
Usmon Toshev "Istiqlol" - "Al-Hilol" (4:1) o‘yini haqida: bu men uchun sensatsiya emas!
“Istiqlol” - “Al-Hilol” uchrashuvida qayd etilgan 4:1 hisobini hech kim kutmagandi-a? Tojik klubi bu erga shunchaki kelmaganini isbotlayapti. Uning qo‘lga kiritgan g‘alabasi xususida Tojikiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Usmon Toshev sports.uz saytiga o‘z fikrlarini bildirdi.
- Men gapimdan qaytmayman. Oldin aytganimdek, futbolni hamma joyda tushunishadi, o‘ynashni bilishadi. Faqat mahorat kimgadir etishadi, kimgadir yo‘q. “Istiqlol”ning “Al-Hilol”ga qarshi o‘yini Tojikistonda futbolga e’tibor tilda yoki gazetada emas, amalda o‘sayotganining isboti.
Osiyoning kuchli jamoasi darvozasiga to‘rtta gol urish oson emas. Balki ko‘pchilik buni to‘satdan bo‘ldi, deb aytishlari mumkin. Lekin men bunday o‘ylamayman. Qolgan ikkita o‘yin qanday bo‘lishini bilmayman. Ammo ortda qolgan o‘yinlar shuni ko‘rsatyaptiki, Tojikistonda boshqacha futbol shakllanyapti. Ishonch paydo bo‘lgan.
“Istiqlol”ning bunday g‘alabasidan xursandman, biroq AGMKning mag‘lubiyatidan xafa bo‘ldim. Bu jamoa yutadi, deb o‘ylagandim. Yodingizda bo‘lsa, boshida “Istiqlol” bilan AGMKning keyingi bosqichga chiqishini juda istayotganim xususida gapirgandim. Oldinda yana ikkita uchrashuv qoldi. Barchaga omad tilayman.
“Istiqlol”ning g‘alabasi men uchun sensatsiya emas. Jamoadagi futbolchilarni yaxshi bilaman. Ha, Tojikistonda bunchalik kuchli klublar hali ko‘p emas. Lekin asta-sekin ko‘payib boradi. Muhimi, ular futbol o‘ynay olishlarini hammaga ko‘rsatishyapti. “Istiqlol”dagi 10 nafar o‘yinchi terma jamoada men bilan ishlaydi. Shuning uchun ularning o‘yinlarini kuzatyapman. Asosiysi, futbolchilarda g‘olibona ruh kuchaygan, o‘yinidan qoniqdim.
Yana qaytaraman, bu g‘alaba men uchun sensatsiya emas. To‘g‘ri, uchrashuvdan avval, qanday hisobda g‘alaba qozonishini ayta olmasdim. Lekin yaxshi o‘yin bo‘lishini bilardim. Ayrim paytlarda omadga ham borib taqaladi. O‘yindan avval, “Istiqlol” yigitlariga qanday gaplarni aytganim hozir kerak emas. Asosiysi, biz birgalikda Tojikiston futbolining o‘sishiga harakat qilyapmiz, - deydi Toshev.
Fikrlar
УСМОН ТОШЕВ БУХОРОГА ҚАЧОН ҚАЙТАСИЗ ЖАМОАМИЗНИ ҚАЙТА ОЁҚҚА ТУРҒИЗАРМИДИЗ. ПРО ЛИГАДА ЮРИБДИ СОБИҚ ЖАМОАНГИЗ. БИЗ УЧУН СИЗ КЕЛИБ ФУТБОЛНИ БИЗДА РИВОЖЛАНТИРСАНГИЗ ЯҲШИ ЭДИ...