To‘kilgan ko‘z yoshlar! Kimdir nogiron, kimdir yolg‘iz va betob, yana biri qariyalar uyida yoxud "Andijon" klubi ko‘makka muxtoj futbol faxriylarini unutib qo‘ymadi

  • 1 yanvar, 2023, 22:56
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Odam taftini odam oladi, degan gap bor, xalqimizda. Ayniqsa, bayramlar arafasida ulug‘ yoshdagi insonlarni yo‘qlash, ularning suhbatidan bahramand bo‘lishda hikmat ko‘p. Mamlakatimizda yangi yil shukuhi kezib yurgan ayni kunlarda “Andijon” klubi savobli ishga qo‘l urdi.

Tecno

Gap shundaki, yaqinda O‘FA prezidenti Abdusalom Azizov Superliga klublari bilan o‘tkazgan yig‘ilishida futbol faxriylarini unutib qo‘ymaslik va ularning holidan xabar olib turish zarurligini jamoalarga eslatgan. “Andijon” birinchilardan bo‘lib bu masalada tashabbus ko‘rsatdi. Futbol faxriylari ko‘pchilikni tashkil qiladi. Ammo andijonliklar ularni yo‘qlashda boshqacha mezonlar asosida ish ko‘rdi. Aniqroq aytsak, yordamga muxtoj, mehr-muruvvatni sog‘inib qolganlar tanlab olindi.

Rosti, bunday futbol faxriylari ham ko‘p ekan. Ularni yilda ikki marta yoki biror-bir alohida sanalardagina ko‘rmasdan, balki tez-tez holidan xabar olib turish maqsadga muvofiqdir.”Andijon” matbuot xizmati bir necha kun davomida klub tomonidan ajratilgan oziq-ovqat mahsulotlari va moddiy yordam muxtojligi bor futbol faxriylariga etkazilayotgani haqida xabarlar berib turdi.

Jumladan, shahrixonlik futbol fidoyisi Abbos Turg‘uov oldiga yo‘qlab borishdi. Keksayib qolgan Abbos aka hayotini futbolga bag‘ishlagan va ko‘plab shogirdlarni etishtirib chiqargan. Klub tomonidan ajratilgan hadyalarni qabul qilib olar ekan, bunday e’tibordan mamnun ekanini yashirib o‘tirmadi.

faxriy

Shu bilan birga “Andijon” klubi gender tengligiga amal qilgan holda ayollar futboli faxriylarini ham unutib qo‘ymadi. Hammaga yaxshi ma’lumki, yaqin-yaqingacha “Andijanka” jamoasi tillarda doston bo‘lib, uning qo‘lga kiritgan yutuqlaridan kelib chiqib, hamisha maqtovlar aytilardi. Ana shunday yaqin o‘tmishning mashhur jamoasida to‘p surib, muvaffaqiyatlarining bir bo‘lagiga aylangan va bugungi kunda keksalik gashtini surayotgan faxriy ayollar e’tibordan chetda qolmadi. Larisa Dryopina hamda Tatyana Sveshnikova moddiy ta’minot bilan birga boshqa zaruriy mahsulotlar bilan ta’minlandilar. Darvoqe, Dryopinaning nogironligi bor ekan.

E’tiborli tomoni shundaki, “Andijon” klubi tomonidan futbol faxriylarini yo‘qlagani ko‘pchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlandi va ayniqsa, O‘FA ham klubning ushbu amalga oshirgan ishiga ijobiy reaktsiya ko‘rsatdi. Natijada viloyatda futbolning rivoji yo‘lida mehnat qilgan insonlardan biri sifatida aynan Larisa Dryopina O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan o‘zbek futboliga qo‘shgan hissasi uchun ko‘krak nishoni hamda esdalik sovg‘alari, Andijon futbol assotsiatsiyasi tomonidan esa nogironlik aravachasi topshirildi.

Shuningdek, yana bir fidoyi inson Tatyana Sveshnikovaga ham O‘FA tomonidan o‘zbek futboli rivoji qo‘shgan hissasi uchun ko‘krak nishon, esdalik sovg‘alari topshirilib, ayni paytda Tatyana Sveshnikova ishsiz bo‘lganligi sababli uni ish bilan ta’minlashga kelishib olindi.

Bundan tashqari, “Andijon” klubiga 1990-yillarda rahbarlik qilgan va futbolchi sifatida ham to‘p surgan Valeriy Safarov holidan xabar olindi. Uni andijonlik yoshi katta muxlislar yaxshi bilishadi. Rosti, uning hozirgi holati biroz achinarli. Keksayib qolgan Valeriy Akopovich kvartirada bir o‘zi istiqomat qiladi va betobligi ham bor. Undan qo‘ni-qo‘shnilari xabar olib turisharkan. Klub vakillari Safarovga ham ajratilgan hadyalarni topshirdi.

faxriy1

Yana bir futbol faxriysi Rinat Vohidov ham bugungi kunda biroz e’tibordan chetga chiqib qolgandi. U ham bir o‘zi istiqomat qiladi. Klubning bunday g‘amxo‘rligini kutmagan Vohidov muxtojligi bo‘lsa-da, buni sezdirmaslikka urindi. Baribir o‘zining minnatdorchiligini aytgancha, jamoaga omad tiladi.

Shundan keyin qariyalar uniga yo‘l olindi. U erda jamoaning yana bir faxriy futbolchisi bor. Bu – Oleg Valievich Sazonov. 84 yoshda keksalik gashtini surayotgan inson ham “Andijon”ning o‘z vaqtida eng tajribali o‘yinchilaridan biri bo‘lgan. Bunday e’tiborni kutmagan faxriy ko‘z yoshlarini yashira olmadi. Xuddi shunday holat jamoaning eng ashaddiy muxlisi va faxriysi bilan ham yuz berdi. Muxlislar orasida “Slavik aka” nomi bilan tanilgan. Hozirda betobligi bor va yordamga muxtoj. “Andijon” mutasaddilari fan-klub etakchisi Nodirbek To‘ychiev bilan birga uning xonadonida ham bo‘lib, ataganlarini tashlab chiqdilar.  

faxriy3

Bir so‘z bilan aytganda, “Andijon” yaxshi bir an’anani boshlab oldi. Klub vakillari bunday savobli ishlarni tez-tez amalga oshirib turadigan bo‘ldi. Chunki boshqa futbol faxriylari ham bor. Biz istardikki, barcha klublarimiz ham o‘z faxriylariga mana shunday e’tibor va hurmat ko‘rsatsa, naqadar oliyjanob ish bo‘lardi-a?

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Rostgoy
01/01/2023 23:21
Яхши иш лекин бизда тез унутишади.