
Viktor Jalilov: "Bugun hech kim g‘alabaga munosib emasdi"
“Navbahor” – “Qizilqum” (0:0) jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvdan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar bosh murabbiyi Viktor Jalilov qatnashdi
- Har ikki jamoa bir-biriga munosib ekanligini, teng kuchga ega ekanligini ko‘rsatdi. Shu bois, gollar ko‘rmadik. "Qizilqum"da ham, bizda ham 100 foizli vaziyatlar bo‘lmadi. O‘ylashimcha, durang adolatli bo‘ldi. Bugun hech kim g‘alabaga munosib emasdi. Garchi har ikki jamoa astoydil kurashgan bo‘lsa ham. Birinchi davrada ham ular bilan tengma-teng o‘ynab, durang qayd etgandik. Faqat bugun hujumda konstruktivlik etishmadi.
Mashg‘ulot va o‘yin boshqa-boshqa narsalar. Mashg‘ulotlarda rasmiy o‘yinlardagi kabi qarshilik bo‘lmaydi. Afsuski, o‘yinda mashg‘ulotda ishlagan rejalarimiz ish bermayapti. O‘ylashimcha, qaerdadir hujumda mahorat etishmayapti. So‘nggi nuqtani qo‘yadigan futbolchi bo‘lmayapti.
O‘rinboevdan avval birinchi davrada legioner o‘ynadi. Albatta, muxlislarni ham, bizni ham hujumchining bunday o‘yini qoniqtirmayapti. Lekin vaziyat shuni taqozo etyapti. Futbolchilarning bor mahoratini ko‘rsatishi uchun astoydil harakat qilyapmiz, hujumlarni ijobiy yakunlaydigan futbolchi etishmayapti.
Turnir jadvaliga nazar solsak, yuqori o‘rinlar uchun imkoniyatimiz saqlanib turibdi. Zichlik kuzatilmoqda jadvalda. Yakunda kim kuchli bo‘lsa, o‘shalar yuqori o‘rinlarni egallaydi. Buni futbolchilar ham tushunib turishibdi. Oxirigacha kurashamiz.
Bizda nafaqat hujumchi, balki hujumkor futbolchilar etishmayapti. Bu masalani ijobiy hal qilish bo‘yicha ish olib borilyapti. Keyingi yilga yaxshi o‘yinchilar sotib olishga harakat qilinyapti. Umuman, hozirdan keyingi yil to‘g‘risida gapirish noto‘g‘ri, - deya fikrlarini yakunladi Viktor Romanovich.
“Navbahor” matbuot xizmati.
Fikrlar