
Timur Kapadze: "Mag‘lubiyatga loyiq emasdik"
Superliganing 7-turi boshlandi. “Olimpik” klubi “Paxtakor”ga qarshi maydonga tushdi va 1:2 hisobida yutqazib qo‘ydi. Timur Kapadze boshqarayotgan “Olimpik” o‘yinchilari maydonda yomon ko‘rinishmadi. Biroq hisobni arang tenglashtirishganida hech bo‘lmaganda durangni saqlab qola olmadilar. Bellashuvdan keyin Kapadze o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- “Paxtakor” jamoasini g‘alaba bilan tabriklayman. Menimcha, yaxshi o‘yin bo‘ldi. Ikkala jamoa ham yaxshi futbol ko‘rsatishga harakat qilishdi. Baribir bizning jamoa yaxshiroq harakat qildi. Shuning uchun futbolchilarimizga rahmat aytaman. Deyarli birinchi bo‘lim ancha yaxshi kechdi. Bizning nazoratimizda o‘tdi. Ikkinchi bo‘limda “Paxtakor” ham qulay imkoniyatlarga ega bo‘ldi. O‘yin taqdiri oxirida hal bo‘ldi. 1:0 bo‘lib turganida hisobni tenglashtirdik. Ammo yana tezda ikkinchi golni o‘tkazib yuborganimiz alamli bo‘ldi. Xatolar va qaerdadir kamchiliklar ko‘zga tashlandi. Umuman olganda, yigitlarimiz ancha ter to‘kishdi, mehnati ko‘rindi. Keyingi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘ramiz.
- Ikkinchi bo‘limda “Paxtakor” o‘yinga qo‘shdimi yoki jamoangiz charchab qoldimi?
- Qaerdadir charchoq bo‘lishi mumkin. Birinchi bo‘limni yaxshi o‘tkazganimizdan keyin ikkinchi bo‘limda “Paxtakor” ham ozgina qo‘shdi, ayniqsa, boshida. Keyin teskarisi bo‘ldi va biz qarshi hujumda o‘ynashni boshladik. Buni ham o‘ziga yarasha foydali joylari bo‘ldi. Birinchi bo‘limda “Paxtakor” himoyaviy o‘yin ko‘rsatmoqchi emasdi. Biroq biz pressing qildik va o‘yinni yaxshi nazorat qildik. Ular iloji yo‘qligidan himoyaga o‘tishdi. Balki birinchi bo‘limdan keyin yigitlarimiz ikkinchi bo‘limga xotirjamlik bilan chiqishgandir. Umuman aytganda, ikkinchi bo‘lim ham foydali bo‘ldi, deb o‘ylayman. Tanaffusgacha boshqacha futbol bo‘ldi. Ikkinchi bo‘limda ikkala jamoa ham ochildi. Ularda ham, bizda ham imkoniyatlar bo‘ldi. Afsuski, autdan keyin gol o‘tkazib yubordik. Shunga qaramasdan, kuch topib gol urdik. Biroq yana tezda gol o‘tkazdik. Albatta, xatolar bor. Yigitlarni mehnati alamli bo‘ldi. Baribir biz mag‘lubiyatga haqli emasdik.
- Qatardagi musobaqadan qaytgan futbolchilar bilan “Olimpik” klubida qolgan o‘yinchilar o‘rtasida qanchalik balans bor va bu qancha davom etishi mumkin?
- Albatta, uzilish bo‘ldi. Kubok o‘yinida o‘ynashganiga ham ancha bo‘ldi. Orada uzilish bor. Bizda ko‘p futbolchilar terma jamoada edi. Albatta, qaerdadir tonus, bog‘lamlar qanaqadir rolini o‘ynaydi, bu tabiiy holat. Kelganimizdan keyin 2-3 kun dam olishdi va bu o‘yinga 4 kun tayyorgarlik ko‘rdik. Menimcha, jismonan yomon ko‘rinmadik, yaxshi edik. Hamma munosib harakat qildi. Ikkala jamoa ham yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Mayli bu futbol. O‘ylaymanki, biz keyingi bahsda yanada kuchliroq bo‘lamiz. Xatolarimiz bo‘ldi, ikkita gol o‘tkazganimizda bu narsa bilindi.
Fikrlar