"Totalizator"ga aloqasi bormi, terma jamoa o‘yini sotilganmidi, namoz o‘qishga hamon qarshimi - Vadim Abramov SPORTS.uz'ga katta intervyu berdi

  • 27 yanvar, 2022, 16:39
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston milliy terma jamoasi sobiq bosh murabbiyi Vadim Abramov SPORTS.uz sayti "YouTube" sahifasidagi "Gapiraman" loyihasi mehmoni bo‘ldi. Mutaxassis intervyu davomida muxlislarni qiziqtirgan ko‘plab savollarga javob berib o‘tdi. 

Tecno

Ko‘p joylarda "totalizator" so‘zi bilan birga sizni ismingiz bir qatorda keladi. Vaqtida "Abramov totalizatorga aralashgan", - degan fikrlar ham yo‘q emas. Bunga nima deysiz?

- Nima deyish mumkin, bu masala bo‘yicha men bir necha marta gapirganman. Agar meni "totalizator o‘ynagan", - deb aytishayotgan bo‘lsa, men boshqargan terma jamoamiz natijalariga qarasin. Biz odatda ko‘proq g‘alaba qozonar edik. Agar men totalizatorga aralashgan bo‘lganimda, hammadan ko‘proq yutqazgan bo‘lardik. Yana nima deyishim mumkin? To‘g‘risi, bu shunday savolki, unga hatto javob berish kulgili. O‘zbekistonda hamma bir-birini yaxshi biladi. Kim totalizator yoki boshqa o‘yinlar bilan shug‘ullanishi hech kimga sir emas.

2012 yilda terma jamoamizning BAAga qarshi o‘yini muxlislar va mutaxassislar fikricha, sotib yuborilgan. Bunga qanday munosabat bildirasiz?

- Muxlislar-ku mayli, bu haqida gapirayotgan mutaxassislarni tushunish qiyin. Agar isboti bo‘lsa, marhamat, shunday ko‘rsatuvga kelib, "ha, bu o‘yin sotilgan", deb aytishi kerak. Menimcha, hamma bosh murabbiy bo‘lishni xohlaydi. Jamoalar soni esa bor-yo‘g‘i 14ta. Mutaxassislar esa juda ko‘p va ular bu ish bilan shug‘ullanishni istaydi. Bu raqobat xuddi bosh rolni o‘ynamoqchi bo‘lgan aktyorlarni eslatadi. O‘ylashimcha, shuning uchun futbolni san’at bilan bog‘liq, deb hisoblashadi. Murabbiylik roliga da’vogar odamlar shunday gaplar tarqatsa, oddiy odamlar bunga ishonishadi.
Birinchidan, o‘yin sotib olinganda, uni sotib olgan odam har doim bu haqda aytadi. Amirliklar unchalik uzoqda emas va shu vaqt ichida sotib olgan odam allaqachon bu haqda ovoza qilardi. Kulgili, ehtimol, BAA buni eshitib, hammadan ko‘proq kulsa kerak.

Intervyulardan birida siz o‘yinchilarning namoz o‘qishini gapirib, ko‘plab tanqidlarni yuzaga keltirdingiz. Oradan ancha vaqt o‘tdi, hali ham shu fikrdamisiz?

- Namoz haqida gapirgan gapimni matndan yulib olishgan. Menga "Odamlarning namoz o‘qishiga munosabatingiz qanday?", deb savol berishgan edi. Men dindan uzoqligim va buni muhokama qila olmasligimni aytganman. Allohga, dinga ishonadigan odam, samimiy va pok bo‘lishi kerak. Agar odam haqiqatdan ham pokdil bo‘lsa va namoz o‘qish uchun masjidga borsa, bu yaxshi. Masala boshqa narsada edi: "Faoliyatda bo‘lgan futbolchining namoz o‘qishi va kunning ma’lum vaqtida suv ichmay, ovqat emay yurishiga qarshilik ko‘rsatmaysizmi?", - degan savol bo‘lgan. O‘zingiz nima deb o‘ylaysiz, men shifokor emasman, lekin biz Saudiya Arabistoni yoki Toshkentda jaziramada o‘ynayotgan bo‘lsak, kun bo‘yi suv ichmasdan futbol o‘ynashga chiqib bo‘ladimi? O‘ylashimcha, agar siz futbol o‘ynab, suv ichmasangiz nogiron bo‘lib qolishingiz mumkin. Bundan ham battari, siz futbol maydonida jon berishingiz mumkin. Chunki tibbiyot nuqtai nazaridan suv bo‘lmaganda qon quyuqlashadi, inson organizmi esa asosan suvdan tashkil topadi.

Siz "suv ichmasdan futbol o‘ynash qiyin", - dedingiz. Lekin menimcha, o‘sha paytda Saudiya Arabistoni futbolchilari ro‘za tutishgan edi.

Men ularning ro‘za tutgan yoki tutmaganini bilmayman. Paxtakordagi o‘yin oldidan yigitlar zinaning tagida namoz o‘qishdi. Bu paytda arablarning hammasi pastga tushayotgan edi. Biz o‘girilib qarasak, ularning barchasi kulayotgandi. Men faqat bir narsani tushuna olmadim: namozni hamma har xil vaqtda o‘qiydimi? Biznikilar namoz o‘qiyotganlarida ular kiyinish xonasiga borishayotgandi. Bizda namoz payti bo‘lsa, ular ham o‘qishi kerak emasmi? Shuning uchun aytdim, men bu mavzudan uzoqman. Agar odamga bu xalal bermasa, menga uning nima qilayotgani ahamiyatsiz. Agar futbolchi maydonga chiqib, o‘z ishini yaxshi bajarsa, nimani to‘g‘ri deb bilsa, shuni qilsin.

Siz hozir ishsizsiz. "Sports.uz"ga bergan yozma intervyuda siz o‘zingizni hech kimga taklif qilmayotganingizni aytgansiz. Qancha vaqt kutmoqchisiz? Yoki siz faoliyatingizni yakunladingizmi?

- Buni hozir ham aytaman. Men o‘zimni taklif qilib yurmoqchi emasman. Bizda bunday qilinmaydi. Ehtimol, ba’zilar shunday qilar, bilmadim. Qancha kutishimni vaqt ko‘rsatadi. "Murabbiylik faoliyatimni tugatdim", - deb e’lon qilganim yo‘q-ku, agar hech kimga kerak bo‘lmasam, u o‘z-o‘zidan tugaydi. Shuning uchun bu savol menga emas.

O‘yinchilarimizning legioner bo‘lishi juda qiyin, murabbiylarimizga esa undan ham qiyinroq. Xorij chempionatlarida qatnashish uchun murabbiylarimizga nima etishmaydi?

- O‘yinchilarimiz legioner bo‘lishi qiyinligining sababi oddiy. Agar terma jamoa yaxshi o‘ynasa, legionerlar paydo bo‘ladi. Esingizda bo‘lsa, biz Osiyo kubogida yaxshi o‘ynadik va hamma birdaniga legionerga aylandi. Tasavvur qiling, terma jamoa yutqazib tursa, legioner qaerdan paydo bo‘ladi? Men yaxshi chempionatlarni nazarda tutyapman. Malayziya, Tailandga bir nechta futbolchilar bora olishi mumkin. Murabbiylarga kelsak, O‘zbekiston terma jamoasi muvaffaqiyatli chiqish qilib, jahon chempionatiga yo‘l olsa, hamma O‘zbekistondagi murabbiylarga qiziqa boshlaydi. Xorijdan murabbiylarni taklif qilib, o‘zimiznikiga ishonmaydigan bo‘lsak, albatta murabbiylarimiz bo‘lmaydi. Hakamlarni taklif qila boshlasak, hakamlar ham chiqmaydi. Ma’murlarni chaqira boshlasak, yaxshi ma’murlar ham bo‘lmaydi. Oldin ham bir aytgan edim, murabbiylarimizning chet el murabbiylaridan farqi, agar hozir biznikilarni xorijga taklif qilib, tanishlardan u haqida fikr so‘rashsa, masalan, "Abramov qanday murabbiy?", - deb savol berishsa, ular faqat totalizator yoki shunga o‘xshagan gaplarni aytadi. Yaxshi gap aytmaydi. Shuning uchun, hech kimni taklif qilishmaydi. Muammo shunda...

photo_2020-03-31_12-12-33

Aytishlaricha, ayrim futbolchilarni siz shaxsiy adovatingiz tufayli terma jamoaga chaqirmagan ekansiz. Masalan, Doston Tursunov, O‘tkir Yusupov.

- Birinchidan, mening faoliyatimda hech qachon bunday bo‘lmagan. Doston Tursunov qo‘l ostimda “Neftchi”da o‘ynagan. U “Neftchi”ga Bekoboddan kelgandi. Markaziy himoyachi sifatida harakat qilgan. Boshlanishi yomon emas edi. Keyin u o‘z darajasida o‘ynamay qo‘ydi va biz yutqaza boshladik. U esa tarkibdagi o‘rnini yo‘qotdi. Men terma jamoani qabul qilganimda u Yaponiyada edi. U erda shunchaki o‘yin amaliyotisiz qolayotgandi. Milliy terma jamoada o‘ynash uchun esa siz jamoangizning asosiy tarkibida bo‘lishingiz kerak. Farqi yo‘q, u Yaponiyada o‘ynaydimi, Shimoliy Amerikadami, Alyaskadami yoki O‘zbekistondami. Men uchun barcha futbolchilar bir xil. Agar u Yaponiyada bo‘lsa, boshqalardan kuchliroq degani emas. Uning imkoniyatlarini yaxshi bilardim va uni chaqirmaganligim sababi ham shu. U Yaponiyadan kelganida jamoasi yo‘q edi, keyin qaergadir yo‘qolib qoldi. Hozir uni taklif qilishyapti. Vaqt ko‘rsatadi. Ayni damda termada boshqa murabbiy. U menga kuchliroq ekanligini isbotlasin... Agar Doston terma jamoa asosiy tarkibida yaxshi o‘ynasa, demak, men kuchsiz murabbiy bo‘lib chiqaman. O‘tkir Yusupovda ham shu holat. U Farg‘onada o‘ynagan. Darvozada turgan. Uning imkoniyatlarini men yaxshi bilaman. Yoqtirmaslikka buning aloqasi yo‘q. U juda yaxshi yigit. Inson sifatida menga yoqadi. Lekin yana bir bor aytaman, bu o‘lchov bo‘la olmaydi. Bizda darvozada haligacha muammo bor. Haligacha bu birinchi raqamli darvozabon deb atash mumkin bo‘lgan, tajribali, yordamga shay darvozabon yo‘q. O‘tkir Yusupov yaxshi posbon bo‘lsa, yangi murabbiy uni chaqiradi.

Farg‘onadan so‘ng biroz vaqt o‘tib u tajriba to‘pladi va top darvozabonga aylandi. Lekin siz uni chaqirmadingiz. Katanets kelgach, chaqirdi.

- Balki u erdagi mahalliy mutaxassislar hozir Katanetsga aytib turgandir. Katanets u o‘ynaydigan turnir jadvaliga qarab, "bu top darvozabon va uni taklif qilish kerak", - deb aytganiga ishonmayman. Chunki tushunishim bo‘yicha, hozir Katanetsga tavsiya qilishyapti. Vaqt o‘tib, Katanets o‘zi hammasini tushunib oladi, lekin hozircha unga u yoki boshqa futbolchilarni tavsiya qilishyapti.

Odil Ahmedov terma jamoadan ketgach, sardorlik Shomurodovga topshirildi. Sizningcha, kim sardor bo‘lishi kerak edi? Misol uchun, Ahmedov Masharipov nomzodini ko‘rsatgandi.

- Men hech narsaga da’vo qilmayman, chunki milliy terma jamoa murabbiyi emasman. Bu uning muammolari. Hozir barcha savollar unga berilishi kerak. U nimani to‘g‘ri deb bilsa, shunday qilsin. Men Odil Ahmedovning fikriga quloq solgan bo‘lardim. Sababi kiyim almashtirish xonasidagi vaziyatni u hammadanda yaxshiroq bilardi. Jamoa sardori qandaydir o‘yin sifatlariga qarab tanlanmaydi, sardor kiyinish xonasida hurmatga sazovor odam bo‘lishi kerak. O‘yingacha va o‘yindan keyin. Bu savolni Ahmedovga berib to‘g‘ri qilishgan. U endigina termadan ketdi. Agar bir necha yil o‘tib so‘ralsa, u ham ikkilanib qoladi.

photo_2021-04-24_11-09-57

“Bunyodkor”dan ketganingizdan keyin siz jamoa o‘yinlariga borib, hatto tanaffus vaqtida kiyinish xonalarigacha kirgan edingiz. Qoidaga ko‘ra, bunga ruxsat berilmagan.

- Bu qarorni faqat men uchun o‘ylab topishgan. Agar Katanets hozir birorta kiyinish xonasiga kirmoqchi bo‘lsa, unga kimdir "kirish mumkin emas", - deb aytmaydi. Bu birinchidan va shu paytgacha, "milliy terma jamoa murabbiyi jamoaning kiyinish xonasiga kira olmaydi", - degan qoida bo‘lmagan. Nasaf Paxtakor bilan superkubok uchun o‘ynagan o‘yinda bo‘lganman. Ular Samarqandda o‘ynashgan edi. Lekin men “Nasaf” kiyinish xonasiga o‘yindan keyin ularni qo‘llab-quvvatlash uchun kirdim, hech bir qo‘rqinchli voqea yuz bermadi. Hech kim bu haqda yozmadi. “Bunyodkor” kiyinish xonasiga kirganimda esa nimagadir mening u erga kirishga haqqim yo‘qligini aytishdi. Sababini tushumayman, chunki u erda ham terma jamoa o‘yinchilari bor edi. Bunday qoidalar yo‘q, buni o‘ylab topishgan.

Ko‘pchilik sizni Mourinoga o‘xshatadi. Siz ham Joze kabi kuchli motivatorsiz, lekin siz rivojlanishdan to‘xtab qolgansiz.

- Buni men tarbiyalagan va hozir nimagadir erishgan odamlar aytishsa kerak va ular "barchasiga o‘zim erishdim", - deb hisoblaydi. Rivojlanishda orqada qolganimni vaqt ko‘rsatadi. Hozir "bu qariya murabbiy", - deb gapirish urf bo‘lgan. Sen g‘alaba qozonganingda har doim yosh bo‘lasan, yutqazganingda esa qariga aylanasan. Hozir yosh murabbiylarimiz bor, ular rivojlanish borasida qay darajada ilgarilab ketishganini isbotlashadi. Futbolni teatr bilan qiyoslaydigan bo‘lsak, teatrda yoshi ulug‘ aktyorlar va yosh san’atkorlar bor. Yosh aktyorlar yoshi kattalardan o‘zib ketishi mumkin. Menda bor tajribani oldin to‘plash kerak. Aytishadiku, hamma ham yosh bo‘lishi mumkin, lekin qarilik hammaga ham nasib etavermaydi. Shuning uchun, men kuchli rivojlanayotgan yoshlarga mening yoshimga kirishni va nimagadir erishishni tilayman. O‘shanda kim qaerda to‘xtab qolgani haqida gaplashamiz.

Saudiya Arabistonidagi o‘yindan so‘ng matbuot anjumani o‘tkazildi. O‘shanda siz va Haydarovni bir-biringizga qarshidek ko‘rsatib, uchinchi tomon chekkada kuzatgandek ko‘rindi. Bunga munosabatingiz qanday?

image_2021-06-19_16-49-00

- Bu haqda nima ham derdim. Ko‘p narsa aytishim mumkin, lekin .... Yoshlar hamma narsani bilaman, deb o‘ylashadi. Shuning uchun bu savolni Haydarovga berishsa, to‘g‘riroq bo‘lar edi. Agar biz g‘alaba qozonganimizda, men hozir qahramon bo‘lar edim va hech kim meni rivojlanishdan to‘xtaganlikda ayblamagan bo‘lardi. Shuning uchun, bir nima deyish qiyin. Terma jamoaning mendan oldingi murabbiyi mendan kattaroq edi va bu lavozimda menga qaraganda uzoqroq ishladi va unga bunday matbuot anjumani uyushtirilmagan edi. Holis bo‘lish kerak. Hozir nima deyishimdan qat’i nazar, o‘zimni oqlayotgandek bo‘laveraman. Bunday qilishni xohlamayman.

O‘zbekiston Saudiya Arabistoniga yutqazganida deyarli hamma sizni ayblagan. Lekin siz aysbergning cho‘qqisidagi odam edingiz, xolos. Haqiqiy vaziyatni hech kim bilmagan. Sizningcha, butun aybni sizga to‘nkashlari adolatdanmi?

- Bu shunaqa kasb. Buni men o‘ylab topmaganman: g‘alaba qozonilganda, futbolchilar g‘olib bo‘ladi, mag‘lubiyat esa murabbiyniki. Shunchaki, ba’zi narsalarga ob’ektiv yondashish kerak. Men jamoani Falastinga mag‘lub bo‘lganida qabul qildim. Keyinchalik bizdan 6 ochko olib qo‘yishdi. Bu haqda hech kim gapirmaydi. Xuddiki, esidan chiqarib yuborishgandek. Qanday qilib -9 ochko bilan keyingi bosqichga chiqish mumkin? Biz ikkita o‘yinda g‘alaba qozondik. Pul sarflab, Singapurga uchdik. Charterda uchdik.(kuladi) Shuncha xarajat qilib, g‘olib bo‘ldik va bizdan bu ochkolarni olib qo‘yishdi. Nima bo‘layotganini tushunish kerak-ku. Bunaqasi faqat Osiyoda bo‘lsa kerak (kuladi). Hamma ko‘rib turibdi-ku. Qanday qilib to‘plagan ochkolarimizni tortib olishlari mumkin. Biz shuncha harakatni bor yo‘g‘i 3 ochko uchun qildikmi? Agar biz o‘sha vaqtda Singapurga yutqazganimizda, o‘shandayoq taqdirimiz hal bo‘lardi. Saudiya Arabistonidan tashqari qolgan barcha o‘yinlarda yutdik. Nimagadir bu haqda hech kim gapirmaydi. Mendan keyin terma kimlar bilan o‘ynayapti? Kimni yutishadi-yu, kimlarga yutqazishadi, hammasini vaqt ko‘rsatadi. Men o‘zimni oqlayotganim yo‘q. Aytdim-ku, hamma aybni bo‘ynimga oldim.

Toshkentda Saudiya Arabistoni ustidan g‘alaba qozonish uchun bizga nima etishmadi?

- Tajriba. Hozirgi paytdagi yo‘q narsa. Bizga faqat tajriba etishmayapti. Odil Ahmedovdan tashqari o‘yin tajribasiga ega odam yo‘q. Tarkibga qarang! Kim bor? Shomurodov? Eldor Shomurodov endi o‘ynashni boshladi. Hozir u "Roma"da. "Roma" uning foydasiga xizmat qiladimi, yo‘qmi, bu katta savol. "Jenoa"da u o‘zini ko‘rsata oldi.. "Roma"da esa unga bor-yo‘g‘i 15 daqiqa vaqt berilyapti. Qaytaraman, bizda tajribali futbolchilar yo‘q. Sizlar aytadigan bir-ikkita futbolchi etarli emas.

2651573742772

O‘zbek futbolining 3 ta kamchiligi haqida aytib bering. Jahon chempionatiga chiqish uchun qaysi xatolarni to‘g‘rilash kerak?

- Birinchidan, bu nafaqat o‘zbek futboli, balki butun MDH davlatlarining kamchiligi. Futbol – davlatning ko‘zgusi. Futbol bilan professionallar shug‘ullanishi kerak. Yaqinda Odil Ahmedovni futbol federatsiyaga olishdi. U shuncha vaqt ichida bu erda paydo bo‘lgan birinchi futbolchi. Keyin, futbolda har doim murabbiy asosiy odam bo‘lgan. Hozir esa butun MDH mamlakatlarida, hatto xokkeyda ham asosiy odam bosh menejer. Oldin esa bosh murabbiy hal qilgan. Qanday qilib menga qaysi futbolchini o‘yinga tushirishni aytib, keyin mendan natija talab qilish mumkin? Bizda G‘arbdan farqli o‘laroq, futbol - biznes emas. Shuning uchun, Angliya futboli, ingliz biznesi qoidalarini bizda hech ham qo‘llab bo‘lmaydi. Agar siz Angliya futbolini shunchalik yaxshi ko‘rsangiz, ish haqini ham xuddi Angliya futbolidagidek qilib qo‘ying. Siz bunday qilmaysiz-ku. Biz o‘zimizdagi real vaziyatdan kelib chiqishimiz kerak. Yana bir bor aytaman, bosh murabbiy hammasini hal qilishi kerak, qandaydir menejer emas, sizga o‘z futbolchisini tiqishtirib, keyin natija so‘raydigan inson emas. Menejerning futbolga hech qanday aloqasi yo‘q. Hamma muammo shundan.
Haligacha murabbiylardan "futbolni rivojlantirish uchun nima qilish kerak?", deb so‘rashmaydi-ku. Atrofidagi odamlardan so‘rashadi va ularni tinglashadi. Kimdir meni "totalizatorchi", - deydi, yana kimdir esa "o‘z futbolchisini sotish uchun termaga chaqirgan", deydi. Hech kim tarixga nazar solmaydi. Nima uchun men ularni sotish uchun chaqirgan bo‘lsam, haligacha Katanets ularni o‘ynatyapti?! Boshqalarni chaqirsin edi! Gap “o‘ziniki”larni olishda emas. Sen shunchaki o‘zing taklif qilayotgan futbolchilarni bilasan. Milliy terma jamoa murabbiyi bo‘lish - juda murakkab. O‘yinga 3 kun qolganda futbolchilarni tanlab olib, ularga qanday o‘ynashni tushuntirishing kerak. Yangi odam kelsa, 3 kun ichida bularni qanday o‘rgatasan? Shuning uchun, o‘zing yaxshi bilgan va sening talablaringni bilgan odamni olasan, ularga nisbatan kuchliroq futbolchilarni biriktirasan va shu tariqa jamoa shakllanadi. Lobanovskiy, Malafeev, Beskov o‘zi yaxshi bilgan tayanch futbolchilarni olgan. Bu normal holat. Kimlardir meni "o‘z futbolchilarini sotish uchun termaga chaqirgan", deydi. Men hozir terma jamoada emasman, balki hozir o‘zbek futbolchilari uchun katta navbat turgandir.... Bilmayman...

Siz futbol muxlislarining dilini hira qilganligingiz bor gap. Lekin o‘z vaqtida biz ham sizni hafa qilganmiz. Sizda o‘zbek halqiga nisbatan xafagarchilik bormi?

Men o‘zimdagi barchasi uchun o‘zbek xalqidan minnatdorman. Millatning yomoni bo‘lmaydi, yomon insonlar bo‘ladi. Hech qachon, hech qaysi sharoitda o‘zbek xalqi haqida yomon gap aytmayman. Terma jamoani menga ishonganlari uchun rahmat aytaman. Har safar men borimni berib, chin dildan ishlaganman. Mening oilam, o‘yim va qabrim shu erda. Meni arman bo‘la turib, terma jamoaga murabbiylik qilganimni gapirganlar - boshqa masala. Ularning o‘zbek xalqiga aloqasi yo‘q. O‘zbekiston futbolida 3 tadan oshiq kamchilikni sanab o‘tsa bo‘ladi, lekin bu boshqa ko‘rsatuv uchun.

Jaloliddin Qobiljonov suhbatlashdi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Алишер Собиров
28/01/2022 17:56
буни нимага кодирлигин курдик Фаргонада Нефтчи Бухоро билан уйин пайитида Жасур Хасанов ( бухоролик асли) чап канота жуда фол уйнаб ракибларни дивдиратиб ташлади.ушанда 2чи булимда Жасурни замена килди Жасур этирозли караб куйди ва чикиб кети урнига тушган тажрибасиз уйинчи хатоларга шу томондан Нефтчи дарбозасига 2та гол урилди Шу куни Абрамов Фаргоналикларни тотализатор оркали итарди яна бир гап угли бор экан Нефтчи кайд номасина киргазиб яхшигина маблаг олиб юрган...Фаргоналикларни этирази туфайли углини уйнатмай куйди.Буни шериги Тохир Кападзе бунга хам исботмиз бор вакт соати келса езармиз
Абдуррохман Латифжонов
28/01/2022 14:36
Узини оқлашдан уялмаябди, айтган гапларини тан олмаябди, бахонаси 6 очко олиб қуйилди. Эй Абрамов хамма жамоага бир-хил тактикани қуллаб катта хато қилгансиз. Саудия биздан кучли эканлигини мутахассислардан ташқари биз мухлислар хам билар эдик. Кучли жамоага унинг майдонида очиқ уйин уйнаш бу ахмоқликдир, араблардан очко олишнинг ягона йули химоявий (автобус) тактикасини қуллаб Элдорни тезлигидан фойдаланган холда қарши хужумда уйнашимиз керак эди. 2011йили Австралияга қарши қилган тактикани (хатойингизни) яна такрорладингиз!