
Ulug‘bek Baqoev sobiq shogirdlarini to‘plamoqda
O‘tgan yilgi ajoyib natijadan ruhlangan jizzaxliklar yangi mavsumga astoydil tayyorgarlik ko‘rmoqdalar. «So‘g‘diyona» bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoev esa tarkibga bir qator yangi ijrochilarni jalb etmoqda.
Masalan, «Metallurg»dan himoyachi Shavkat Mullajonovni taklif etdi. «Bunyodkor»da o‘ynagan yarim himoyachi Javohir Qahramonov ham «So‘g‘diyona»dan tushgan chorlovni qabul qildi. AGMKdan esa San’at Shixovni ham tarkibga qo‘shib oldi. Qolaversa, o‘tgan mavsumni «Dinamo»da o‘tkazgan hujumchi Bahodir Nasimov ham yangi mavsumni «So‘g‘diyona»da boshlaydigan bo‘lib turibdi. Boisi, jizzaxliklar ustozi unga ham taklif bilan chiqqan.
E’tiborlisi, Ulug‘bek Baqoev o‘z vaqtida «Buxoro»ni boshqarganida ushbu o‘yinchilar uning qo‘li ostida to‘p surishgandi. Shu sababli Baqoev sobiq shogirdlari bilan ham «So‘g‘diyona»da birga ishlashni xohlayotganga o‘xshaydi. Darvoqe, jamoa a’zolari yangi mavsumga tayyorgarlikni Toshkentda boshlaydilar.
Fikrlar