Usmon Toshev: Yaponiyaga yutqazgan bo‘lsak-da, yaxshi taraflarimiz ham ko‘zga tashlanmoqda

  • 22 oktabr, 2019, 22:36
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

JCh-2022 ikkinchi saralash bosqichi doirasida hayurtimiz Usmon Toshev boshqarayotgan Tojikiston milliy terma jamoasining o‘yinlariga o‘zbekistonliklar ham befarq emas. Dastlabki ikkita turda g‘alaba qozongan yon qo‘shnilarimiz uchinchi turda dam olib, to‘rtinchi turd o‘z uyida Yaponiyaga 0:3 hisobida imkoniyatni boy berishdi. Ikkinchi o‘rin uchun asosan Tojikiston bilan Qirg‘izistonning kurash olib borayotganini hisobga olsak, ayni paytga kelib bu borada ikkala jamoaning imkoniyatlari teng va hatto to‘plar nisbatiga ko‘ra qirg‘izlar ikkinchi o‘ringa chiqib olishdi. Bundan buyog‘iga ham o‘yinlar yanada shiddatli va qizg‘in tus olaveradi. O‘zbekistonlik mutaxassis Usmon Toshev dastavval Yaponiyaga  qarshi o‘yin haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Tecno

- Umuman olganda, jamoamiz yomon o‘ynamadi. Qaytanga, yigitlar rosa harakat qilishdi, yaxshi o‘yin ko‘rsatishga intilishdi. Shu bois rahbariyat ham, xalq ham jamoamizning ko‘rsatgan o‘yinidan mamnun. Albatta, mag‘lubiyatga uchraganimiz yaxshi ish bo‘lmadi. Biz kamida durang o‘ynashni xohlagandik. Lekin tan olaylik, yaponlar mahorat bobida bizdan ancha kuchli. Shuning uchun ayrim holatlarda futbolchilarimizning xatoga yo‘l qo‘yishi oqibatida gollar o‘tkazib yubordik. Lekin umumiy olib qaraganda, 65 va hatto 70 daqiqa davomida yigitlarimiz yaxshi o‘ynashdi. Murabbiy sifatida yaxshi baholayman va endi bu o‘yinni unutib, navbatdagi uchrashuvlarga tayyorgarlik ko‘ramiz.

Tojikiston terma jamoasi birinchi bo‘limdan keyin Yaponiya bilan 0:0 hiosbida durang o‘ynab turgandi. Ammo o‘yinning asosiy voqealari tanaffusdan keyin sodir bo‘ldi. Natijada ikkinchi bo‘lim boshlarida birin-ketin ikkita gol o‘tkazib yuborishdi va uchrashuv oxirlariga yaqin yaponlar uchinchi golni ham urishdi. Aytish joizki, birinchi bo‘limda mezbonlar yaxshiroq taassurot qoldirishgandi. Bosh murabbiy esa tanaffusgacha 0:0 o‘ynab, ikkinchi bo‘limda uchta gol o‘tkazib yuborilgani borasida shunday dedi:

- Bilasizmi, birinchi bo‘limdan keyin biz biroz muvozanatni yo‘qotdik. Natijada oddiy vaziyatdagi individual xato bizga qimmatga tushdi. Aslida esa mana shunday individual xato birinchi taymda ham bo‘layotgandi. Ammo o‘shanda raqib gol ura olmayotgandi. Yigitlarimiz raqibning tezkor hujumlariga yo‘l qo‘ymasliklari kerak edi. Men bu borada ularga tushuntirish ham bergandim. Lekin o‘yin davomida yigitlar o‘zlarini biroz yo‘qotib ham qo‘yishdi. «Navbahor»da o‘ynayotganda Amirbek Jo‘raboev o‘yinning boshlarida jarohat olib maydondan chiqib ketdi. O‘rniga yosh o‘yinchini tushirganimizda o‘zini biroz yo‘qotib qo‘ydi.

toshev2

Bunga qadar Usmon Qudratovich bir necha bor o‘z chiqishlarida hatto Yaponiyaga ham taktik jihatdan yutqazmasligi haqida aytgandi. Tabiiyki, murabbiyning o‘ziga bo‘lgan ishonchi tufayli bu o‘z-o‘zidan futbolchilarga ham ta’sir qilishi turgan gap edi. Ammo tajriba baribir o‘z so‘zini aytmasdan qolmadi. Xo‘sh, chindan ham Toshev aytganidek, yaponiyaliklarga taktik jihatdan yutqazishmadimi? Ushbu masalada ham hamyurtimizning fikrlariga qiziqdik.

- Ha, biz taktik jihatdan umuman yutqazmadik. Mashg‘ulotlarda nima ustida ishlagan bo‘lsak, shularni maydonda ko‘rsatishga harakat qildik. Masalan, qisqa paslar orqali ikki marta biz qulay vaziyatga chiqqandik. Biroq gol urish uchun futbolchilarimizga mahorat etishmadi. Baribir tajriba bobida ularning kuchli ekanligi bilinib turgandi. Ularning paslari ham aniq va har bir futbolchi maydondagi o‘z ishini juda yaxshi biladi. Ha, biz yutqazdik. Ammo o‘yinning umumiy ko‘rinishini oladigan bo‘lsak, bizning yaxshi taraflarimiz ham ko‘zga tashlanmoqda. Yigitlar imkoni qadar o‘zining maksimal holatida o‘ynashdi. Hozircha esa bizning kuchimiz shungacha etadi. Mana, birinchi taym 0:0 o‘ynadik. Afsuski, hisob ochilmagan paytda ikkita ajoyib imkoniyatdan foydalana olmadik. Hattoki, bu paytga kelib raqibimiz gol urish uchun vaziyat yaratmagandi. Ikkinchi bo‘limda ham yana 2-3 ta imkoniyatlarga ega bo‘ldik. O‘yindan keyingi statistikani ko‘rganimizda to‘plar nisbati 53 ga 47 foiz bo‘yicha ularning tomonida bo‘ldi. Bu u qadar katta tafovut emas. Jamoamiz bu o‘yindan tajriba oldi va nasib bo‘lsa, kelgusi o‘yinlarda ushbu o‘yinning ijobiy ta’siri bo‘ladi. Lekin yaponlar har tomonlama kuchli edi va ular juda xotirjam ravishda o‘ynashdi.

Shuni ham unutmaslik kerakki, saralash bosqichining oxiriga borganda to‘plar nisbati ham muhim rol o‘ynaydi. Masalan, Qirg‘iziston bu borada imkoniyatlarini yaxshilab oldi. Garchi tojiklar bilan ochkosi teng bo‘lsa-da, 9 ta gol urib, 2 ta o‘tkazishgan. Bu borada esa Tojikistonda -1. Ya’ni, ular 2 ta gol urishgan va 3 ta to‘p olib chiqishgan. Demak, ko‘rinib turibdiki, Tojikiston ham keyingi o‘yinlarda ko‘proq gollar urishi talab qilinadi. Bu esa ularga qo‘shimcha bosimni yuklashi ham mumkin. Lekin Toshevning ushbu masaladagi fikrlari boshqacharoq bo‘ldi.

- Meni Qirg‘izistonning to‘plar nisbatini yaxshilab olgani xavotirga solayotgani yo‘q. Men hozirgi holatni tushunib turibman. Biz esa gollar urishimiz uchun shunga yarasha imkoniyatlarga ega bo‘lishimiz kerak. Bilasizmi, aslida vaziyatlarni yarata olishimiz uchun bizga tajriba va vaqt kerak. Buni bitta mashg‘ulot bilan uddalab bo‘lmaydi. Albatta, gollar urishga intilamiz. Biroq bizda ko‘proq gol urish borasida aniq maqsad yo‘q. Hattoki, bitta gol urib olishimiz ham aslida biz uchun katta vazifa bo‘ladi. Albatta, bitta gol ursak yaxshi, agar ikki-uchta gol ursak undan-da yaxshi. Lekin Qirg‘iziston bilan bizni taqqoslaydigan bo‘lsak, ularda tajriba ko‘proq. Chunki ular katta musobaqani ko‘rib kelishdi. O‘zingiz ham bilasiz, har bir musobaqadagi o‘yin futbolchiga katta mas’uliyat va mahorat beradi. Biz ham mana shunday yo‘lni bosib o‘tishimiz kerak. Ammo ko‘r-ko‘rona biror nimani bajarishga intilsak bo‘lmaydi. Bizning hozirgi vazifamiz yaxshi o‘yin ko‘rsatib g‘alaba qozonish. Agar g‘alabalarimiz ko‘proq bo‘lsa, keyin ikki yoki uchta gol urish haqida o‘ylashimiz mumkin. Ammo buni bajarish aslida oson ish emas. Masalan, bizga qarshi o‘ynaydigan jamoa ham tayyorgarlik ko‘radi, o‘rganadi. Axir gol urish o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Yaponiya bilan o‘yinda xatolarimizni ko‘rdik, hattoki ayrim vaziyatlarda ustunlik jihatlarimizni ham payqadik. O‘sha ustunlikni yigitlarimiz sezishganida o‘zlariga bo‘lgan ishonch kuchayadi. Lekin bunday darajadagi o‘yin har kuni bo‘laveraydi va bunday raqib doim ham topilavermaydi. Chunki kuchli termalar hamisha o‘ziga mos jamoalar bilan o‘ynashadi. Kuchli raqiblar bilan o‘ynash uchun esa iltimos qilish kerak yoki boshqa yo‘llarini qidirib topish lozim. Xullas, kuchlilarga qarshi o‘ynash oson emas. Bu safar baxtimizga saralash bosqichida mana shunday kuchli raqibga qarshi o‘ynashga muvaffaq bo‘ldik va bu orqali kuchli va kuchsiz tomonlarimizni ko‘rdik. Demak, biz shunga qarab yanada ko‘proq ishlaymiz va gollarimizni qanday ko‘paytirish ustida ishlaymiz.

Usmon Toshev_1

Tojikiston terma jamoasi o‘tgan turda dam oldi. Shundan foydalangan holda ularning biror-bir terma bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishi kutilgandi. Ammo bunday bo‘lmadi va jamoa asosan mashg‘ulot o‘tkazish bilan cheklandi. Bu haqida Usmon Qudratovich quyidagilarni ma’lum qildi.

- Albatta, biz o‘yin o‘tkazmoqchi edik. O‘sha paytda Tailand bo‘sh edi va ular bilan o‘ynamoqchi bo‘lib turgandik. Lekin keyin bilsak, ularning murabbiyi yaponiyalik ekan. Natijada bo‘lajak raqibimiz Yaponiya terma jamoasi ekanligini bilgan holda bu o‘yindan voz kechdik. Buning ustiga Tailand o‘yinni o‘zida o‘tkazishini aytdi. Agar biz boradigan bo‘lsak, ob-havo va yana boshqa narsalar ta’sir qilardi. Shuning uchun Dushanbeda shug‘ullanishda davom etdik. Agar Tailand bilan hech bo‘lmaganda o‘z maydonimizda o‘ynasak ham yaxshi bo‘lardi. Bu o‘yinni 10 oktyabrda o‘tkazsak, keyin 15-kuni Yaponiyani bemalol qabul qilardik. Agar Tailandga borsak, asosiy o‘yin uchun qisqa fursat qolardi va shuning uchun safarga chiqish bizning rejalarimizga to‘g‘ri kelmasdi.

Shuni alohida aytish kerakki, oxirgi paytlarda Tojikistonda bolalar futbolida yaxshigina siljish kuzatilyapti. O‘smirlar va yoshlar termalarining ko‘rsatayotgan natijalari esa fikrimizga isbot bo‘la oladi. Bu holat ham Toshevning e’tiboridan chetda qolayotgani yo‘q.

- Buning hech qanday siri yo‘q, faqat astoydil ishlash kerak, e’tibor qilish lozim va harakatdan to‘xtamaslik darkor. Ayni paytda biz barchamiz murabbiylar bilan birgalikda yangicha dastur asosida ishlayapmiz. Shunchaki, u erda qattiq ishlashyapti.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!