
Vadim Abramov to‘purar legioneri haqida: "U Qirg‘iziston fuqaroligini oladi va shu yurt termasida to‘p suradi"
Pro ligada 3 ta turdan keyin 3 ta g‘alaba qozongan “Dinamo” yakka peshqadamlikni o‘z qo‘liga oldi. Hozircha eng yaxshi natija aynan Vadim Abramov jamoasiga tegishli bo‘lib turibdi.
Klubning ganalik yangi hujumchi Joel Kojo esa 3 ta uchrashuvda 5 ta gol urishga ulgurdi. “Dinamo” bosh murabbiyi Vadim Abramov esa shu va yana ayrim masalalarga munosabat bildirdi.
Chempionatning muvaffaqiyatli starti to‘g‘risida
- Dabdurustdan bir narsa deyish qiyin. Axir endi 3 ta tur o‘yini o‘tdi, xolos. Ammo shu narsa aniqki, hech kimga oson bo‘lmaydi. Chunki oldinda hali tur o‘yinlari juda ko‘p. Shu sababli hozirdanoq bir narsa deyishga erta. Dastlabki xulosani chiqarish uchun yana kamida 5 ta turni o‘tkazish kerak bo‘ladi. Oldinda qiyinchiliklar yuz bermasdan qolmaydi. Taqvimga qarasam, ancha cho‘ziladigan tanaffuslar bor. 20 ta turni o‘tkazish oson emas. Chempionat o‘yinlari ancha cho‘ziladi. Ishni bir necha oyga mo‘ljallab olib borish kerak. Qolaversa, Kubok doirasidagi uchrashuvlar ham borligini unutmaslik darkor.
Ilk bor pro ligada ishlayotgan Abramovga kutgan va kutmagan jihatlari ko‘rinyaptimi?
- Bu ham biroz o‘ylantiradigan savol. Menimcha, asosiy farq maydonlarda bo‘lsa kerak. Masalan, Namanganda bizga talabga javob beradigan maydonni berishmadi. Asosan tashkiliy masalalarda muammolar ko‘zga tashlanadi. O‘zaro farqni izohlashim qiyin. Qolaversa, hali pro ligada mavsum boshlanganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Bilasiz, hozircha Muborak bilan Namanganda o‘yinlarni o‘tkazdik.
3 ta o‘yinda 5 ta gol urgan Joel Kojo to‘g‘risida
- Joel Kojoni taklif qilmasimizdan oldinoq uni bilardik. “Bunyodkor”da ishlagan kezlarimda ham bu o‘yinchi haqida etarli ma’lumotlarga ega edim. Aniq esimda yo‘q, ammo menimcha, u Qirg‘iziston chempionatida 50 yoki 60 ta gol urgan. Bilishimcha, u Qirg‘iziston fuqaroligini oladi va shu yurt terma jamoasida to‘p suradi.
Jamoaning selektsiyasi ko‘ngildagidekmi yoki...
- Nima desam ekan...Selektsiya yaxshi yoki ko‘ngildagidek olib borilmagani xususidagi xulosani faqat mavsum oxiriga borganda berish mumkin bo‘ladi. 3 ta o‘yin – bu ko‘rsatkich emas. Chunki tarkibda qoniqarli o‘ynayotgan va hali o‘yini ochilib ketmagan yigitlar ham bor. Barchasini mavsum ko‘rsatib beradi. Yana qaytaraman: hozir bu to‘g‘risida gapirishga erta.
Superliga xususida
- Albatta, Superligani kuzatib boryapman. Biroq u erda ham o‘yinlar yaqinda boshlandi. Kishini ajablantirayotgan va hayratga solayotgan jihatlar ham yo‘q emas, albatta. Masalan, “Paxtakor”ning chempionatni omadsiz boshlashi mumkinligini hech kim kutmagandi. Shuningdek, jadvalda yuqori o‘rinlarda borayotgan bir qancha klublar o‘zgacha taassurot uyg‘otmasdan qolmayapti. Lekin hammasini vaqt ko‘rsatadi. Negaki, chempionat boshidan bir to‘xtamga kelish bu umuman to‘g‘ri ish emas.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar