
Ustunlik "Navbahor"da, lekin Jizzaxda qachondan beri g‘alaba qozona olmayotganini bilasizmi?
Bugun Superliganing 17-turdan qoldirilgan ikkita o‘yin bo‘lib o‘tadi. Jumladan, OKMK – “Neftchi” hamda “So‘g‘diyona” – “Navbahor” qarama-qarshiligiga guvoh bo‘lamiz. Sababi sizga yaxshi ayon bo‘lsa kerak. OKMK hamda “Navbahor” Osiyo Chempionlar ligasi pley-off bosqichida ishtirok etishgani munosabati bilan ularning chempionatdagi o‘yinlari 26 avgustga ko‘chirilgandi. Shu bois endi bugun o‘sha muddatda ko‘chirilgan ikkita o‘yin o‘tkaziladi.
OKMK ham, “Navbahor” ham OChL guruh bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi va Superliga bahslariga ko‘tarinki kayfiyatda etib keldilar. Bugun Samvel Babayan jamoasining Jizzaxda “So‘g‘diyona”ga qarshi uchrashuvi oldidan biroz to‘xtalmoqchimiz. 24 avgust kuni Jizzaxdagi stadionda O‘zbekiston Superkubogi o‘tkazilganidan yaxshi xabardorsiz. Unda “Nasaf” “Paxtakor”ni 2:1 hisobida mag‘lub etdi. Endi Jizzaxda yana bir chempionatimiz favoritlaridan biri o‘ynaydi, bu safar mezbonlarga qarshi.
Namanganliklar uchun bu juda muhim. Boisi, chempionlik yo‘lida jiddiy kurashayotganini bilasiz. Garchi o‘z maydonida “Paxtakor”ga imkoniyat boy berilganiga qaramasdan hali chempionlikdan umidini uzishgani yo‘q. Agar yana ochko yo‘qotiladigan bo‘lsa, oltin medaldan uzoqlashib boraveradi. Buni Babayan va uning jamoasi yaxshi tushunib turibdi. Ammo raqib ham shunga yarasha jiddiy. “So‘g‘diyona” Ivan Boshkovich bosh murabbiyligida tobora chaqilmas yong‘oqqa aylanib boryapti. Ha, “Navbahor”ga Jizzaxda mezbonlarni engish juda qiyin bo‘ladi. Durang ham mehmonlar uchun qoniqarli natija hisoblanmaydi. Balki OChLdagi muvaffaqiyatli g‘alaba faktori “Navbahor”ga asosiy kuch va ruhiy quvvat bag‘ishlashi katta ehtimol.
E’tiboringizni yana bir jihatga qaratmoqchimiz. Bu – jamoalarning o‘zaro o‘yinlar statistikasi bilan bog‘liq va unda e’tiborimizni tortadigan holat mavjud. Chempionat doirasida bu klublar 55 marotaba kuch sinashishgan. Bugungisi 56-o‘yin bo‘ladi. “So‘g‘diyona” 21, “Navbahor”da 26 ta g‘alaba bor. 9 ta uchrashuvda durang qayd etilgan. To‘plar nisbati 62\92 namanganliklar foydasiga. Bu yilgi mavsumning birinchi davrasida “Navbahor” o‘z uyida jizzaxliklarni 3:0 hisobida tor-mor keltirgan.
“Navbahor” uchun “So‘g‘diyona” mezbonligidagi o‘yinlar yoqimsiz an’anaga aylanib qolganini bilasizmi? Gap shundaki, namanganliklar Jizzaxda g‘alaba qozonishga juda qiynalishadi. “Navbahor” oxirgi marta qachon “So‘g‘diyona” maydonidan uch ochko bilan qaytganini bilasizmi? Bunga 17 yil bo‘ldi. 2006 yilning 5 avgust sanasidagi bahsda “Navbahor” Jizzaxdan 2:0 hisobidagi g‘alaba bilan qaytgan. Shundan beri yo durang yo mag‘lubiyat qayd etib kelinmoqda. Ha, bu katta muddat. Demak, Babayan va uning jamoasi Jizzaxdagi g‘alabasiz seriyaga chek qo‘yish uchun ham ikki hissa kuch bilan to‘p surishlari aniq.
“So‘g‘diyona” Boshkovich kelgach, ancha o‘zgarganini hamma payqadi. Ayniqsa, yoshlar va tajribali futbolchilarni uyg‘unlashtira oldi. Bejizga klub rahbariyati murabbiy bilan shartnoma muddatini uzaytirgani yo‘q. Demak, unga ishonch katta va rejalar ham katta. Albatta, mezbonlar ham kuchli raqibiga qarshi eng yaxshi o‘yinini ko‘rsatish payida bo‘ladi. Shubhasiz, o‘yinga qiziqish yuqori. Namanganlik muxlislar ham yuqori kayfiyatda va buni Jizzaxda ham davom ettirishlaridan umidvorlar. Ko‘ramiz, “Navbahor” Jizzaxda 17 yillik noxush an’anasiga chek qo‘ya oladimi yoki “So‘g‘diyona” o‘z uyida ochko tortib olishda davom etadimi? Uchrashuvni o‘tkazib yubormang. Bugun soat 19:30 da boshlanadi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar