
Vitaliy Levchenko: "Kimdir sotib olmoqchi bo‘lsa muzokara o‘tkazishga tayyormiz"
Farg‘onaning “Neftchi” jamoasi chempionatning oxirgi turida Namanganda “Navbahor”ga qarshi bo‘lib o‘tgan vodiy derbisida 1:1 hisobida durang o‘ynadi. Bellashuvdan keyin “Neftchi” bosh murabbiyi Vitaliy Levchenko savollarga javob qaytardi.
- Barcha muxlislarni tabriklayman. Ular yuqori klassdagi futbol guvohi bo‘lishdi. Qo‘shimchasiga mavsumni yakunida derbi. Bu derbida ko‘plab emotsiyalar maydonda va har ikkala jamoa murabbiylar o‘tiradigan zaxira o‘rindig‘ida ham shunday holat kuzatildi. Haqiqiy futbol bayrami kuzatildi, barcha qoniqdi. G‘alabani xohlagan bo‘lsak-da, yakunda durang bilan yakuniga etdi. Natija adolatli bo‘ldi. Birinchi davradagi o‘yinda ham durang qayd etilgandi. Jamoalarni kuchlari teng darajada ekanligini ko‘rsatib berdi.
- Tabatadzeni “Neftchi”dan ketishi va “Navbahor”ga o‘tganiga munosabatingiz qanday bo‘ldi? Bu futbolchi ketgach, “Neftchi”ni natijalariga ta’sir qilgandek...
- Birinchi o‘rinda shuni aytishim kerakki, bu erda ko‘p narsa o‘yinchini o‘ziga bog‘liq. Futbolchi jamoada o‘ynashni istamasa misol uchun “Neftchi”dami Namangandami, uni ushlab turishdan nima naf bor?! Bunday futbolchida ishtiyoq bo‘lmaydi. Uni sizlarga ko‘proq foydasi tegdi. “Navbahor” chempionlik uchun kurashadigan klub. Jamoa oldiga yaxshi vazifalar qo‘yilgan edi, agar xohish bo‘lmasa futbolchini ushlab turish kerak emas. O‘ynashga ishtiyoqi bormi, marhamat o‘ynatamiz. Agar aksincha bo‘lsa uni ushlab turmaymiz.
- Jamoangizni bugungi o‘yinidan qoniqdingizmi? Nimalarni kutgandingiz? PFL futbolni rivojlantirish uchun yana nimalar qilish kerak, deb o‘ylaysiz?
- Qo‘ldan kelganicha va kuchi etganicha futbolni yaxshi tashkil qilishga harakat qilmoqda. Chimlar ham yaxshi holatda. Kiyim almashtirish xonalari ham O‘zbekistonda ancha qoniqarli. Boshqa davlatlar bilan solishtirgan holda shunday xulosaga kelmoqdaman. PFL qo‘lidan kelganicha yaxshi sharoitlarni ta’minlab berishga harakat qilib kelyapti. Futbol bosqichma-bosqich rivojlanyapti. O‘zbekistonda futbolga bo‘lgan e’tibor meni quvontiryapti. O‘yinga kelsak, nimadir o‘xshadi, nimadir o‘xshamadi. Birinchi taymda faolroq bo‘ldik va gol ham urdik. Ikkinchi bo‘limda esa boshqacharoq harakat qildik. “Navbahor”da etakchi o‘yinchi paydo bo‘ldi va barchasini o‘z qo‘liga oldi. Birinchi bo‘limda Oston O‘runov o‘rtada o‘ynadi. Ikkinchi bo‘limda esa o‘zining sevimli nuqtasiga o‘tdi. U qiyin holatga solib qo‘ydi, deb o‘ylayman. Gol ham o‘tkazib yubordik. Ammo yomon o‘ynamadik.
- Umar Adhamzoda nega maydonga tushmadi?
- Uchrashuvdan avval shamollab qolgandi. Dori-ukollar berdik. Avvalo, uni sog‘ligini o‘yladik. Shamollab qolgani bois uni qaydnomaga kiritmadik.
- Uni klub bilan shartnomasi bormi?
- Bir yillik shartnomasi bor. Kimdir sotib olmoqchi bo‘lsa, muzokara o‘tkazishga tayyormiz.
- “Neftchi”ning eng yaxshi va eng yomon o‘yin haqida nima deya olasiz?
- Eng yaxshi o‘yinlarimiz oldinda. Yomon o‘yinlarimizni hali tahlil qilib ko‘rmadik. Yomon o‘yinlarni hozircha keng ommaga oshkor qila olmayman.
- Yorqin o‘yinchi?
- “Paxtakor”ga qarshi bo‘ldi, deb o‘ylayman. Turnir jadvalidagi yuqoridagi klublar bilan yaxshi o‘yin ko‘rsatdik.
- “Navbahor”ning OChLdagi o‘yinlarini qanday baholaysiz?
- Agar Hindistonda mag‘lubiyatga uchramasa ko‘zlagan maqsadiga erishishi mumkin. Jamoaning imkoniyatlari yuqori. Barchasi o‘z qo‘lida. Sifatli o‘yin ko‘rsatishsa, natija ham bo‘ladi.
- Farg‘onalik va namanganlik muxlislarning o‘zaro munosabatlari haqida fikringiz qanday?
- Uchrashuvdan avval ikkala jamoa ishqibozlari bir-biri bilan yaxshi munosabatda bo‘lishayotgani va salom-alik qilishayotganiga guvoh bo‘ldim va buni doimiy ravishda davom ettirish kerak, deb o‘ylayman. Ular do‘st bo‘lsa, o‘zbek futboli rivojiga faqat hissa qo‘shishadi.
Fikrlar