya esa bu safar “G” guruhida Italiya, Ekvador hamda Meksika terma jamoasiga qarshi kurash olib bordi. Dastlabi turda Meksikaga (1:0) imkoniyat boy berilgan bo‘lsada, ikkinchi bahsda Italiya 2:1 hisobida taslim etildi. Biroq,  ular so‘nggi turda kutilmaganda 1:0 hisobida Ekvadorga yutqazib qo‘yishdi va pley-off yo‘llanmasini qo‘ldan boy berishdi. Shu tariqa Xorvatiya terma jamoasining mundiallardagi ikkinchi ishtiroki o‘z yakuniga etdi.

Navbat 2006 yilgi Germaniya mundialiga etib keldi. Bu safar ular musobaqaning “F” guruhida Braziliya, Avstraliya va Yaponiya terma jamoalariga qarshi kurash olib borishdi. Dastlab Braziliyaga (1:0) imkoniyatni boy bergan Xorvatiya keyingi ikki turda Yaponiya (0:0) va Avstraliya (2:2) bilan durang qayd etdi. Hisobida 2 ochko bo‘lgan xorvatiyaliklar bu safar ham o‘z yurishlarini guruh bosqichida yakunlashga majbur bo‘lishdi.

Ular 2010 yilgi Janubiy Afrika mundiali saralashidan o‘ta olishmadi. Ammo, xorvatiyaliklar oradan to‘rt yil o‘tib Braziliya yashil maydonlarida o‘tkazilgan jahon chempionatida ishtirok etishdi. “A” guruhida ulardan tashqari mezbon Braziliya, Meksika va Kamerun terma jamoalari ham joy olishgan edi. Ular ilk turda Braziliyaga 3:1 hisobida yutqazib qo‘yishdi. Ammo, ikkinchi turda Kamerun 4:0 hisobida dog‘da qoldirildi. Biroq, so‘nggi turda Meksikaga 1:3 hisobida imkoniyatni boy bergan xorvatlar yana guruhda qolib ketishdi.

Qit’a birinchiliklaridagi ishtiroki

Xorvatiya 1992 yilga qadar sobiq Yugoslaviyaning bir qismi sifatida Evropa chempionatlarida qatnasha olmadi. Ammo, keyinchalik mustaqillikka erishgan Xorvatiya uchun 1996 yilgi Angliyada o‘tkazilgan qit’a birinchiligi bu borada ilk ishtirok bo‘ldi. O‘shanda ular musobaqaning “D” guruhida Portugaliya, Daniya va Turkiya terma jamoalari bilan bahs yuritishgan edi. Yakunda olti ochko to‘plagan xorvatiyalik futbolchilar chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdi. Ular bu bosqichda Germaniyaga to‘qnash kelishdi va yakunda 2:1 hisobida imkoniyatni boy berib, muosbaqani tark etishdi.

Keyingi to‘rt yillikning ko‘hna qit’adagi eng nufuzli musobasi Belgiya va Gollandiyada o‘tkazildi. Ammo, saralashdan o‘ta olishmagan xorvatiyaliklar ushbu musobaqada ishtirok etishmadi. Oradan to‘rt yil o‘tib esa Portugaliya Evro-2004ga mezbonlik qildi. Biroq, ular bu safar o‘z ishtiroklarini guruh bosqichidayoq to‘xtatishga majbur bo‘lishdi.

2008 yil Evropa chempionatiga Avstriya va Shveytsariya maydonlari mezbonlik qildi. Xorvatiyaliklar bu safar guruhdan chiqishni uddalashdi. Ammo, keyingi bosqichda Turkiyaga qo‘shimcha taymlarda o‘tkazib yuborilgan gollar evaziga 3:1 hisobida imkoniyatni boy berdi. Oradan to‘rt yil o‘tib Evropa chempionati Polsha va Ukraina mamlakatida bo‘lib o‘tdi. Ammo, Xorvatiya terma jamoasi bu safar ham guruhda qolib ketdi.

Frantsiyada o‘tkazilgan oxirgi Evropa chempionatida xorvatiyaliklar biroz o‘zlariga kelib olishni uddalashdi. Musobaqaning “D” guruhida ularga Ispaniya, Chexiya va Turkiya terma jaomoalari to‘qnash kelishdi. Guruhda Turkiya (1:0) va Ispaniya (2:1) mag‘lub etildi, Chexiya bilan esa 2:2 hisobida jangovor durang qayd etildi. Shu tariqa guruhda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan Xorvatiya navbatdagi bosqichda bo‘lajak chempion Portugaliya terma jamoasiga qarshi maydonga tushdi va 1:0 hisobida imkoniyatni boy berdi.

Xorvatiya terma jamoasi haqida qiziqarli faktlar

Eng yirik g‘alabasi: 2016 yil 4 iyun, Xorvatiya – San-Marino 10:0.

Eng yirik mag‘lubiyaiti: 2009 yil 9 sentyabr, Angliya – Xorvatiya 5:1.

Eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi: Dario Srna (134).

Eng yaxshi to‘purar: Davor Shuker (45).

FIFA reytingidagi eng yuqori o‘rni: 3-o‘rin (1999).

FIFA reytingidagi eng past o‘rni: 125-o‘rin (1994).

Xorvatiya terma jamoasi bosh murabbiyi Zlatko Dalich bundan bir necha kun oldin JCh-2018da ishtirok etadigan 23 nafar futbolchi nomini ma’lum qildi.

Quyida ushbu futbolchilar ro‘yxati bilan tanishib olishingiz mumkin:

Darvozabonlar: Daniel Subashich («Monako»), Lovre Kalinich («Gent»), Dominik Livakovich («Dinamo», Zagreb).

Himoyachilar: Vedran Chorluka («Lokomotiv»), Domagoy Vida («Beshiktash»), Ivan Strinich («Sampdoriya»), Deyan Lovren («Liverpul»), Shime Vrsalko («Atletiko»), Yosip Pivarich («Dinamo», Kiev), Tin Edvay («Bayer»), Matey Mitrovich («Bryugge»), Duye Chaleta-Tsar («Zaltsburg»).

Yarim himoyachilar: Luka Modrich, Mateo Kovachich (ikkalasi — «Real»), Ivan Rakitich («Barselona»), Milan Badel («Fiorentina»), Marselo Brozovich («Inter»), Filip Bradarich («Rieka»);

Hujumchilar: Mario Mandjukich («Yuventus»), Ivan Perishich («Inter»), Nikola Kalinich («Milan»), Andrey Kramarich («Xoffenxaym»), Marko Pyatsa («Shalke»), Ante Rebich («Ayntraxt»).

Eslatib o‘tamiz, Xorvatiya JCh-2018ning “D” guruhida Frantsiya, Islandiya va Nigeriya terma jamoalariga qarshi kurash olib boradi.

Baxtiyor TOShTEMIROV tayyorladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!