
Suzish va regbi federatsiyalarining faoliyati va kelgusi rejalari muhokama qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri A. Abduxakimov ishtirokida O‘zbekiston suzish va regbi federatsiyalarining shu davrgacha bo‘lgan faoliyati yuzasidan hisoboti, shuningdek, 2022 yil Xanchjou shahrida (Xitoy) bo‘lib o‘tadigan XIX yozgi Osiyo o‘yinlari va 2024 yil Parij shahrida (Frantsiya) bo‘lib o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlari uchun tayyorgarlik rejalari va taqdimotlari muhokama qilindi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati xabar tarqatdi.
Yig‘ilishda dastlab, suzish federatsiyasining hisoboti tinglandi. Hisobotga ko‘ra, Tokio-2020 tsikli davomida Suzish federatsiyasiga 25 mlrd. so‘mdan ko‘proq mablag‘lar ajratilgani va bu davrda 66 ta mahalliy va 26 ta xorijiy o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari tashkil etilgani ma’lum qilindi.
Yig‘ilish davomida suzish sport turining 4 ta (suzish, suvga sakrash, sinxron suzish va suv polosi) yo‘nalishi bo‘yicha o‘zbekistonlik sportchilarning Tokio-2020 o‘yinlariga faqatgina suzish yo‘nalishi bo‘yicha 2 ta litsenziya qo‘lga kiritilgani va Olimpiya o‘yinlari davomida birorta medal qo‘lga kiritilmagani tanqid qilindi.
Yakunda, oldindagi 3 yillikda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan rejalar muhokama qilindi. Suzishning har bir yo‘nalishida xorijdan tajribali murabbiy va maslahatchilar taklif etish va bu sport turini respublikamizning chekka hududlarida ham rivojlantirish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Shundan so‘ng, O‘zbekiston regbi federatsiyasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar va federatsiyaning 2024 yilga qadar 3 yillik ish rejasi bo‘yicha taqdimoti muhokamsi bo‘lib o‘tdi.
Bunda asosiy e’tibor Parij yozgi Olimpiya o‘yinlariga munosib tayyorgarlik ko‘rish, shu davrga qadar yo‘l qo‘yilgan kamchiliklardan xulosa chiqargan holda kelgusi faoliyat bo‘yicha aniq rejalar ishlab chiqish taklifi berildi.
Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston terma jamoalari sportchilarini kelgusidagi nufuzli xalqaro musaobaqalar, jumladan 2022 yil Xanchjou shahrida (Xitoy) bo‘lib o‘tadigan XIX yozgi Osiyo o‘yinlari va 2024 yil Parij shahrida (Frantsiya) bo‘lib o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlariga puxta tayyorlash va munosib ishtirok etishlarini ta’minlash yo‘nalishida Turizm va sport vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi, sport federatsiya va assotsiatsiyalar, boshqa mutasaddi vazirlik va tashkilotlar oldidagi muhim vazifalar belgilab olindi.
Shuningdek, mutasaddilar oldiga Parij-2024 o‘yinlari boshlanishiga qadar litsenzion va reytingli xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli qatnashib, litsenziyalar va medallar sonini Tokio-2020 o‘yinlariga nisbatan yanada ko‘paytirish vazifalari qo‘yildi.
Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati xabar tarqatdi
Fikrlar