
Tokio-2020ga yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan Shahobiddin Zoirov yarim finalda kim bilan jang qiladi?
To‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasi bo‘lgan Olimpiya o‘yinlari uchun yo‘llanma beruvchi boks bo‘yicha litsenzion turnir o‘zining qizg‘in pallasiga kirdi.
Iordaniya poytaxti Amman shahrida o‘tkazilayotgan Osiyo va Okeaniya mintaqasi uchun yo‘llanma beruvchi mazkur musobaqada bugun chorak final bahslari davom ettirilmoqda. Ahamiyatli tomoni shundaki, bugun yana bir hamyurtimiz -52 kg vazn toifasida ringga ko‘tarilgan charm qo‘lqop ustasi Shahobiddin Zoirov kvalifikatsion turnirning chorak final bahsida eronlik raqibi Omid Ahmadisafa ustidan g‘alaba qozondi. Bu haqda sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Bokschimiz uch raund davomida to‘liq ustunlikni o‘zida saqlab qolgan holda eronlik bokschini 5:0 hisobida taslim eta oldi.
Amaldagi Olimpiya va jahon chempioni hisoblanmish Zoirov endi ushbu turnirning yarim finalida tailandlik Thitisan Panmot bilan jang qiladi.
Eslatib o‘tamiz, kecha o‘tkazilgan bir qator janglar natijasiga ko‘ra, 3 nafar bokschimiz Olimpiada yo‘llanmalarini naqd qilishgandi. Ular +91 kg vaznda Bahodir Jalolov, -91 kg vaznda Sanjar Tursunov va -69 kg vaznda Bobousmon Baturov Tokio uchun chipta sohibiga aylandi.
Shuningdek, bugun yana to‘rt nafar bokschimiz Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasi uchun jangga kirishadi. E’tiborlisi, ular orasida ikki nafar qizlarimiz ham bor. Umid qilamizki, vakillarimiz o‘zlariga bildirilgan ishonchni to‘liq oqlagan holda g‘alabalarni qo‘lga kiritadi.
Fikrlar