
Andijonda “Vodiy Konstitutsiya kubogi-2018” musobaqasi bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 10-14 dekabr kunlari Andijon shahridagi Sportning o‘yin turlari va engil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabida 2006-2007 yillarda tug‘ilgan bolalar o‘rtasida 8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 26 yilligi munosabati bilan “Vodiy Konstitutsiya kubogi-2018” mini futbol musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu turnirda vodiy viloyatlaridan jami 12ta jamoa ishtirok etdi. Qizg‘in va murosasiz bahslarga boy kechgan bellashuvlar yakuniga ko‘ra mezbon jamoa – “Andijon IBO‘SM” va Namanganning “Barkamol” jamoasi finalga qadar etib borishdi. Hal qiluvchi bahs haqiqiy gollar shousiga aylanib ketdi. Asosiy vaqt 7:7 hisobida durang bilan yakunlandi. G‘olib nomi esa penaltilar seriyasida aniqlandi. Unda omad mezbonlarga kulib boqdi.
Musobaqaning bronza medallari uchun Farg‘ona va To‘raqo‘rg‘on jamoalari kurash olib borishdi. Bu o‘yinda omad farg‘onaliklarga nasib etdi. Ular raqiblarini 2:1 hisobida taslim etishdi.
Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar medal hamda maxsus diplomlar bilan taqdirlanishdi.
Fikrlar