
Yaxshiboevni qanday sovrin kutyapti?
Belarus chempionati o‘zbekistonlik legioner Jasur Yaxshiboev uchun har tomonlama omadli kelganini alohida ta’kidlash lozim. Hamyurtimiz ishtirok etayotgan “Shaxtyor” so‘nggi tur oldidan musobaqa jadvalida asosiy raqobatchisi BATEdan bir ochkoga ortda qolayotgan bo‘lsa-da, hali nazariy jihatdan so‘nggi tur oldidan chempionlik uchun da’vogar hisoblanadi. Oxirgi o‘yinda nimalar yuz berishi mumkinligini hech kim bilmaydi.
28 noyabr kuni bo‘ladigan oxirgi uchrashuvda Yaxshiboev jamoasi o‘z maydonida chempionat o‘rtamiyonasi “Minsk”ni qabul qiladi va katta ehtimol bilan uch ochkoni qo‘lga kiritadi.
BATE esa, safar uchrashuvida “Dinamo-Minsk” mehmoni bo‘ladi. “Dinamochilar” o‘tgan mavsumda sovrinli o‘rinlardan quruq qolib, chempionatni to‘rtinchi pog‘onada yakunlagandi. Bu yil borisovliklarni enggan taqdirda, uchinchi o‘rinni egallashi mumkin. Nazariy jihatdan bunga imkon bor.
Demak, Belarusda chempionlik masalasi hali echimini topgani yo‘q. Jasur Yaxshiboev chempion bo‘lishidan umid uzmaymiz.
O‘zbekistonlik legioner to‘purarlar bahsida BATE hujumchisi Maksim Skavishga yutaqazib qo‘yganini tan olishga majburmiz. So‘nggi tur oldidan belaruslik to‘purar hisobida 19 ta gol bor. Jasur Yaxshiboev uchta to‘pga ortda qolmoqda. Endi, Jasur oxirgi o‘yinda kamida poker qayd etib, Skavishning gol urmasligi bu fantastika bo‘lib ketadi.
Yana kim biladi, deysiz?
Jasur Yaxshiboev individual sovrinlarga da’vogarligini saqlab qoldi. Xususan, o‘zbek futbolchisi gol+pas tizimi bo‘yicha hammadan yaxshi natija qayd etgan. Raqiblar darvozasini 16 marotaba ishg‘ol qilgan hamyurtimiz jamoadoshlarining gol urishi uchun oltita vaziyatda to‘pni aniq oshirib bergan. Jasur bu borada 22 ochko to‘pladi.
Gol+pas tizimida uning eng yaqin ta’qibchisi Maksim Skavish urgan gollaridan tashqari bir marta samarali pas uzatgan va jami 20 ballga ega. Uchinchi o‘rinda borayotgan BATE futbolchisi Pavel Nixaychik 12 ta to‘p kiritib, 7 marta assistentlik qilgan va uning hisobidagi ballar 19 taga etdi.
Bundan tashqari, Jasur “Pressbol” tanlovi bo‘yicha chempionatning eng yaxshi futbolchisi bo‘lishga asosiy da’vogar bo‘lib turdi. Bu reytingda futbolchilarning har bir uchrashuvda qo‘lga kiritgan ballar yig‘indisining o‘rtalamasi hisobga olinadi.
Reytingda ko‘tarilish va o‘z o‘rnini saqlab qolish uchun futbolchilar chempionat davomida barqaror o‘yin ko‘rsatishi kerak. Jasur Yaxshiboev birinchi davrani “Energetik-BGU”, chempionatning ikkinchi yarmini “Shaxtyor”da o‘tkazayotganiga qaramay, musobaqada muntazam yuqori saviyada o‘ynamoqda. U ilk turlardanoq, eng yaxshi futbolchilar reytingining birinchi pog‘onasiga ko‘tarilib oldi va hozirgacha peshqadamlikni hech kimga bermay kelmoqda.
Yakunlangan 29 tur natijalariga ko‘ra, Jasur Yaxshiboev 26 ta uchrashuvda 5,63 ball jamg‘argan. Ikkinchi o‘rinda turgan BATE etakchisi Igor Stasevich hisobida 5,50 ball bor. Kuchli uchlikni yakunlab turgan “Torpedo-BelAZ”ning braziliyalik legioneri Gabriel Ramos hisobida 5,44 ball bor. Jasur oxirgi uchrashuvda eng pas ball olgan taqdirda ham umumiy hisobda unga hech kim etolmaydi.
Reyting natijalari bilan tanishing:
Fikrlar