
"Tottenhem"ga kimlar rad javobini berganini bilasizmi? Levi va Paratichining boshi qotgan!
SPORTS.uz "Tottenxem" jamoasi bosh murabbiyiligi hali-hamon egasiz qolib ketgani borasida fikr yuritadi. Xo‘sh, "shporlar" kimlar bilan muzokara olib bordi? Ayni damda, rahbarlar qaysi mutaxassis varianti borasida o‘ylanmoqda?!
Anchadan beri qidirilmoqda, lekin...
London klubi aprel oyining o‘rtalarida Jozega javob berib yuborgan. "Benazir" ketgach, uning o‘rnini vaqtincha Rayan Meyson egalladi. Ikki hafta o‘tgach, klub sport direktori sifatida Paratichi ommaga tanishtirildi. "Yuventus"dagi faoliyati bilan omma e’tiboriga tushgan italiyalik mutaxassis "Tottenxem" uchun 20ga yaqin variantni taklif qildi. Negadir ularning birortasi Londonda ish boshlashni istamadi.
Rad etganlar:
Erik Ten Xag
"Ayaks" ustozi "Tottenxem" bilan muzokaralarni boshlagani haqidagi mish-mishlar tarqalishi bilan, Amsterdam jamoasi murabbiy bilan o‘rtadagi shartnomani 2023 yilga qadar cho‘zdi. Klub muxlislari "shporlar"ga ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘z minnatdorchiligini bildirdi. Agar ular bo‘lmaganida, rahbariyat iqtidorli Erik Ten Xag bilan muzokaralarni bu qadar tez yakunlamagan bo‘lardi. Ingliz nashrlarining ma’lum qilishicha, "Tottenxem" niderlandiyalik murabbiy bilan 5 yillik shartnoma imzolamoqchi bo‘lgan, ammo yakunda u o‘z joyida qoldi.
Yulian Nagelsman
Aslida, bu variant oldinga surilmagan bo‘lsa ham kerak. Futbolchilarning transferidan ham tejab qolishga urinadigan Daniel Levi Yulian Nagelsmann uchun 25 million(!) evro to‘lashi mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. "RB Leyptsig" uni olib qolishni qanchalar istamasin, murabbiy ketadigan payti bo‘lganini his qildi. Ahir, "Bavariya"dan har kuni taklif kelib tushavermaydi.
Xans-Diter Flik
"Bavariya" bilan mavsum so‘nggida xayrlashishini ma’lum qilgan Flik uchun "Tottenxem" uni ushlab qolishga tirishdi. Muzokaralar boshlangani klub rasmiy saytida e’lon qilindi. May oyida uchrashuv tashkil etildi. "Shporlar" ulkan voqea sifatida Xans-Diterni APLga olib kelmoqchi bo‘ldi, biroq oxirgi soatlarda "Bavariya" sobiq ustozi Germaniya terma jamoasi foydasiga qaror chiqardi. Yana bir nishonga tegmagan o‘q!
Maurisio Pochettino
Paratichi taklif qilgan variantlar o‘zini oqlamagach, Levi o‘zi ishga kirishdi. U eski qadrdoni - Maurisio Pochettino bilan aloqaga chiqdi. Daniel Pochettino va Leonardo o‘rtasidagi nizodan unumli foydalanmoqchi bo‘ldi. Argentinalik mutaxassis Levi bilan so‘zlashgach, ortga qaytib ketmoqchi ekanligini ma’lum qiladi. Bundan xabar topgan PSJ rahbarlari murabbiyni ogohlantirdi. Parijliklar Pochetinnodan o‘rtadagi shartnomani hurmat qilishini talab qildi. Oqibatda, Maurisio "Tottenxem" bilan muzokaralarga chek qo‘ydi. Shunga qaramay, uni hali ro‘yxatdan o‘chirishga erta. PSJdagi omadsizlik, uni yana Angliyaga yo‘l olishiga sabab bo‘ladi.
Antonio Konte
"Tottenxem" uchun "Chelsi"ning sobiq murabbiylariga ish taklif qilish odatiy xol. Konte "Inter" bilan Italiya chempionligini qo‘lga kiritgach, "Real" Madrid bilan muzokaralar olib bordi. Florentina Peres Kontening imkoniyatlariga yuqori baho bermadi chog‘i, sinovdan o‘tgan Karlo Anchelotti variantini ustun ko‘rdi. Iyun oyining boshida "Tottenxem" Kontega "og‘iz soldi". Paratichi va Konte o‘rtasidagi iliq munosabat ham muzokarani muvaffaqiyatli yakunlanishiga olib kelgani yo‘q. Ma’lum bo‘lishicha, Levi Kontedan yangi jamoa qurishni va o‘z uslubini zamonaviy ko‘rinishga keltirishini iltimos qilgan. Bu taklif qaysar Antonioni "Tottenxem" proektidan voz kechishi bilan yakunlandi.
Paulo Fonseka
Birin-ketin rad javoblarini qabul qilgan "Tottenxem" Jozega "Roma"dagi o‘rnini bo‘shatib bergan Paulo Fonseka bilan aloqaga chiqishga majbur bo‘ldi. Tomonlar bitim borasida kelishib oldi. Iyun oyining o‘rtasida 4 yillik bitim imzolangani rasman e’lon qilinishi kerak edi. Hammasi chiroyli davom etayotgan bir paytda, Paratichi katta sahnaga chiqdi. U Paulo Fonsekaning jamoalari tavakkal futbolni hush ko‘rishini vaj qilib ko‘rsatdi va hammasiga nuqta qo‘ydi. Shu tariqa, portugaliyalik rad etilganlar ro‘yxatidan o‘rin egalladi.
Jennaro Gattuzo
Janjalkash italiyalik "Fiorentina"da atigi 23 kun faoliyat olib bordi xolos. Fonseka bilan shartnoma imzolash arafasidagi Paratichi Jenarro Gattuzoning "mehnat birjasida" paydo bo‘lganidan unumli foydalanmoqchi bo‘ldi. Katta ehtimol bilan aynan u sababli Fonsekadan voz kechildi. "Karkidon" Londonga ko‘chib o‘tishga rozilik bildirdi. "Tottenxem" sport direktori yangi shartnoma taklif qilinishini e’lon qildi, biroq kutilmaganda rejalar barbod bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda Gattuzoning bir jinsdagi muhabbat va ayollar futboli borasida bildirgan keskin fikrlari tarqaldi. Virus singari yoyilib ketgan video ko‘plab inglizlarning g‘azabini qo‘zg‘atdi. #NoToGattuso heshtegi sababli Daniel Levi muxlislarga qarshi borishni istamadi.
Navbatdagi!
"Tottenxem" ofisida o‘tirganlar hozir Yurgen Klinsman varianti ustida bosh qotirayotgani haqida mish-mishlar yuribdi. Aslida, asosiy favorit boshqa. Klinsmanning so‘nggi ish joyida hech narsa namoyish etmagani uchun "Tottenxem"ga taklif qilishdan foyda yo‘q. Mutaxassis atigi 10 oy "Gerta" boshqaruvida bo‘ldi xolos.
Asosiy da’vogar - Nunu Esperitu Santush! "Vulverxempton"ni 4 yil boshqargan murabbiyning hozir "boshi ochiq". Bir qarashda Portugaliyalikni ko‘ndirish londonliklarning qo‘lidan keladi, ammo fikr bildirishga hali erta. Paratichi va Levi istalgan paytda voqealar rivojini boshqa tomonga burib yuborishi mumkin.
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev
Fikrlar