
"Yoshim hali kattta emas, jamoamizda balans bor, chempionlik "Nasaf"ga ketgani haqida gapirishga erta" yoxud Oleg Zoteev qaerdan kuch olyapti?
Ivan Boshkovich boshchiligidagi “So‘g‘diyona” chempionatda ancha sermazmun o‘yin ko‘rsatib, ayni paytda “Nasaf” va OKMKdan keyin 3-o‘rinda turibdi. Jamoa tarkibida kelajagi porloq, iqtidorli yoshlar ko‘p.
Shuningdek, yoshi katta tajribali futbolchi sifatida Oleg Zoteev ularga o‘rnak ko‘rsatmoqda. Jamoa sardori maydonda yoshlardan qolishmagan holda o‘z tajribasi bilan “So‘g‘diyona”ga foyda keltiryapti.
Sports.uz jurnalisti Oleg Zoteevdan intervyu oldi.
- Oleg, "So‘g‘diyona" mavsumni ajoyib tarzda o‘tkazyapti va hozirda 3-o‘rinda. Bundan qoniqish hosil qilyapsizmi?
- Mavsum boshidan hech kim “So‘g‘diyona” yuqori o‘rinlarda yuradi, deb o‘ylamagandi. O‘zim har doim maksimal darajada natija xohlayman. Hozir qoniqyapmizmi-yo‘qmi, barchasi chempionat tugaganidan keyin bilinadi. Negaki, hali 9 ta tur bor. Shuning uchun hamma narsa bo‘lishi mumkin. Maksimal darajada natija ko‘rsatishga harakat qilamiz. Qanday o‘tganini mavsum yakunida gaplashamiz.
- Tarkibda yoshlar ko‘p va siz yoshi katta futbolchi sifatida ikkinchi yoshligingizni o‘tkazyapsiz, shundaym? Yoshlar bilan to‘p surish sizga qanday tuyulmayaptimi?
- To‘g‘ri (kuladi). Jamoamizda balans bor. Yoshi katta fubolchilarimiz hozircha 60x40. Zaxirada ham yoshlar bor. Lekin katta o‘yinchilar ham bor. Kimdir ikkinchi yoki uchinchi yoshligimni o‘tkazayotganim haqida aytishadi. Nechani yoshligimni o‘tkazayotganimni bilmayman (kuladi). Lekin har kuni sport formamni yaxshi darajada ushlab turishga harakat qilyapman. Yoshlar bilan ishlashda biroz qiyinchiliklar bor, ammo yaxshi jihatlari ham bor. Bunga moslashib qolganman. Biz ham o‘z paytida yosh bo‘lganmiz va o‘sganmiz. Ulardan qolishmayapman va kerak bo‘lsa yuqori darajada mashg‘ulotlarni o‘tkazyapman. Shuningdek, doim yoshlarga yordam berib, ularni qo‘llab-quvvatlayapmiz.
- Siz ko‘plab murabbiylar bilan ishlagansiz. Ivan Boshkovichning siz uchun boshqalardan farqli tomoni nimada?
- O‘zingiz bilasiz, har doim bunday savolga mavsum tugaganidan keyin javob beraman. Bitta narsani aytaman: har bir murabbiyni kuchli taraflari bor. Boshkovichni o‘ziga yarasha juda ko‘p kuchli jihatlari bor. Qolganini mavsum tugaganidan so‘ng gaplashamiz.
- Ko‘pchilik sizni yoshi katta, yordami unchalik tegmaydi deb ham o‘ylashgandi. Ammo "So‘g‘diyona"da haqiqiy etakchiga aylandingiz. Bu nima bilan bog‘liq va qaerdan kuch olyapsiz?
- O‘ylaymanki, meni hali yoshim u qadar katta emas. Boshqa chempionatlarga qarasangiz 38-39 yoshli futbolchilar bor. Italiyada 37, 38, 39, 40 yoshgacha bemalol futbol o‘ynaydilar. Menimcha, to‘g‘ri rejim qilsangiz va jarohat olmasangiz o‘ynayverasiz. Albatta, jismoniy holatingiz ham yaxshi bo‘lishi kerak. Inesta, Maldini, Kolarov singari futbolchilar bemalol to‘p surishgan. Janubiy Koreya chempionatida to‘p surib keldim. U erda ham 38-39 yoshli o‘yinchilar yaxshi klublarda o‘ynashadi. Misol uchun, “Chonbuk Motoros”da 36-37 yoshli himoyachilari bor. Menimcha, allaqachon yoshga ahamiyat bermaslik kerak. Jismoniy holatiga e’tibor qaratish lozim. Kim nima deydi, bilmayman. “So‘g‘diyona”ga qanchalik yordamim tegayotganini mavsum oxiri ko‘rsatadi. Hozir esa shu narsa haqida gapirishga erta. Kuchni qaerdan olaman? Rejim, ovqat orqali kuch olaman. Motivatsiya degan narsa ham bor. Motivatsiya orqali ham maza qilib o‘ynagim keladi. Farzandlarim o‘yinlarimni ko‘rib maza qilishlarini istardim. Xudo xohdasa, shunday bo‘lyapti. Bolalarim o‘yinlarimni ko‘rib esda qoladigan bo‘lishi kerak. Shu narsa ham menga kuch va motivatsiya beradi. Oilamni qo‘llab-quvvatlashi ham menga katta kuch beradi.
- O‘zbekiston Kubogi finaliga “Navbahor” bilan “Andijon” chiqdi. Bu haqida nima deya olasiz?
- To‘g‘risini aytsam, O‘zbekiston Kubogi finali haqida fikr bildirishim qiyin. Nimaga desangiz, deyarli ikki haftalik tanaffus. Keyin chempionatda 3 ta tur bor. Shundan so‘ng Farg‘onada final bo‘ladi. Menimcha, imkoniyatlar 50x50. Ikki hafta futbol o‘ynamasdan sport formani ushlab turish klublarga qiyin. Oktyabr boshida kimda jarohatlar kamroq bo‘lsa, kim ruhiy tarafdan yaxshi tayyorgarlikka ega bo‘lsa, o‘sha jamoa Kubokni yutadi. Bitta o‘yin uchun har qanday jamoa puxta tayyorlanib, maqsadiga erishsa bo‘ladi. Bunga ko‘p misollar bor. Finallarda kichkina jamoalar katta jamoalarni yutgan. Bitta o‘yin baribir bitta o‘yin. Shuning uchun imkoniyatlar teng. Bu mavsumda “Navbahor”ga ham, “Andijon”ga ham qarshi o‘ynaganman. Har bir jamoani o‘ziga yarasha kuchli taraflari bor.
- “So‘g‘diyona”ning asosiy vazifasi nima? Chempionlik “Nasaf”ga ketdi, deb o‘ylaysizmi?
- “Nasaf”ga chempionlik ketgani haqida gapirish erta. Har yili “Nasaf” yuqorida borgan va ikkinchi davrani oxirlarida o‘yinlarini yaxshi o‘tkaza olmagan, ochkolarni yo‘qotgan. Natijada 1-o‘rinni shunday tarzda bir necha bor boy berib qo‘ygan. Endi “Nasaf” OChLdagi ishtirokini ham boshlaydi. Shu narsa ham bog‘liq bo‘lishi mumkin. Ammo hali “Nasaf” chempion emas. Bu aniq. “So‘g‘diyona”ni vazifasi har uchrashuvda g‘alaba qozonish. Qolganini mavsum oxirida ko‘ramiz. Jamoamizdagi futbolchilar qaysi o‘rinni olamiz, deb o‘ylashmayapti. Maqsad har bir uchrashuvda g‘alabani qo‘lga kiritish.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar