Yana katta umidlar bilan yoxud O‘zbekiston OTJning Osiyo chempionatidagi muvaffaqiyatini yodga olamiz

  • 8 yanvar, 2020, 12:25
  • Bekzod Isayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bugundan Tailandning Songxla, Buriram va Bangkok shaharlarida 23 yoshgacha futbolchilar o‘rtasida Osiyo chempionati start oladi.

Tecno

photo_2020-01-08_06-46-27

Guruh bosqichida O‘zbekiston olimpiya termasi Eron, Xitoy va Janubiy Koreya jamoalari bilan kuch sinashadi. Qit’a birinchiligida Olimpiada yo‘llanmasi uchun kurash kechadi va kuchli uchlikdan joy olgan jamoalar Tokio-2020 chiptasini qo‘lga kiritadi. Qit’a chempionatiga munosib tayyorgarlik olib borgan O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi ayni paytda musobaqa doirasidagi ilk o‘yinini o‘tkazadigan Songxla shahriga etib kelgan va birinchi uchrashuv - Eronga qarshi bahsga hozirlik ko‘rmoqda. Turnir oldidan musobaqa tarixi borasida so‘z yuritamiz.

U-23 Osiyo chempionati – eng yosh musobaqalardan biri. Mazkur birinchilik yo‘lga qo‘yilganiga ko‘p bo‘lmadi. 2013 yili asos solingan turnir shu paytgacha 3 marta o‘tkazildi. Chempionatda 16 ta terma qatnashadi. Bellashuvlar yanvar oyida bo‘lib o‘tadi.

Dastlabki turnirga Ummon mezbonlik qilgan edi. Vakillarimiz ilk urinishda guruh bosqichida to‘xtashgan. Chempionlik Iroqqa nasib etgan. Kumush medalni Saudiya Arabistoni, bronzani esa iordaniyaliklar qo‘lga kiritgan.

2016 yili chempionat Qatarga ishonib topshirildi. Bu gal ham hamyurtlarimiz guruhdan chiqa olishmadi. Yaponiya sovrinni boshi uzra baland ko‘tardi. Janubiy Koreya finalda “kunchiqar yurt” vakillariga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Uchinchi o‘rin dastlabki chempion Iroqqa nasib etdi.

u23

Uchinchi chempionatga Xitoy mezbonlik qildi. “Chin yurti” biz uchun chindan ham omadli chiqdi. Avvalgi urinishlarda guruhdan nariga o‘ta olmagan olimpiyachilarimiz Ravshan Haydarov qo‘l ostida kubokni boshlari uzra baland ko‘tarishdi. Qur’aga ko‘ra, O‘zbekiston mezbon – Xitoy, shuningdek Qatar va Ummon bilan “A” guruhidan joy oldi.

Vakillarimiz musobaqani Qatardan mag‘lubiyat bilan boshlashdi. Ikkinchi turda xitoyliklarni yagona gol evaziga taslim etdik. Kvartetdagi oxirgi bahsda Ummonni ham minimal hisobda engdik. Guruh bosqichini 6 ochko jamg‘argan holda 2-o‘rin bilan yakunladik. Bizdan yuqorida barcha uchrashuvlarda g‘alaba qozongan Qatar turardi.

Chorak finaldan raqiblar jiddiylashib boraverdi. Bu bosqichda hamyurtlarimizga amaldagi chempion Yaponiya ro‘baro‘ keldi. Lekin yigitlarimiz “kunchiqar yurt” futbolchilarini birinchi taym oxirida nokautga uchratishdi. Ya’ni 31, 34 va 39-daqiqalarda gollar urib, yakunda yirik 4:0 hisobida zafar quchishdi.

uzbek-u23-vietnam

Yarim finalda Ravshan Haydarov shogirdlari Yaponiya ustidan erishilgan g‘alaba tasodif emasligini isbotlashdi. Janubiy Koreya birinchi taymda Zabihillo O‘rinboev kiritgan to‘pga javob berishni uddaladi. Ikkinchi bo‘limda jamoalar darvozalarga yo‘l topa olishmadi. Ekstra taymlarda esa Azizjon G‘aniev, Jasurbek Yaxshiboev va Akramjon Komilov kiritgan gollar final eshiklarini ochdi.

532582924482797757

Hal qiluvchi bellashuvda Vetnam bilan kuch sinashdik. Qor ostida kechgan duel kurashlarga boy bo‘ldi. Tezkor gol kiritdik. Rustamjon Ashurmatov boshi bilan to‘pni to‘rga yo‘lladi. Biroq dastlabki 45 daqiqalik oxirida raqib futbolchisi standartdan gol urib, muvozanatni tikladi. Maydondagi qorni tozalash tufayli salkam bir soat davom etgan tanaffusdan so‘ng futbolchilarning harakatlaridan naf chiqmadi. Natijada qo‘shimcha taymlarga murojaat qilindi. Zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Andrey Sidorov “sehrli tayoqcha” vazifasini a’lo darajada bajardi. Maydonga tushganiga hali ko‘p bo‘lmagan Sidorov uchrashuvning oxirgi daqiqasida gol urib, jamoamizning tarixiy g‘alabasini ta’minlagandi.

7360903

Shu o‘rinda Ravshan Haydarovning topqirligi va dovyuraklik namoyish etgani e’tiborga molik. U o‘yin oxiri ekanligiga qaramay himoyachi o‘rniga hujumchini maydonga tushirib, tavakkal qilishdan qo‘rqmadi. Futbolchilarimiz musobaqani mag‘lubiyat bilan boshlab, o‘zlarini yo‘qotmasdan iroda namoyish etishdi. Natijada terma jamoamiz ilk bor Osiyo chempionligini qo‘lga kiritdi.

ravshan

Oxirigacha kurashgan vetnamliklar kumush medallariga ega chiqishdi. Bizni guruhda enggan Qatar uchinchi o‘rinni band etdi. Shu o‘rinda ko‘pchilik ushbu musobaqada etakchi jamoalar yoshlar bilan tashrif buyurganini, bu esa biznikilarga qo‘l kelganini ta’kidladi. To‘g‘ri. Ammo chempionatga qanday tarkibda borish har kimning o‘z muammosidir. Endi Lyubinko Drulovich shogirdlari unvonni himoya qilishlari kerak. Bu oson emasligini barcha yaxshi biladi, biroq uddalasa bo‘ladigan vazifa. Eng asosiysi, hamma chin dildan harakat qilib, ortida millionlab xalqimiz turganini unutmagan holda maydonga chiqishi lozim. Ana shundagina futbolchilarimiz maqsadlariga etishishadi.

Umid qilamizki, olimpiyachilarimiz Tailanddan kamida Tokio-2020 yo‘llanmasi bilan qaytishadi!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!