"U endi hech qachon engilmayman deb va’da bergandi" - ikki nufuzli turnir g‘olibasi, 15 yoshli Sharifa Davronova haqida

BEPUL PROPAN

Xabaringiz bor, engil atletikachimiz Sharifa Davronova Kolumbiyaning Kali shahrida bo‘lib o‘tgan yoshlar o‘rtasidagi (U20) Jahon chempionati va Turkiyaning Konya shahrida o‘tkazilayotgan Islom birdamligi o‘yinlarida chempion bo‘ldi.

Kolumbiyaning Kali shahrida engil atletika bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi (U20) Jahon chempionatida yurtimiz sharafini himoya qilgan yosh sportchimiz uch hatlab sakrash dasturida eng yaqin ta’qibchisi frantsiyalik Sohane Aucagusni 66 santimetrga ortda qoldirib, 14,04 metr natija bilan chempionlikni tantana qildi.

Sharifaning bu natijasi U20 tasnifida mavsumning eng yaxshi ko‘rsatkichi bo‘ldi. Sharifa musobaqadan qaytgach, Turkiyaning Konya shahrida o‘tkazilayotgan Islom birdamligi o‘yinlariga yo‘l oldi. 11 avgust kuni mazkur musobaqaning ayollar o‘rtasidagi uch hatlab sakrash dasturida 14,30 metr natija bilan oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Sharifa Davronova 2006 yilda Samarqand shahrida tug‘ilgan. Olti yildan buyon engil atletika bilan shug‘ullanib keladi.

– Qizim 10 yoshligidan boshlab engil atletika bilan shug‘ullanadi, – deydi Sharifaning onasi Nasiba Hoshimova. - Mana, mehnatlari besamar ketmadi, ikki nufuzli musobaqada chempion bo‘ldi. Albatta, Sharifaning ishtirokini hayajon bilan kuzatdik, g‘alaba qozonib, bayrog‘imizni baland ko‘targanda ko‘zimga yosh keldi. Farzandim bilan faxrlanamiz. Ustozlaridan minnatdormiz.

Sharifaning engil atletikada erishgan yutuqlarida unga yoshligidan saboq berib, turli musobaqalarga olib borgan treneri Muzaffar Karimovning xizmatlari katta.

– Ota-onasi oldimga olib kelganda Sharifa yosh qizaloq edi, – deydi M.Karimov. – U hech qachon mag‘lub bo‘lishni istamaydi, yosh bo‘lsada yuqori marralarga intiladi. 2017 yilda ilk bor Respublika musobaqasida qatnashib, ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritganda yig‘lagan edi. Sababi, birinchi o‘rin nasib etmadi. Shundan keyin u “endi hech qachon engilmayman” deb va’da berdi. Sharifa va’dasini bajaryapti.

Tirishqoqligi, tinimsiz mehnati, o‘z ustida ishlashi evaziga O‘zbekiston chempionligini hech kimga bermay kelyapti. Ayniqsa, yaqinda uning Kolumbiyada o‘tkazilgan musobaqada Jahon chempionligini qo‘lga kiritgani va Turkiyada o‘tkazilayotgan Islom birdamligi o‘yinlarida oltin medalga sazovor bo‘lgani faoliyatidagi eng katta yutug‘i bo‘ldi. Biz Sharifa bilan hali ko‘p ishlaymiz, xalqaro musobaqalarda, Osiyo va Jahon chempionatlarida bundan-da yuksak yutuqlarga erishamiz.

Yosh chempionimiz musobaqa taassurotlari bilan o‘rtoqlashar ekan, kelgusida ham vatanimiz uchun oltin medallarni taqdim qilishga va’da berdi.

– Ketma-ket ikkita xalqaro musobaqada qatnashib, oltin medalni qo‘lga kiritish oson bo‘lmadi, – deydi Sharifa Davronova. – Ayniqsa, Kolumbiyada mening sharafimga yurtimiz madhiyasi yangrab, bayrog‘imiz baland ko‘tarilganida juda katta faxr va hayajon tuydim. Islom birdamligi o‘yinlarida ham raqobat kuchli bo‘ldi.

Raqiblarim Evropa va Jahon chempionlari va Olimpiada ishtirokchilari edi. Ammo ularga bo‘sh kelmasdan yurt sha’ni, ota-onam va ustozlarim ishonchini oqlab, chempionlikni qo‘lga kiritdim.

Sharifa bu yutuqlar bilan cheklanmoqchi emas, yana ko‘plab musobaqalarda yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib, g‘alabali yurishlarini davom ettirish niyatida.

Sportni rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!