
Yugurishni o‘zbek legioneridan o‘rganing!
Evropada to‘p tepayotgan legionerlarimizdan biri Otabek Shukurov “Fotih Karagumruk” jamoasining etakchi o‘yinchilaridan hisoblanadi.
Turkiya Superligasida qatnashayotgan bu jamoa 20-turda “Alanyaspor” mehmoni bo‘lib, keskin va murosasiz o‘tgan uchrashuvda 2:2 hisobida durang o‘ynadi.
Statistik ma’lumotlarga ixtisoslashgan Instat sayti chempionatning 20-turida maydonda eng ko‘p masofa bosib o‘tgan futbolchilar reytingini e’lon qildi.Unga ko‘ra, kuchli beshlikning eng yuqori ikki pog‘onasini Andre Pirlo shogirdlari – italiyalik yarim himoyachilar Matteo Richchi va Otabek Shukurov qayd etilgan.
“Alanyaspor”ga qarshi bahsda Richchi jami 13.99 kilometr masofani bosib o‘tgan. Ikkinchi ko‘rsatkichni qayd etgan Otabek Shukurov 13.24 kilometr yugurgan.
Shuningdek, kuchli beshlikdan “Bashakshehir” vakillari Mahmud Tekdemir va Berkay O‘zjan, “Alanyaspor” o‘yinchisi Umut Gunesh ham o‘rin oldi.
Otabek Shukurov yurtimiz futboliga ko‘plab iste’dodli o‘yinchilarni tarbiyalab bergan “Mash’al” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Professional faoliyatini shu jamoada 2014 yilda boshlagan.
Bir yildan so‘ng, iste’dodli markaziy yarim himoyachi “Bunyodkor”ga ko‘chib o‘tdi. U poytaxt klubida 2017 yilning oxirigacha to‘p tepdi.
Otabek 2018 yilning yanvarida Birlashgan Arab Amirliklarining “Sharja” klubiga transfer qilindi va ilk bor legioner maqomini oldi. Arab diyorida bir necha mavsumni muvaffaqiyatli o‘tkazgan futbolchimiz o‘tgan yili yozda faoliyatini Evropa futbolida – Turkiya chempionatida davom ettirishga qaror qildi.
Shukurov “Fotih Karagumruk” safiga qo‘shilganidan beri Turkiya Superligasi va mamlakat kubogida jami 18 ta uchrashuvda qatnashib, raqiblar darvozasiga bitta to‘p kiritishga muvaffaq bo‘ldi.
Yaqin o‘tmishning mashhur futbolchisi – Andrea Pirlo boshqarayotgan bu jamoa Superliga o‘rtamiyonalaridan hisoblanadi.
Bu jamoada Otabek italiyalik Emiliano Viviano, Davide Biraski, Matteo Richch, Fabio Borini, senegallik Mbaye Dian, serbiyalik Adem Lyayich kabi nomdor futbolchilar bilan birga o‘ynamoqda.
26 yoshli futbolchimiz 2016 yildan beri O‘zbekiston milliy terma jamoasiga jalb qilib kelinmoqda. Hozirchaga mamlakatimiz bosh jamoasi libosida 50 ta uchrashuvda maydonga tushgan va o‘z hisobiga uchta to‘p yozdirib qo‘ygan.
Otabek terma jamoada Xitoy, Senegal va Saudiya Arabistoni darvozasini ishg‘ol qilgan va jamoadoshlariga uchta golli pas uzatgan.
Shukurov klublar miqyosida shu kunga qadar 205 ta uchrashuvda maydonga tushib, 16 ta gol va 11 ta assist muallifi bo‘ldi.
Fikrlar