Umar "och bo‘ri", Merab esa kardio mashina! Super to‘qnashuvda kim g‘alaba qozonadi? (So‘rovnoma)

  • 9 yanvar, 15:40
  • Jahongir Inomjonov
  • 0
  • MMA
CHERY AUTO

Xabaringiz bor, 19 yanvar tongida "UFC 311" turniri bo‘lib o‘tadi. Mazkur jang kechasining 2-asosiy to‘qnashuvi o‘ta engil vazn (61,2 kg) toifasida amaldagi chempion Merab Dvalashvili hamda da’vogar Umar Nurmagomedov o‘rtasida kechadi. Biz ushbu jang borasida o‘zbek MMA olami vakillarining fikri bilan qiziqdik. 

Ayubxon Kamalov - MMA jangchisi( legenda)

Tecno

- Hamma bu jangda Umar Nurmagomedovning imkoniyatini yuqori baholashyapti. Albatta, Umar juda kuchli jangchi va ajoyib jamoaga, murabbiyga ega.  Qolaversa, muxlislik jihatidan ham unga xurmatim bor. Lekin Merab oddiy raqib emas. U amaldagi chempion! Kurashi juda kuchli. Umar hali Merab kabi kurashchi bilan duch kelmadi. Umarga hali hech bir raqibi kurash bilan bosim o‘tkazmagan. Merab bilan jiddiy bahs bo‘ladi. Kurashdagi bosim bo‘lsa, Umar bo‘shashib ketadimi, degan fikrdaman. Kichik ustunlik Merab tomonida deb o‘ylayman. Imkoniyatlarni 55/45 degan bo‘lardim. 



Bekzod Dolimov - murabbiy

- Yaxshi jang bo‘ladi. Bir-biriga munosib raqiblar. Jang asosan "parter"da kechsa kerak. Har ikkisi tajribali, mukammal atletlar. To‘liq 5 raund jangni kuzatamiz. Yakunda, Umar ochkolar hisobiga zafar quchsa kerak. Imkoniyatlarni 55/45 degan bo‘lardim. 



Marat Bekmuratov -menejer (Qirg‘iziston) 

- Merab ayni vaqtda "pik" davrni boshdan kechirmoqda. Umarda bunday raqib hali bo‘lmagan.  Merab 5 raund bir tempda ishlaydi. Kuchi etmasa bosim bilan raqiblarni charchatadi. Umarning jamoasi buni biladi va shunga mos ravishda taktika tayyorlashgani aniq. Texnik tomondan Umar yaxshiroq. Umarni nazorat qilish hali hech kimga nasib qilmagan. Xullas bir-biriga mos raqiblar. Imkoniyatlarni 50/50 degan bo‘lardim. 

Mashrabjon Ro‘ziboev - MMA jangchisi

- Meni fikrimcha bu jangda Umar Nurmagomedov g‘alaba qozonadi. Chunki Merabning kurashi haqida gapirishyaptiku, nazarimda uning kurashi o‘rtacha va jitserlik mahorati ham u darajada yuqori emas. Shon bilan bo‘lgan jangda ham orqasiga o‘tib olib, bo‘g‘a olmagandi. Agar Umarda shunday holat yuzaga kelsa u aniq "sabmishen"ni amalga oshiradi. "Stoyka"da ham Umar anchagina ustun. Imkoniyatlar 60/40 Umar g‘alaba qozonadi. 

Ramazon Temirov - MMA jangchisi (UFC)

- Qiziqarli jangni guvohiga aylanamiz. Jang to‘liq davom etadi, degan fikrdaman. Yakunda, Umar Nurmagomedov ochkolarga ko‘ra g‘alaba qozonadi va divizion chempioniga aylanadi!



Firdavs Hasanov - MMA jangchisi

- Ikki ajoyib kurash ustasining qarama-qarshiligini ko‘ramiz. Merab juda kuchli va kardiosi mashina. Uni 5 raundlik jangchi deb bilaman. Ammo Umar "och bo‘ri"! U chempion bo‘lmagan va unda motivatsiya kuchli. Imkoniyatlar 60/40 Umar g‘alaba qozonadi, degan bo‘lardim.

Kamronbek Ortiqov - MMA jangchisi

Jang to‘liq 5 raund davom etadi, deb o‘ylayman. Har bir raundda Umar Nurmagomedov ustunlik qiladi. Merab Dvalashvili birorta raundda ustunlik qila oladi, deb o‘ylamayman. Albatta, bu mening shaxsiy fikrim. Aslida nima bo‘lishini oktagon hal qiladi. Imkoniyatlarni 60/40 deya baholagan bo‘lardim. 



Shukrullo Yuldashev - MMA jangchisi

- Ko‘pchilik bu jang to‘liq davom etishini aytishyapti. Lekin men bunday deb o‘ylamayman. Merab juda yaxshi kurashchi. Lekin Umardek kurashchi bilan duch kelmagan. To‘g‘ri, Genri Sexudoni yutdi. Ammo Umarning kurashi baribir boshqa darajada deb o‘ylaman. Uni "parter"da nazorat qila olmaydi. Jang uzog‘i 3 raundda tugaydi. Agar, Umar 2-raundda bo‘g‘ib qo‘ya olmasa, 3 -raundda texnik nokaut bilan g‘alaba qozonadi. Imkoniyatlarni 70/30 deya baholayman.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!