
Umidjon O‘rinov: "Toshkentda juda katta boks oqshomi bo‘ladi"
Professional boks olamida bokschining yaxshi natijalar qayd etishida promouter hamda menejerlarning o‘rni muhim sanaladi. Yurtimizda ham asta-sekin ushbu soha rivojlanib bormoqda. Promouterlik kompaniyalari tashkil etilmoqda, menejerlar faoliyati ko‘zga tashlanib borayapti. Ana shundaylardan biri hozirda ajoyib natijalar qayd etayotgan Mirzakamol Ne’matov hamda Bahromjon Fozilovning menejeri hamda homiysi Umidjon O‘rinovdir.
Biz ushbu mutaxassis bilan bog‘lanib, ba’zi savollarga javob oldik.
- Professional boks bo‘yicha menejerlik faoliyatini boshlashingizga qanday omil turtki bo‘ldi?
- Boksga bo‘lgan jiddiy qiziqishim, qolaversa yosh iste’dod egalariga yaqindan yordam qo‘lini cho‘zish asosiy sabab bo‘ldi, desam yanglishmagan bo‘laman.
- Siz hozirda Mirzakamol Ne’matov hamda Bahromjon Fozilov bilan ishlamoqdasiz, aynan ularning tanlashingizga sabab nima bo‘lgandi?
- Albatta, ularni yoshligidan buyon bilaman. O‘ziga xos mahoratga va salohiyatga ega bokschilar. Ikkisini ham professional boksga o‘zim olib kirdim va o‘ylaymanki, birgalikda yaxshi natijalar qayd etamiz.
- Baribir professional bokschi uchun AQShda jang qilish, jahonning nufuzli promouterlik kompaniyalari bilan shartnoma imzolash bosh maqsadi hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, Mirzakamol hamda Bahromjonning bu boradagi imkoniyatini qanday baholagan bo‘lardingiz?
- Bilasizmi, bu borada ishlar boshlab yuborilgan. Iyul oyining 16- sanasida Toshkentda ZOR TV arenasida juda katta boks oqshomi tashkil etmoqdamiz. Ushbu kechada har ikkisi WBA Asia kamari uchun ringa ko‘tariladi. Shundan so‘ng, AQShdagi promouterlik kompaniyalar bilan ishlaymiz.
- Umuman olganda xorijlik promouterlardan qiziqish bormi?
- Qiziqishlar bor. Yuqorida ta’kidlab o‘tganimdek, Toshkentdagi jang kechasidan keyin ular bilan muzokaraga kirishamiz.
- Boshqa o‘sib kelayotgan yosh iste’dod egalaridan ham ko‘z ostingizga olganingiz bormi yoki e’tiboringiz faqat yuqoridagi ikki bokschiga qaratilganmi?
- Albatta, yosh talantli charmqo‘lqop ustalarini ham kuzatib kelayapman. Nasib qilsa, ularga ham yordam berish niyatim bor.
- Toshkentda bo‘ladigan boks oqshomida Mirzakamol Ne’matovga raqib sifatida sobiq IBF chempioni Julius Indonga raqib bo‘ladi. Bu qanchalik haqiqat?
- Raqiblarning menejerlari bilan muzokaralar yakunlangan.
- Boks bilan bog‘liq yana qanday rejalaringiz mavjud?
- O‘zimizning promouterlik kompaniyamizni ochish niyatidamiz.
- Hozirgi kunda yurtimizda MMA ham anchagina ommaviylashib bormoqda. Bu borada ham qiziqishlar bordir?
- Bu borada ham qiziqishlar yo‘q emas. MMAda faoliyat yuritadigan ukalarimiz ham bor. Ular bilan ishlash ham rejadan o‘rin olgan.
- Ehtimol, MMA bo‘yicha promoushen ochish ham rejangizga kiritlgandir?
- Hozircha professional boks bo‘yicha katta musobaqalar o‘tkazishga bor e’tiborimni qaratganman. Balki, keyinchalik MMA promousheni ham ocharmiz...
- Suhbat uchun tashakkur va kelgusi faoliyatingizga omad tilaymiz!
- Kata rahmat! E’tibor uchun xursand bo‘ldim.
Fikrlar