
Viktor Kumikov: "Kayfiyatim juda yomon"
“Andijon” – “Nasaf” (1:1) o‘rtasidagi qiyin o‘yindan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar ustozi Viktor Kumikov qatnashdi.
- Qiyin jamoa bilan o‘ynadik. Ammo g‘alaba qozonishimiz uchun yaxshi imkoniyat bo‘lgandi. O‘yin oxiridagi penaltidan foydalana olmaganimiz rejalarimizni barbod qildi. Bunday holatda uchrashuv haqida hech nima gapirging va tahlil qilging kelmaydi. Afsus, penaltini ikki marta tepdik, biroq gol ura olmadik. Bilmadim, o‘yinchilarimizning darajasi balki shudir yoki omadimiz kelmadi. Kayfiyatim juda yomon. Futbol haqida gapirishni va muhokama qilishni xohlamayman. Sizlardan uzr so‘rayman, izohim shu.
Albatta, natijadan qanaqasiga qoniqishim mumkin? 89-daqiqada penalti tepdik, biroq gol ura olmadik. Keyin yana qayta tepish imkoniyatini berishdi, yana gol ura olmadik. Agar penalti bo‘lmaganida kayfiyatim bu darajada bo‘lmasmidi?! Lekin biz o‘zimizni qiyin vaziyatdan olib chiqib ketishimiz mumkin bo‘lgan qulay imkoniyatdan foydalana olmadik va bunga o‘zimiz aybdormiz. Bilmadim, ehtimol charchab qolishgandir.
Hech kim yigitlarga tajovuzkorlikni kamaytirishga ko‘rsatma bermadi. Aksincha, xuddi birinchi bo‘limdagidek davom ettirishni va raqibni yanada ko‘proq siquvga olishni tayinlagandim. Futbolchilarning ruhiyati shunaqa, hisobni ushlab qolishni o‘ylashadi. Shu bois ham maydonda shunday narsalar yuz berdi. Raqib foydasiga hech nima sodir bo‘lmagan vaziyatda penalti belgilandi. Kim biladi, qanaqa penalti yuz berdi, tushunarsiz.
Fikrlar