Vadim Abramov: "Jaloliddinovning "Andijon"ga o‘tishini yaxshi deb hisoblamayman. Ehtimol, adashayotgandirman"

  • 6 mart, 2021, 21:24
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Jaloliddinovning “Andijon” bilan shartnoma imzolagani ortidan uning bu qarorini ko‘pchilik turlicha tahlil qilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston milliy terma jamoasi ustozi Vadim Abramov ham uning bunday qarorini kutmagan.

Tecno

“Bunyodkor”da Jaloliddinov ushbu murabbiyning qo‘l ostida to‘p surgan. Shu bois, Vadim Karlenovich uning imkoniyatlarini yaxshi biladi. Sports.uz muxbiri Abramov bilan bog‘lanib, Jasurning “Andijon”ga ko‘chib o‘tganini muhokama qildi.

- Vadim Karlenovich, Jasur Jaloliddinovning “Andijon”ga o‘tgani kutilmagan yangilik bo‘ldi. Buni hech kim kutmagandi. Bu masalada munosabatingizni bilmoqchiman.

- Jaloliddinovning “Andijon”ga ko‘chib o‘tishini yaxshi, deb hisoblamayman. Ehtimol, men bu gap bilan xato qilayotgan bo‘lishim ham mumkin. Chunki unga Evropadan takliflar borligi haqida gap-so‘zlar yurgandi. Ammo u bunday yo‘l tutmay, ortga qaytishni istadi. Jaloliddinovning rejalari qandayligini bilmayman va buni muhokama qilishim to‘g‘ri bo‘lmasa kerak. Menga ma’lumki, Jasurda Evropaga yo‘l olish imkoniyati ham yo‘q emasdi. Binobarin, Turkiyaga. Balki men xato qilayotgandirman. Ammo, nima bo‘lgan taqdirda ham, uning qaytib kelganini to‘g‘ri qaror, deb baholamagan bo‘lardim. Agar Jasur Jaloliddinov Evropada ma’lum vaqt to‘p surganida, o‘zi uchun juda yaxshi bo‘lardi.

- Sir bo‘lmasa, unga Evropaning qaysi chempionatlaridan takliflar bor edi?

- Adashmasam, unga Ispaniya va Turkiyadan takliflar bo‘lgan. Bundan tashqari, Germaniyaning ikkinchi bundesligasidan ham chorlov borligi haqida eshitgandim. Ehtimol, bu masalada qandaydir xatolarga yo‘l qo‘ygan bo‘lishim mumkin. Yaxshisi, qaysi klublardan takliflar bo‘lgani haqida uning o‘zidan so‘raganingiz ma’qul. U esa hamma uchun kutilmagan bir qarorga kelib, “Andijon”ni tanladi. U uch oydan so‘ng, transfer oynasi ochilsa Turkiyaga yo‘l olsa kerak.

- “Lokomotiv” bilan shartnomasi bekor bo‘lganidan keyin ham “Bunyodkor” bilan shug‘ullanib yurdi. Agar legionerga aylanmasa, “Bunyodkor”da qolishi ham mumkinmidi?

- Bilasizmi, avvaliga uning “Lokomotiv”ga qaytib kelishi haqidagi variant ham yo‘q emasdi. Chunki “Lokomotiv”dagilar Jaloliddinovni bizdan sotib olishgandi. Uning agenti mijozini olib ketish uchun pul ham to‘lagan va bu bizni qanoatlantirgan edi. Agar avval boshidan o‘zaro kelishganimizdami, u “Lokomotiv”dan maosh olgan taqdirda “Bunyodkor”da ijara asosida to‘p surishi ham mumkin bo‘lardi. Avvaldan shunday reja ham bor edi. Keyin esa Jasurning atrofida turli gap-so‘zlar ko‘payishga tushib, u “Lokomotiv”ga ko‘chib o‘tib, noto‘g‘ri ish qildi, qabilidagi fikrlar avj oldi. Ustiga-ustak Turkiya varianti ham yo‘q emasdi. Ish shu darajaga etib keldiki, Jaloliddinov bizga ijaraga qaytishi mumkin bo‘lgan mahalda transfer oynasi yopilib qoldi. Shu tariqa, futbolchimiz “Lokomotiv”da qolib ketdi. Uning yoshida bunday klubning tarkibidan joy olish mushkul bo‘lishi oldindan ma’lum edi. Chunki “Lokomotiv”ning oldiga Evropa Chempionlar ligasida to‘p surish imkonini beruvchi yo‘llanmalaridan biriga ega chiqish vazifasi qo‘yilgandi. Boz ustiga jamoa tarkibida undan yoshi ancha katta bo‘lgan futbolchilar to‘p surishadi. Shuning evaziga Jasurga o‘ta qiyin bo‘lishi oldindan ma’lum edi. Bu ham kamlik qilganidek, vakilimiz o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmasdan turib uni “Tambov”ga ijaraga berib yubordilar. Bilsangiz kerak, “Tambov” premer-ligada jon saqlab qolish uchun kurash olib bormoqda. O‘yin amaliyoti bo‘lmagan holda ijara asosida bo‘lsa ham boshqa klubda to‘p surib ketish oson bo‘lmaydi. Xuddi shu paytga kelib Jasur Jaloliddinovning atrofidagi gap-so‘zlar avjiga chiqib ketdi. Shu tariqa, futbolchi bizga qaytib keldi. Agar dastlabki holatda transfer oynasi yopilmasdan oldin Jasurga “Bunyodkor”ga qaytib kelganida hammasi butunlay boshqacha ko‘rinish olgan bo‘lardi.

- Jasur agenti Yuriy Belous bilan hamkorlikni to‘xtatmoqchiligi haqida eshitdim. Unga qanday maslahat berasiz?

- Jasurga agenti bilan aloqani uzishni maslahat bermayman. Chunki u ham mijozi bilan mana shunday holat yuzaga kelishi mumkinligini xayoliga ham keltirmagandi. Yana yuqoridagi gapimni takrorlayman: Jaloliddinov transfer oynasi yopilmasidan bizga qaytganida hozir hammasi boshqacha bo‘lardi. U “Bunyodkor”da o‘ynagan holda mahoratini oshirishi kerak edi. Nima bo‘lgan taqdirda ham bo‘lar ish bo‘lib o‘tdi. Bu endi uning qarori. Jasur endi ancha ulg‘aygan yigit. O‘yinchilik faoliyati borasida ham qarorlarni mustaqil qabul qilishi joiz. O‘ylashimcha, u mana shunday yo‘l tutyapti.

- Futbolchi “Andijon”da o‘sishi mumkinmi? Bu borada nima deya olasiz?

- Men uning “Andijon”da qanday o‘ynab ketishi mumkinligini hozir tasavvur qila olmayapman. Buni “Andijon” klubining murabbiyi mendan ko‘ra yaxshiroq bilsa kerak. Jaloliddinovning “Andijon”da o‘ynash-o‘ynamasligini ham aynan jamoa bosh murabbiyi hal qiladi va bunday savolni unga berishingiz to‘g‘riroq bo‘lardi.

- Shuningdek, “Bunyodkor”ga Shuhrat Maqsudov bosh murabbiy etib tayinlandi. Klub oldiga jiddiy maqsad qo‘yildi...

- Shuhrat Maqsudov men bilan uzoq vaqt birga ishladi. U terma jamoada ham, klubda ham mehnat qildi. Shuhratning “Bunyodkor”da binoyidek ishlab ketishiga shubha qilmayman. Chunki u “Bunyodkor”da yangi odam emas. Futbolchilarni juda yaxshi biladi. Shu holat ham yangi roldagi ishida Shuhrat Maqsudovga qo‘l kelishi aniq.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
TV TV
07/03/2021 00:05
Уша агентга муйловинга бит тушсин сен рупара килгансан Вадимжон. Пулни олиб мазза килдинг ва чеккага чикиб олдинг. Аслида у агент Россиядаги энг колок агентлардан бири хисобланаркан. Уни уйинчиларини ва узини хеч ким бир тийинга олмасакан. Хуллас Жасурни сен улдирдинг куйдинг Вадим муйлов.