
Zoirov – Aloyan. Tokioda ham super jang takrorlanadimi yoxud “Rio-2016” oltinini Zoirovga boy bergan Aloyan yana Olimpiadagi bormoqchi
Rossiyalik taniqli bokschi Mixail Aloyan 2016 yilgi Olimpiya o‘yinlari finalida o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustasi Shahobiddin Zoirovdan qaqshatqich mag‘lubiyatga uchragan edi. O‘sha uchrashuv Mixail uchun havaskor boksdagi oxirgi jang bo‘lib qolmoqda. Qolaversa, Rio Olimpiadasidan keyingi doping mojarosi oqibatida doping iste’mol qilgani isbotlangan Aloyan sovrinini Xalqaro olimpiya qo‘mitasiga qaytarib berishga majbur bo‘ldi.
Keyinchalik professional boksga o‘tgan Aloyanning profringda ham ishlari u qadar silliq kechmadi. Avvaliga hammasi ko‘ngildagidek edi. Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionatlarida nimalarga qodirligi ko‘rsatgan bokschi sifatida professonallar o‘rtasida ham chempionlik jangiga juda tez erishdi.
Unga ketma-ket reytingi baland raqiblarni ro‘baro‘ qilishdi. Yader Kardoza, Marvin Solano, Xermogenez Kastilo, Aleksandr Espinozani mag‘lub etgan Aloyan beshinchi jangidayoq jahon chempionligi uchun ringga chiqishga muvaffaq bo‘ldi.
2018 yilning 13 oktyabrida WBO chempionligi uchun o‘tkazilgan jangda Aloyan o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida Janubiy Afrika Respublikasi vakili Zolani Tetega imkoniyatni boy berdi.
Lekin kurashga to‘ymagan bokschi yana havaskorlar boksiga qaytib, faoliyatida uchinchi bor Olimpiya o‘yinlariga borishga qaror qildi.
- Professonal boksga o‘tganimda ortga qaytishim mumkinligini ham hisobga olganman, - deydi Mixail Aloyan o‘z qarorini ma’lum qilganidan so‘ng. – Albatta, buning uchun avvalo terma jamoaga kirishim kerak.
Darhaqiqat, uchun ikki karra jahon chempioni va London Olimpiadasi sovrindori endi yil oxirida Rossiya chempionatida o‘zini ko‘rsatib, terma jamoadan joy olishi lozim.
Shahobiddin Zoirovning vaziyati esa boshqacha. Rio Olimpiadasidagi g‘alabadan so‘ng yana o‘z vaznida tengsiz ekanini isbotlagan buxorolik bokschi O‘zbekiston terma jamoasi safida xalqaro miqyosdagi musobaqalarda muvaffaqiyatli qatnashib kelmoqda.
Shahobiddin o‘tgan yili Rossiya mezbonlik qilgan jahon chempionatida ketma-ket olti raqibini engib, jahon chempioni bo‘ldi va shu bilan birga Tokio Olimpiadasiga yo‘llanma ham naqd qildi.
Iste’dodli charm qo‘lqop ustasi 2019 yildan buyon professonallar o‘rtasidagi janglarda ham qatnashmoqda. Mixail Aloyan profringdagi barcha uchrashuvlarini o‘z vatanida o‘tkazgan bo‘lsa, Shahobiddin Zoirov Birlashgan Arab Amirliklari, Daniya va Saudiya Arabistonida tashkil etilgan boks kechasida raqiblarini mag‘lub etdi.
Hozircha, Shahobiddin Zoirov O‘zbekiston terma jamoasi safida bo‘lajak Olimpiadaga reja asosida tayyorlanmoqda. Mixail Aloyan esa o‘zbek bokschisi bilan kuch sinashish imkoniyatiga ega bo‘lishi uchun ancha yo‘lni bosib o‘tib, bunga munosib ekanini isbotlashi kerak.
Fikrlar